Tarvuz – koni shifo

0
664
marta ko‘rilgan.

Alloma Ibn Sino tarvuz mevasini jigar, buyrak kasalliklarini davolashda hamda siydik haydovchi vosita sifatida ishlatgan. Tarvuz sharbati chanqoq qoldirishi bilan birga, o‘t va siydik haydash xususiyatiga ega. Shuning uchun yurak, buyrak va jigar kasalliklarida uni iste’mol qilish tavsiya etiladi. Tarvuzning quritilgan po‘choqlaridan tayyorlangan damlama yo‘g‘on ichakning o‘tkir va surunkali yallig‘lanishida yordam beradi. Semiz odamlarni ozdirishda uni ko‘p-ko‘p is’temol qilish esa samarali ta’sir o‘tkazadi. Parishonxotirlikning oldini oladi. Tarvuz urug‘larining ham shifobaxsh xususiyatlari bor. Uning sut bilan yaxshi aralashtirilgan damlamasi bachadonda qon ketishini to‘xtatadi, Mag‘zini saharga yeyilsa gijja haydovchi vosita sifatida yaxshi samara beradi. Tarvuzni kamqonlikda, o‘t va siydik ajratish yo‘llarida tosh bo‘lganida, surunkali qabziyat (ich qotish) da uni 100-250 g dan kuniga 4-5 mahal yeb turish tavsiya etiladi.

Tarvuzning tarkibida glyukoza, fruktoza va saxaroza ko‘rinishidagi 12 foizgacha yengil o‘zlashtiriladigan qandlar mavjud. Shuningdek, unda C, B1, B2, A, foliy kislotasi, pektin moddalari, karotinoidlar, kaliy tuzlari, temir, magniy va kaltsiy moddalari, aminokislotalar ham bor.

Tarvuz muntazam ravishda ovqatdan oldin tanovul qilinsa, badanni tozalash xususiyatiga ega. Tarvuz zamonaviy tibbiyotda ham qo‘llanadi. Xususan, tadqiqotchilar bergan ma’lumotlarga ko‘ra, tarvuz tarkibidagi foliy va askorbin kislotasi boshqa moddalar bilan birgalikda sklerozni davolashga samarali ta’sir ko‘rsatar ekan. Tarvuzning suvi artrit, podagra, ichak kasalliklari, ateroskleroz kabi kasalliklarni davolashga yordam beradi. Uning peshob haydovchi xususiyati yurak va buyrak kasalliklari bilan bog‘liq a’zolardagi shishlarni yo‘q qiladi. Jigar xastaliklarida tarvuz suvi organizmdan ortiqcha suyuqlik va xiltlarni chiqaribgina qolmasdan, jigar to‘qimalarini yengil o‘zlashtiriladigan qandlar bilan ham ta’minlaydi. Shuningdek, u podagra, bug‘im kasalliklarida, Botkin kasalligida, aterosklerozda, kon bosimi oshganda va oshkozon gastritida qo‘llanilsa yaxshi samara beradi.

Yurtimizda tarvuzdan chiroyli va jozibali bo‘lish maqsadida ham foydalaniladi. Yuz gramm tarvuz eti atigi 38 kkal. ga egaligi tufayli uning yordamida ortiqcha vazndan qutulish mumkin.

Tarvuz tarkibining 90 foizi suvdan iborat. Shu bilan birga tarvuz pektin, o‘simlik oqsili, mineral moddalar (temir, kaliy, kalsiy, magniy, fosfor, natriy va h. o), va V guruhidagi vitaminlarga boyligi tufayli u yog‘li va quruq teriga birday ta’sir o‘tkazib, uni taranglashtiradi, go‘yo yoshartiradi. Tarvuz sharbati ajoyib tetiklashtiruvchi vosita bo‘lganligi bilan birga terining salqib qolishiga qarshi undan foydalanish mumkin. Buning uchun tarvuz sharbatiga salfetkani namlab, uni yuzda 15 daqiqa ushlab turish kifoya qiladi. Bunda tarvuz sharbati iliq bo‘lishi lozim.

Tarvuz sharbatidan tayyorlanadigan muz bo‘lakchalari ham mashhur sanaladi. Terini taranglashtirish va tetiklashtirish uchun tarvuzli muz bo‘lakchasini yuzga surib, uning sharbatini 10–15 daqiqaga qoldirish kerak. So‘ngra yuzni sovuq suv bilan yuvib, odatiy kremdan surish lozim.

Tarvuz va o‘rik sharbatini teng miqdorda qo‘shish orqali terini tozalash mumkin. Bu aralashma normal va quruq yuz terisiga to‘g‘ri kelsa, yog‘li yuz terisi uchun tarvuz va bodring sharbati aralashmasini ishlatish tavsiya etiladi.

Sochga mayinlik va jilo bag‘ishlash uchun bor-yo‘g‘i tarvuz etini ezib, ularni sochlarga 20 daqiqaga surib qo‘yish kerak, xolos. Shundan so‘ng ularni odatdagidek shampun bilan yuvishingiz mumkin.

Tarvuz, qovunni asal, tovuq go‘shti yoki suv bilan tanovul qilish mumkin emas. Chunki bu ichburug‘, og‘ir ichketar, qorin og‘rig‘i, ich dam bo‘lishi kabi xastaliklarga mubtalo qiladi. Och qoringa, shuningdek, ovqatdan keyin darhol tarvuz, qovun iste’mol qilish tavsiya etilmaydi. Ovqatlanishlar oralig‘ida iste’mol qilish foydalidir. Eslatma: poliz ekinlarini yetishtirishda unga beriladigan ortiqcha azotli o‘g‘itlar qovun-tarvuzlarning ozuqaviylik va shifobaxsh xususiyatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Savdoga chiqariladigan tarvuzlar sanitariya-epidemiologiya xizmatlari tomonidan kimyoviy tahlildan o‘tkaziladi. Shuning uchun poliz mahsulotlarini xarid qilayotganda sotuvchilardan tegishli sertifikat bor-yo‘qligini so‘rang.

Fazilat Sa’dullayeva,

1-respublika tibbiyot kolleji katta o‘qituvchisi

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.