Yosh onalarga maslahat: bolani cho‘miltirish

1
554
marta ko‘rilgan.

Bolani cho‘miltirish uning harakatchanligiga, sog‘lomligiga  qarab amalga oshiriladi. Yosh onalar oilaviy poliklinika vrachi bilan maslahatlashib olishi kerak. Pediatr birinchi marta  uyga kelib chaqaloqni qabul qilib olgayotganida barcha savollaringizni berib olishingiz kerak.

Chaqaloqni ayrim pediatrlarning ta’kidlashicha, uning kindigi tushib ketmagunicha vannasida cho‘miltirish mumkin emas. Bunday holatda paxtani iliq suvda namlab, burmali joylarini– qo‘ltiq, bo‘yin ostlarini, tirsak va tizza bukilmalarini, but oralarini, kaftlarini siypab yozib qo‘l va oyoq barmoqlarining orasini ehtiyotkorlik bilan artib chiqasiz. Kindigi atrofini avaylab tozalaysiz va kindigiga 2 foyizli ko‘kdori surtib qo‘yasiz.

Kindigi tushgandan keyin bolani 27 darajali suvli vannada chap qo‘l kaftingizda  yotqizib, o‘ng qo‘l bilan siypab yuvasiz. Xona harorati 24-25 daraja issiq bo‘lishi kerak. Faqat cho‘miltirib bo‘lgach kindik va uning atrofini yumshoq sochiqda quruqlating. Bunda sochiqni badanga ishqalamasdan, asta-asta bosib kindik va uning atrofidagi namlikni shimdiring. Kindik ho‘l bo‘lib qolib ketishi mutloq mumkin emas.

Bolaning kiyim – kechaklarini, sochiqini dazmol bosib oldindan tayyorlab qo‘ying.

Qish kunlari bolani  haftada ikki marta cho‘miltirsangiz yetadi. Ammo, qo‘ltiq, quloq orqasi, bo‘yin, oyoq bukiladigan joylar, taglik o‘ralgan joylar har kuni yaxshilab siypab bug‘imlarni ochib, ho‘l paxta bilan tozalab turilishi lozim. Chaqaloqlar terisi juda mayin bo‘lib, tezda yallig‘lanishi mumkin. Ho‘l paxta bilan artgandan keyin namlikni shimdirib olib o‘zingiz distirlagan o‘simlik yog‘i yoki  bolalarning maxsus yog‘ini surib qo‘ying.

Bolaning butun badaniga sovun ishlatish shart emas. Ko‘p ho‘l bo‘ladigan joylariga ishlatilsa bo‘ladi. Boshini haftada bir-ikki marta sovunlansa yetadi. Maxsus bolalar uchun tayyorlangan sovundan foydalaning.

Ayrim bolalarda prisipka kukuniga allergiya bo‘ladi. Uch oylikkacha bo‘lgan bolalarga umuman prisipka kukuni ishlatish mumkin emas.

Bolani ishqalab yuvmaysiz albatta. Shunchaki suvni badaniga tekkizib-tekkizib, bir oz sovunlab, chayib tezda olib chiqasiz. Boshini tanasidan oldin yuvib, sovuq qotmasligi uchun artib bosh kiyim kiygizib qo‘yish lozim.

Bolaning yuzlarini yuvish ham alohida ahamiyatga ega. Chaqaloq yuzi juda mayin bo‘ladi. Uni cho‘miltirganda emas, balki yotgan holida mayin sochiqni yoki paxtani iliq suvga botirgan holda asta-asta artib chiqing. Ko‘zlarini ham shunday sekin bosmasdan ichkaridan tashqariga qarab paxta bilan arting.

 Chaqaloqning quloq-burni tozalash o‘ziga xos ahamiyatga ega, juda ham ehtiyotkorlik kerak. Maxsus paxtali tayoqchalarda faqat quloq orqasini artish mumkin. Quloq ichiga tayoqchalarni tiqish mumkin emas. Burnini tozalash uchun momolarimiz ishlatgan usul eng ma’qul usuldir. Agar burunda nimadir yig‘ilgan bo‘lsa, ko‘krak suti tomizib, asta-asta siypab yumshatiladi, so‘ngra paxtadan pilik yasab, astalik bilan ichiga tiqmasdan salgina burun ichiga tegizib, tortsa o‘zi tozalanib chiqib keladi.  
Eng asosiysi onaning shirin so‘zi, yoqimli erkalashi, ezgu tilaklaridir.

R. SAPAYEVA tayyorladi.

Yoyish

1 mulohaza

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.