Axboriy jamiyatda bizni nimalar kutyapti?

0
669
marta ko‘rilgan.

XX asrning oxirgi choragida insoniyat o‘z taraqqiyotining yangi pog‘onasiga ko‘tarildi. Inson ongi, dunyoqarashi, ma’naviyati, madaniyati, turmush tarzi yuksaldi. Olimlar endi bu o‘zgarishlarning qudrati va ko‘lamini ifodalab bera oladigan munosib so‘z qidirishga tushdilar. Ba’zilar “kosmos asri”, ba’zilar “elektron davr”, ba’zilar “global qishloq” deb tilga ola boshlashdi. J. F. Liotara bu davrni “postzamonaviy jamiyat”, D. Gabor – «yetuk jamiyat”, T. Kompanella va T. Mor – “ideal jamiyat” deb nomlayapti. Zbignev Bjezinskiy esa “biz “texnotron davr” arafasida turibmiz”, deya izohlasa, Daniel Bell “postindustrial jamiyat”ning kirib kelayotganini yozadi. Sho‘ro futurologlari esa ilmiy-texnik inqilob to‘g‘risida gapirmoqdalar. Elvin Toffler superindustrial jamiyatga qadam qo‘yayotganimizni qalamga oladi.

Biz esa hozircha bu yangi jamiyatni “axboriy jamiyat” deb atayapmiz. Zero, mamlakatimizning birinchi prezidenti Islom Karimov BMT Bosh Assambleyasining 48-sessiyasi (1993 yil 28 sentyabr, Nyu-York)dagi ma’ruzasida (Asarlar, 2-jild) aytgan edi: “Haqiqatdan ham, insoniyatning ertangi kuni qanday bo‘lar ekan? U yangi davrga qay xolatda kirib boradi? U o‘tmishning og‘ir merosini bartaraf eta oladimi? O‘zaro hadiksirash, ishonchsizlik, hukm o‘tkazish hollari yo‘q bo‘lib ketganda u davlatlararo munosabatlarda ro‘y-rostlik va samimiylikning shunday darajasiga erishadimi? Millatlar hamjamiyatining kelajagi mana shu savollarga beriladigan javoblarga bog‘liq”. Mamlakatimizning birinchi prezidenti bildirgan bu fikrlar bugun biz qalamga olayotgan mavzu mohiyatini ham ochib beradi. Zero, keyingi davrlarda hayot va inson turmushi tarzida keskin o‘zgarishlar yuz berdi. Sivilizatsiyaning birlamchi asosi bo‘lib kelgan qishloq xo‘jaligi ko‘pgina mamlakatlarda o‘z hukmron mavqeini yo‘qotdi. Bugun dunyodagi o‘ndan ortiqrok mamlakatda mehnatga layoqatli aholining atigi 15 foizi mazkur tarmoqlarda band. Dunyo taraqqiyoti tarixida insoniyat birinchi marta, ta’bir joiz bo‘lsa o‘z yelkasidan qishloq xo‘jaligi bo‘yinturug‘ini uloqtirib tashladi, qo‘l mehnatining mashaqqatidan halos bo‘ldi. Jahonda xizmat ko‘rsatish iqtisodiyoti paydo bo‘ldi. Rivojlangan mamlakatlar (Shvetsiya, Buyuk Britaniya, Belgiya, Kanada, Niderlandiya va hakozo) bu yo‘lga tezkor qadam qo‘yishdi. Aniqroq aytganda, qishloq xo‘jaligi insoniyat tarixida o‘n ming yil hukmronlik qildi, ikki-uch asrcha industrial hukmronlikni boshdan kechirdi. Endi esa yangi sivilizatsiya – axboriy jamiyat ostonasida turibdi.

Amerikalik olim Elvin Toffler o‘zining “Uchinchi to‘lqin” asarida insoniyat tarixda ikki tamaddun bilan yuzlashganini, ya’ni o‘zgarishlarning ikki ulkan to‘lqinini boshidan kechirganligini aytadi. O‘zgarishlarning birinchi to‘lqini – qishloq xo‘jaligi inqilobi bo‘ldi. U ming yil umr ko‘rdi. Ikkinchi to‘lqin – sanoat sivilizatsiyasi bo‘lib, atigi uch yuz yil hukmronlik qildi. Elvin Tofflerning bashorat qilishicha, kelajakda texnikaviy taraqqiyot yanada kuchayadi va oqibatda superindustrial jamiyat shakllanadi. Insoniyat boshidan yana bir o‘zgarishlar to‘foni, uchinchi to‘lqin – (yangi sivilizatsiya) superindustrial jamiyatni kechirishini ham aytadi u.

Bugunga kelib, tarix yanada ildam tezlanishlar shohidi bo‘lmokda. Toffler “Uchinchi to‘lqin” asarida birinchi to‘lqin davrini miloddan avval taxminan 8 ming yil muqaddam boshlangan va u yer yuzida taxminan milodiy 1650–1750 yillargacha yakka hukmronlik qilgan hodisa sifatida ko‘rib chiqadi. XVII-XVIII asrlarga kelib esa uning harakatchanligi susayganligini va ikkinchi to‘lqin borgan sari qudrat kasb eta boshlaganligini aytadi. “Aynan shu ikkinchi to‘lqin hosilasi bo‘lmish industrial sivilizatsiya sayyoramizda ustuvor mavqeni egallay bordi va oxirida u o‘z rivojining eng yuqori cho‘qqisiga ko‘tarildi” – deydi olim va burilishning tarixan bu so‘nggi nuqtasi Qo‘shma Shtatlarda taxminan 1955 yildan boshlangan davrga to‘g‘ri kelishini yozadi. Toffler uchinchi to‘lqinni avval Qo‘shma Shtatlarda yuz berganini, o‘sha o‘n yillikda birinchi marta “ok yoqaliklar” soni (ya’ni xizmat ko‘rsatish sohasi xodimlari) “ko‘k yoqaliklar” (qora mehnat bilan shug‘ullanuvchilar) sonidan ortib ketganligini ham aytadi. Keyinchalik bu to‘lqin har xil muddatlarda boshqa mamlakatlarga (jumladan, Buyuk Britaniya, Fransiya, Shvetsiya, Germaniya va Yaponiyaga) ham yetib bordi.

Hozirgi kunda yuksak texnologiyalarga ega bo‘lgan hamma mamlakatlar uchinchi to‘lqin bilan ikkinchi to‘lqin o‘rtasidagi ixtiloflarga duch kelishyati. Ya’ni, bugungi kunda juda kam davlatlar axboriy jamiyat tuzumiga o‘tdi. Kurrai zaminning boshka bir qismlarida esa sanoatlashtirish hamon davom etmoqda. Avvallari qishloq xo‘jaligi bilan ustuvor ravishda shug‘ullanib kelgan bir qancha mamlakatlar endilikda jon-jahdlari bilan po‘lat quyish zavodlari, avtomobil, to‘kimachilik va oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlaydigan korxonalar, shuningdek temir yo‘llar qurmoqda. Tofflar ikkinchi to‘lqin deb atagan mazkur sivilizatsiya hali o‘z kuchini uzil-kesil yo‘qotib bo‘lgani yo‘q. Biroq, axboriy jamiyat kirib kela boshladi. Ayniqsa, internetning tobora ommaviylashishi uning kirib kelishini tezlashtirmoqda. Qay bir davlat bu jamiyat tuzumiga qanchalik chuqur kirib borgan bo‘lsa, demak, uning shunchalik rivojlanganlik belgisini bildiradi. Lekin, shu o‘rinda yana bir masala olimlarni o‘ylantirib turibdi. Turli mamlakatlar axboriy jamiyatga turli davrda o‘tadi, ya’ni, biri – oldinroq, biri – keyinroq. Afsus, bunday tafovvut salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Chunki, axboriy jamiyatga oldinroq o‘tgan davlat o‘zidan qoloqroq davlat ustidan hukmronlik qilish harakatiga tusha boshlaydi. Bu esa o‘z-o‘zidan ularda mafkura va madaniyatlarning integratsiyalashuviga, ba’zi milliy mafkura va madaniyatning yo‘qolishiga ham sabab bo‘ladi.

So‘nggi yillarda siyosatshunoslar tomonidan xalqaro miqyosdagi mavjud mojarolar va ziddiyatlar mohiyatini aniqlash borasida muayyan ilmiy kuzatishlar olib borilmoqda. Ularda katta qiziqish uyg‘otgan Amerika siyosatshunosi Samuel Xantingtonning “Madaniyatlar to‘qnashuvi” nomli asari bo‘ldi. Asarda ziddiyatlar endilikda davlatlararo emas, madaniyatlar o‘rtasida kechishi haqida fikr yuritiladi. Olim kelajakda dunyodagi vaziyat yettita yoki sakkizta madaniyatlarga bog‘liq bo‘lib qoladi, deya bashorat qiladi va g‘arbiy madaniyat, konfutsion, yapon, islom, hindi, slavyan, Lotin Amerikasi hamda ehtimol tarzda Afrika madaniyatlarini sanab o‘tadi. Muallif o‘z qarashlarida konflikt(ziddiyat)lar rivojini, ularning o‘zaro qarama-qarshilik xususiyatlari mohiyatini metodologik (uslubiy) jihatdan asoslashga ham urinadi. Albatta, olimning ba’zi tahliliy fikrlari bilan qo‘shilib bo‘lmaydi. U islomni g‘arb uchun katta tahdid soluvchi yirik madaniyat sifatida qaraydi va bu tahdidlarni madaniyatlarga qarshi turish yo‘li bilan bartaraf etishni taklif etadi. 

Shuning uchun, bizningcha, S. Xantingtonning bu fikrlari unchalik ham to‘g‘ri emas. Chunki, ziddiyatlar negiziga chuqurrok qaraydigan bo‘lsak, mavjud muammolar madaniyat xilma-xilligiga emas, balki, inson zotining xalqaro miqyosda gegemon(hukmron)lik qilish kayfiyati bilan bog‘liq. Muammolar esa ayrim millatlarda boshqa millatlar ustidan ustuvor bo‘lish, zo‘ravonlik qilish tuyg‘usi bilan shakllanadi. Bunday kayfiyatdagi millatda, shubhasiz militar ruh kuchayadi. Militar mafkura so‘ngra siyosatga aylanadi. Germaniya, Yaponiya, Rossiya xalqi tarixidan ma’lumki, militar siyosat nafaqat boshka xalqlar uchun, balki shu g‘oyani mafkuraga aylantirgan xalqning o‘zi uchun ham halokatlidir.

Bugungi kunda axborot davri mafkurasi haqida turlicha qarash va nazariyalar bor. Ba’zi olimlar axboriy jamiyatda dunyo bo‘yicha yaxlit universal mafkura bo‘ladi desa, boshqalari dunyo bo‘yicha bir nechta dinlarga bog‘liq mafkuralar vujudga keladi, deb bashorat qilmoqdalar. Yana ba’zilari – dunyoda ko‘pgina milliy mafkuralar bo‘ladi deyishsa, ba’zilari umuman mafkura bo‘lmaydi, deb ham taxmin qilishmoqda. Dunyo bo‘yicha yagona mafkura bo‘lishi – zamonaviy axborot texnologiyalari hukmronligi va turli xalqlarning turmush tarzi bir xilda bo‘lishi bilan izohlanadi.

Elvin Toffler yangi jamiyatga xos bo‘lgan oltita xususiyat (prinsip)ni ko‘rsatib o‘tadi. Ularning barchasi bir-biri bilan bog‘liq bo‘lib, hayotning barcha jabhalarida aks etadi: standartlashtirish; ixtisoslashish; sinxronlashtirish; konsentratsiya; kattalashtirish; markazlashish.

Lekin bu jarayonlarni Toffler salbiy baholaydi. Uning fikricha, uchinchi to‘lqin odamlari ana shu prinsiplarga qarshi kurashadi. Chunki, bu prinsiplar bir-birini kuchaytirgan holda muqarrar tarzda byurokratiyaning o‘sishiga olib boradi va ular eng yirik, eng bag‘ritosh, eng qudratli byurokratik tashkilotlarni vujudga keltiradi.

Toffler bashorat qilgan jarayon kurtaklarini bugungi kunda xam ko‘rish mumkin. Masalan, hozirgi sivilizatsiya – sanoat davri mahsuli. Sanoat esa bu texnika degani. Axboriy jamiyat ham aynan sanoat tufayli vujudga kelgan. Sanoat bora-bora axboriy jamiyatni takozo etdi. Demak, ko‘rinib turibdiki, ular bir-biri bilan chambarchas bog‘liq.

Biz hamma joyda ishlab chiqarishning asosiy prinsiplari mavjudligini ko‘rib turibmiz. Industrial jamoalar mutlaqo bir xil millionlab mahsulotlar ishlab chiqaryapti. Bu jarayonni hatto ommaviy axborot vositalarida ham ilg‘ayapmiz. Ya’ni, fabrika millionlab kishilar uchun katta miqdorda bir xil buyum yasab tashlaganiday, ommaviy axborot vositalari ham millionlab odamlarning miyasi uchun bir qolipdagi axborotlarni keragicha chiqarib yotibdi. Bu kelajakda hatto axborotlar ham standartlashib boraveradi degani. Boshqacha aytganda, ommaviy tarzda tayyorlangan, standart axborotlar standart mahsulotlar egizaklariday gap.

Shunday qilib, pirovardida axboriy jamiyat – infosfera maydonga keladi. Bu – aloqa kanallaridir. Ular yordamida individual va ommaviy ma’lumotlar xuddi xom ashyo va tovarlar kabi samarali taqsimlanadi. Natijada infosfera texnosfera va ijtimoiy sohalar bilan uyg‘unlashib ketadi. Aslini olganda bu jarayon bugungi kunda allaqachon boshlanib bo‘lgan ham. Standartlashtirish prinsipi kundalik hayotning barcha sohalariga, xususan ommaviy axborot vositalariga o‘z muhrini bosib ulgurgan, deyish mumkin. Millionlab odamlar aynan bir xil reklamani ko‘radigan, o‘qiydigan, aynan bir xil yangiliklar va hikoyalarni eshitadigan bo‘lib qoldilar. Bular kelajakda biz axborot jamiyati deb atayotgan jamiyatning ijtimoiy ongi, mafkurasi, munosabatlari va madaniyatiga ta’sir qilmay qolmaydi.

Zotan, umumiy mafkura, umumiy madaniyat oxir-oqibatda milliy qadriyatlar va milliy ma’naviyatlar yemirilishiga sabab bo‘lishi muqarrar. Harqanday “inqilob” odamlar hayotiga qandaydir yangiliklar olib kirishi, odamlarni notanish va ko‘nikmasiz vaziyatlarga ro‘paro‘ qilishi mumkin bo‘lganidek, tug‘ilib kelayotgan yangi sivilizatsiya ham o‘zi bilan birga yangicha dunyoqarash, yangicha munosabatlar, yangicha turmush tarzi, yangicha iqtisodiyot hamda yangi siyosiy ixtiloflar olib keladi. Tushunchalar, qarashlar, mafkuralar, g‘oyalar, qadriyatlar, madaniyatlar o‘zgaradi. Lekin, bizning nazarimizda, har bir millat o‘z mentaliteti, o‘z tarixi, o‘z tabiiy jo‘g‘rofiy sharoiti va manfaatlariga mos bo‘lgan o‘z davlatchiligi, o‘z turmush tarzi, o‘z mafkurasi hamda madaniyatini uchinchi bosqich – axboriy jamiyatda ham asrab, rivojlantirib borishga intilib yashashi kerak.

 

Oydin Sa’dullayeva,

O‘zDJTU o‘qituvchisi

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.