Farzandlikka olish nima?

0
363
marta ko‘rilgan.

Farzandlikka olish juda qadimiy huquqiy institut bo‘lib, hozirgi zamon huquq tizimida o‘z ifodasini topgan, ota-ona vasiyligidan mahrum bo‘lgan bolalarni oilaga joylashtirishdan iborat.

Farzandlikka olish O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksi va “Voyaga yetmagan bolalarni farzandlikka va bolalarni oilaga tarbiyaga olish (patronat) to‘g‘risida”gi Nizom bilan tartibga solinadi.

Farzandlikka olish munosabatlarini tartibga soluvchi huquqiy normalar ota-onasi bo‘lmagan yoki har xil sabablarga ko‘ra ular tarbiyasidan mahrum bo‘lib qolgan bolalarga oilaviy tarbiyani ta’minlab, bolalar huquq va manfaatlarini qo‘riqlashga qaratilgandir.

Farzandlikka olish huquqiy dalolatnoma bo‘lib, bunga asosan farzandlikka oluvchilar bilan farzandlikka olinuvchilar o‘rtasida ota-onalar bilan bolalar o‘rtasidagi kabi huquqiy munosabatlarni vujudga keltiradi.

Farzandlikka olish tufayli bolalar yangi ota-onalarga va boshqa qarindosh-urug‘larga ega bo‘lib o‘zlarining ota-onalari va qarindosh-urug‘lari bilan huquqiy munosabatni tugallaydi.

O‘zining belgilangan maqsadi bo‘yicha farzandlikka olish instituti juda insonparvar institutdir. U o‘z ota-onalaridan maxrum bo‘lgan yoki ayrim sabablarga ko‘ra ota-ona tarbiyasini olaolmaydigan bolalarga normal oilaviy tarbiyani ta’minlashga qaratilgandir. Farzandlikka olish tufayli ota-onasini yo‘qotgan bola boshqa oilaga joylashtirilib, unga oilaviy tarbiya beriladi. Farzandlikka olinuvchilar farzandlikka oluvchilar tufayli hamma masalalarda ota-onasini o‘rnini bosadigan shaxslarga ega bo‘ladilar.

Farzandlikka olish tufayli bolalari bo‘lmagan shaxslar otalik va onalikdan iborat bo‘lgan tabiiy extiyojlarini qondiradilar.

Farzandlikka olish – bu o‘zganing farzandini o‘z farzandiga tenglashtirib olishdir. Farzandlikka oluvchilar bilan farzandlikka olinganlar o‘rtasida tuqqan ota-ona bilan bolalar o‘rtasidagi kabi huquqiy munosabatlar vujudga keladi.

Farzandlikka olish farzandlikka oluvchi (uning qarindoshlari) hamda farzandlikka olinganlar (ularning bo‘lg‘usi avlodlari) o‘rtasida qonunda ota-ona va bolalarga nisbatan belgilangan qonun hujjatlarida maxsus ko‘rsatilgan yoki ko‘rsatilmaganligidan qat’iy nazar, barcha shaxsiy va mulkiy huquq hamda majburiyatlarni vujudga keltiradi.

Oysha Oxunova,

huquqshunos

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.