Huquqiy axborot kuni

0
287
marta ko‘rilgan.

“Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni bilan Adliya vazirligi huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi etib belgilangan.
Shunga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri tomonidan huquqiy axborotni tarqatish va jamiyatda huquqiy targ‘ibotni tashkil etish bo‘yicha 2017-2018 yillarga mo‘ljallangan yo‘l xaritasi tasdiqlangan. Mazkur yo‘l xaritasida har oyda bir marta “Huquqiy axborot kuni” loyixasini tashkil etish nazarda tutilgan.

Ushbu loyiha doirasida aholini qiynayotgan muammoli masalalar(migratsiya, moddiy yordam, yer, uy-joy olish, kommunal masalalar, imtiyozlar, ishga joylashish, ta’lim olish va h.k.) aniqlanib, ularning huquqiy yechimi aniq belgilangan kunda markaziy va mahalliy nashrlar, shu jumladan, elektron ommaviy axborot vositalarida chop etilishi ko‘zda tutilgan.

Shu munosabat bilan Adliya vazirligi tomonidan tayyorlangan migratsiyaga oid savol – javoblarni e’tiboringizga havola etamiz. Mazkur rukn huquqiy bilimlaringizni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shadi, deb ishonamiz.

 

Migratsiya qonunchiligi bo‘yicha aholini qiziqtirgan masalalar bo‘yicha savol-javoblar:

 

1.O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining chet elga borishlarini rasmiylashtirish tartibi?
J:Chet elga bormoqchi bo‘lgan fuqarolar, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq ularga kirish uchun kirish vizalarini rasmiylashtirish talab etilmaydigan xorijiy davlatlar bundan mustasno:

pasport;

belgilangan namunadagi anketa-ariza;

davlat boji to‘langanligi to‘g‘risidagi kvitansiya;

35 x 45 mm o‘lchamli 4 ta fotosurat;

harbiy guvohnomani (harbiy guvohnoma mavjud bo‘lmagan taqdirda chaqiruv yoshidagi shaxslar uchun mudofaa ishlari bo‘yicha bo‘limning belgilangan namunadagi ma’lumotnomasini) taqdim etgan holda doimiy ro‘yxatda turgan joydagi kirish-chiqish va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalariga (harbiy xizmatchilar uchun harbiy qism (muassasa) joylashgan joy bo‘yicha) murojaat qiladilar.

2.Chet elga chiqish uchun ruxsatnoma yozuvi stikeri haqida ma’lumot bersangiz (uning amal qilish muddati, olish tartibi va h.k.) ?
J:Chet elga vaqtincha chiqayotganda fuqarolarga chet elga borish uchun 2 yil mobaynida amal qiladigan ruxsatnoma yozuvi stikeri (keyingi o‘rinlarda stiker deb yuritiladi) rasmiylashtiriladi. Fuqarolar ko‘rsatilgan muddat mobaynida bir necha marta chet elga chiqishi mumkin. Stikerning amal qilish muddati pasportning amal qilish muddatidan oshmasligi kerak.

Doimiy yashash uchun chet elga chiqishda fuqarolarga amal qilish muddatisiz stiker rasmiylashtiriladi.

Chet elga chiqish uchun ruxsatnoma yozuvi stikeri fuqarolarning doimiy ro‘yxatda turgan joylari (harbiy xizmatchilar uchun — harbiy qism (muassasa) joylashgan joy) bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari, Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasining Kirish-chiqish va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi, shuningdek Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasining tuman bo‘linmalari (keyingi o‘rinlarda KChFR bo‘linmalari deb yuritiladi) tomonidan, shuningdek ushbu Tartibda nazarda tutilgan hollarda chet eldagi O‘zbekiston Respublikasi konsullik muassasalari tomonidan kirish-chiqish va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalari bilan kelishgan holda rasmiylashtiriladi.

Ma’lumot tariqasida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 16 avgustdagi PF-5156-son “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijga chiqish tartibini takomillashtirishga doir muhim chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, 2019 yilning 1 yanvaridan xorijga chiqish uchun ruxsat yozuvi stikerini rasmiylashtirish tartibi bekor qilinib, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish uchun biometrik pasporti joriy etiladi.

3.Doimiy yashash uchun chet elga chiqishda fuqarolardan qanday hujjatlar talab etilishi to‘g‘risida ma’lumot bersangiz?
J: Doimiy yashash uchun chet elga chiqishda fuqarolar O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashaydigan o‘z ota-onasining va turmush o‘rtog‘ining (birgalikda chiqish holatlari bundan mustasno), shuningdek agar birgalikdagi nikohdan bolalar bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashaydigan sobiq turmush o‘rtog‘ining notarial tasdiqlangan roziligini, ular vafot etgan yoki bedarak yo‘qolgan hollarda esa — vafot etganlik to‘g‘risidagi guvohnomaning yoki sudning shaxsni bedarak yo‘qolgan deb e’tirof etish haqidagi qarorining notarial tasdiqlangan nusxasini kirish-chiqish va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalariga taqdim etadilar.

4.O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari xususiy mehnat kontraktlari bo‘yicha mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun chet ellarga chiqish imkoniyatlari mavjudmi, mavjud bo‘lsa uning tartibi qanday?
J:O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari xususiy mehnat kontraktlari bo‘yicha mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun chet ellarga faqat O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi tomonidan beriladigan ruxsatnomalar bo‘yicha chiqish huquqiga egadirlar.

Fuqarolarning xususiy kontraktlar bo‘yicha chet ellarda mehnat faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq chiqish hujjatlarini rasmiylashtirish Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi tomonidan belgilangan shaklga muvofiq beriladigan ruxsatnomalar asosida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.

Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi tomonidan ruxsatnoma berilgandan keyin fuqarolar chiqishni rasmiylashtirish uchun yashash joyidagi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining kelish, ketish va fuqarolik boshqarmasi bo‘linmasiga ariza beradilar.

O‘zbekiston Respublikasining xususiy mehnat kontraktiga ega bo‘lgan fuqarolari chet ellarda ijtimoiy muhofazalanishini ta’minlash maqsadida Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligiga quyidagi hujjatlarni ikki nusxada taqdim etadilar:

ariza;

xorijiy firmadan (ish beruvchidan) olingan davlat tiliga tarjima qilingan, barcha ijtimoiy kafolatlar va tibbiy sug‘urta ko‘rsatilgan, shuningdek mehnat vizasi (EMPLOYMENT VIZA) bilan ta’minlash borasida ish beruvchining majburiyati nazarda tutilgan holda notarial tasdiqlangan va O‘zbekiston Respublikasining chet eldagi konsullik muassasasi tomonidan legalizatsiya qilingan kontrakt nusxasi. Agar hujjatga apostil qo‘yilgan bo‘lsa, legallashtirish talab etilmaydi;

ish beruvchi to‘g‘risidagi qisqa ma’lumotlar;

ma’lumotnoma-xolisnoma;

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan tegishli shakldagi sog‘ligining holati to‘g‘risida ma’lumotnoma.

5.Savolim quyidagicha, Chet elda doimiy yashash uchun chiqish hujjatlarini rasmiylashtirish muddatlari haqida ma’lumot bersangiz?
J:Chet elda doimiy yashash uchun chiqish hujjatlarini rasmiylashtirishda fuqarolarning doimiy ro‘yxatda turgan joylaridagi kirish-chiqish va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalari arizachilarning murojaatini 15 ish kuni mobaynida ko‘rib chiqadi va fuqaroning chet elga chiqishiga to‘sqinlik qiluvchi holatlar bo‘lmagan taqdirda, uning pasportiga doimiy yashash uchun stikerni yopishtiradi. Qo‘shimcha tekshirishlar o‘tkazish zarur bo‘lganda hujjatlarni ko‘rib chiqish muddati 30 kungacha uzaytirilishi mumkin.

6.Chet elga chiqayotganda stiker rasmiylashtirmasdan chiqishning huquqiy oqibatlari majudmi?
J:O‘zbekiston Respublikasidan yoxud O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq ularga kirish uchun kirish vizalarini rasmiylashtirish talab etilmaydigan xorijiy davlatlardan boshqa xorijiy davlatlarga stiker rasmiylashtirmasdan chiqish qonun hujjatlarida belgilangan javobgarlikka olib keladi, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq ularga kirish uchun kirish vizalarini rasmiylashtirish talab etilmaydigan xorijiy davlatlar o‘rtasida safar qilish bundan mustasno.

Stikerning amal qilish muddati chet elda tamom bo‘lishi O‘zbekiston Respublikasiga kirishda, shuningdek bir xorijiy davlatdan boshqasiga safar qilishda javobgarlikka tortish uchun asos bo‘lmaydi, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq kirish vizalarini rasmiylashtirish talab etilmaydigan xorijiy davlatlardan boshqa xorijiy davlatlarga safar qilish bundan mustasno.

7.Chet elda doimiy yashaydigan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining pasportining amal qilish muddati tugagan hollarda, pasportni rasmiylashtirish tartibi qanday bo‘ladi?
J:Pasportning amal qilish muddati chet elda tugagan, u yaroqsizlangan yoki yo‘qolgan hollarda, shuningdek qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hollarda (familiyasi, ismi va otasining ismi, tug‘ilgan sanasi o‘zgargan, yozuvlarda noaniqliklar va xatolar aniqlangan, varaqlar ishlatib bo‘lingan va boshqa hollarda) chet elda doimiy yashaydigan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi yangi pasportni rasmiylashtirish uchun o‘zi turgan mamlakatdagi O‘zbekiston Respublikasining konsullik muassasasiga murojaat qiladi.

Agar fuqaro turgan mamlakatda O‘zbekiston Respublikasining konsullik muassasasi bo‘lmasa, fuqaro o‘zi turgan mamlakat konsullik okrugiga kiradigan O‘zbekiston Respublikasining konsullik muassasasiga murojaat qiladi.

8.Fuqaro og‘ir kasalligi sababli, davolanish uchun chet elga chiqishi zarur bo‘lgan holatlarda stikerni rasmiylashtirish muddati haqida ma’lumot bersangiz?
J:O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga chiqishni talab qiladigan shoshilinch davolanish zaruriyatini, og‘ir kasallik holatlarini yoki yaqin qarindoshi vafot etganligini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo‘lganda fuqaroga va unga hamrohlik qiluvchi shaxslarga stikerni rasmiylashtirish muddati, chet elga chiqish huquqini cheklash uchun asos bo‘lmagan taqdirda, 5 ish kunidan oshmasligi kerak.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.