Kasb odobi

0
678
marta ko‘rilgan.

Jurnalist faoliyati boshidan oxirigacha kishilar o‘rtasidagi o‘zaro ijtimoiy munosabatlardan iborat. Kishilar munosabati odob-axloq, hurmat, me’yorga asoslanmasa, turli xil tushunmovchililar kelib chiqishi tabiiy. Shu nuqtai nazardan har bir fuqaro, shu jumladan jurnalist ham o‘z ish faoliyati davomida kasb odobiga rioya etishi juda muhim.

Jurnalist ish jarayonida axborot izlash, olish, va tarqatish bilan shug‘ullanar ekan, avvalo qonun doirasida ish ko‘rsalar, ayniqsa uzatayotgan materiallariga mas’uliyat bilan yondashib, aniq raqam va dalillarga asoslangan axborotlar bersalar, nafaqat qonunlarga, balki kasb odobiga ham rioya etgan bo‘ladilar. Aslida tekshirilmagan axborotni ehtiyotkorsizlik qilib, shoshma-shosharlik bilan uzatish, noto‘g‘ri, yolg‘on ma’lumotlar tarqatish nafaqat kasbiy odobsizlik hisoblanadi, balki noprofessionallik belgisi hamdir. Shuning uchun bugun – axborot globallashuvi jarayoni kechayotgan bir davrda jurnalistlarimiz to‘g‘ri, ishonchli va xolis axborot manbalarini izlab topishlari va shunday axborotlarni xalqqa yetkizishlari ayniqsa muhim ahamiyatga ega. Chunki, hozirgi kunda axborot izlashda jurnalistlar uchun har qachongidan ham katta imkoniyatlar paydo bo‘lgan. Ya’ni internetning paydo bo‘lishi istalgan axborotni istalgan vaqtda, istalgan hajmda, istalgan yerdan turib olish va uzatish imkonini berdi.

Lekin jurnalistlarimiz internetdan to‘g‘ri va xolis axborotlarni tanlashda va uzatishda ba’zan adashishlarga yo‘l qo‘yyaptilar. Internetdan jahon yangiliklarini olayotganda ishonchli axborot manbaini topa olmayaptilar. Aslida tekshirilmagan axborotni uzatish, bilib-bilmay ommani adashtirish ham kasb ahloqsizligi belgisidir. Axir jurnalistning yozgan yoki aytgan ikki satr gapini millionlab kishi o‘qishi, eshitishi va ko‘rishi mumkin. Jurnalist jamiyat “ob-havo”siga ta’sir etuvchi shaxsdir. Shuning uchun u o‘zi tarqatgan axboroti uchun javobgardir. Jurnalist mas’uliyati kasb odobi doirasidagi xususiyatdir. Ayniqsa, axborot xuruji “urf” bo‘layotgan bir zamonda ular o‘zlarining professional odoblarini unutmasliklari zarur. Shundagina xalq ularga ishonadi, ularning yozganlaridan qoniqish hosil qiladi.

Kasb odobiga rioya etishi nafaqat jamiyat uchun foydali, balki jurnalistni o‘zining himoyasi uchun ham zarur. Kasb etikasiga amal qilgan jurnalistga hech kim da’vo qila olmaydi. U qonun doirasida ish ko‘rsa, qonunning o‘zi uni himoya qiladi.

Jurnalistlar axborot izlash va tarqatish davomida agar biror shaxs huquqlari va qonuniy manfaatlariga, jamiyat va davlat manfaatlariga putur yetishi mumkin bo‘lsa, bunday axborotni ommaviy axborot vositasi orqali bermasligi zarur (Konstitutsiyamizning 29-moddasi). Xorijda, ayniqsa G‘arbda yulduzlarning, mashhur arboblarning ichki hayotiga aralashish “an’ana”si mavjud. Muxbirlar, suratkashlar biror kishining o‘z ruxsatisiz yashirincha suratga olib, ovoz va tasvirlarini audio yoki videotasmalarga yozib oladilar. Chet elda bunday, ta’bir joiz bo‘lsa,“qing‘ir” yo‘l bilan ma’lumot olishni “paparatssi” deb ataydilar. Paparatssi jurnalist kasbi odobiga umuman zid bo‘lgan faoliyatdir. Bizda bunday odobsizlik yuz bermasligi uchun Konstitutsiyamizning 27-moddasida har kim o‘z sha’ni va obro‘siga qilingan tajovuzlardan, shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanishi va turar joyi daxlsizligi huquqiga ega ekanligi, hech kim qonun nazarda tutgan hollardan va tartibdan tashqari birovning turar joyiga kirishi, tintuv o‘tkazishi yoki uni ko‘zdan kechirishi, yozishmalar va telefonda so‘zlashuvlar sirini oshkor qilishi mumkin emasligi belgilangan. Bu qonun bevosita bizning sohaga ham daxldor. Bu qonun bizning kasb odobimizni ham belgilab beradi.

Xullas, jurnalist o‘z ishini mas’uliyat bilan bajarishi, sohasiga ehtiyotkorlik bilan yondashishi, qonun va kasb odobiga amal qilishi maqsadga muvofiq. Chunki, kasb odobiga rioya etish ijtimoiy munosabatlarni barqaror bo‘lishiga xizmat qiladi.

 

Oydin SA’DULLAYEVA

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.