Korrupsiya nima? Korrupsiya — taraqqiyot kushandasi

0
4083
marta ko‘rilgan.

 Korrupsiya nima? Ilmiy adabiyotlarda unga quyidagicha ta’rif beriladi: ”Korrupsiya—shaxsning o‘z mansab yoki xizmat mavqyeidan shaxsiy manfaatlarini ko‘zlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, xuddi shuningdek, bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etish”.

Korrupsiya atamasi lotincha “orruptio” so‘zidan olingan bo‘lib, pora berib sotib olish, buzilish, ishdan chiqish, axloqiy (ma’naviy) buzilish degan ma’nolarni anglatadi. Odatda mansabdor shaxs tomonidan unga berilgan mansab vakolatlari va huquqlardan, shuningdek, bu bilan bog‘liq rasmiy nufuz maqomidan, imkoniyatlar va aloqalaridan o‘zlarining shaxsiy manfaatlarini ko‘zlab qonunchilik va axloq qoidalariga zid ravishda foydalanishini anglatadi.

 Jamiyatda korrupsiya oddiy xalq vakillarining yuqori amaldorlarga yoxud davlat amaldorlarining o‘zaro bir-birlariga bo‘lgan munosabatidan kelib chiqadi. Ushbu salbiy holatning har qanday ko‘rinishi jamiyatni halokat yoqasiga olib borishi muqarrardir.        Korrupsiyaning tarixi antik  davrlarga borib taqaladi. Qadimgi Yunoniston   davlatida oddiy xalq  vakillari oqsoqollarga va turli darajadagi amaldorlarga sovg‘a-salomlar berishgan. Xuddi shunday holatlar qadimgi Misrda ham kuzatilgan: bu yerda erkin dehqonlar, hunarmandlar va hatto harbiy a’yonlarga nisbatan ham o‘zboshimchalik va zo‘ravonlik ishlatgan hamda qonunbuzarliklarni o‘ziga kasb qilib olgan amaldorlar  byurokratik apparati yuzaga kelgandi.

 Korrupsiya har qanday davlat va jamiyat rivojiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi xavfli omil, barcha mamlakatlarga tahdid soluvchi murakkab ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy hodisadir. Zero, bu omil tufayli davlatning rivojlanishi sekinlashadi, hukumat tizimi ishdan chiqadi, demokratik institutlarga putur yetadi. U saylov jarayonlariga salbiy ta’sir qilib, qonun ustuvorligiga jiddiy ziyon yetkazadi. Shu bilan birga, uning ta’siri ostida fuqarolarning ijtimoiy adolatga, haqiqatga va davlat organlariga ishonchi yo‘qoladi. Har qanday jamiyat uchun ushbu jinoyatga qarshi kurashish eng dolzarb masalalardan biridir. Bizning davlatimiz korrupsiyaning oldini olish va uning ildizlariga barham berish maqsadida ko‘pgina tadbirlarni amalga oshirmoqda. 2003-yil 9-dekabrda BMT ning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi imzolanganligi ham fikrimizning isbotidir.

Respublikamizda ushbu jinoyatga qarshi kurash sohasida maqsadli siyosat olib borilmoqda. Jumladan, ushbu sohada qonunchilik asoslarini takomillashtirish, davlat organlarining, jamiyatning ochiqligini ta’minlash, axborotlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish borasida ahamiyatli ishlar amalga oshirilmoqda. Darhaqiqat, korrupsiyaga qarshi kurashish va bu sohada samarali chora-tadbirlar ishlab chiqish masalalari davlatimiz rahbariyatining diqqat markazidadir.

 Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari va prinsiplarini belgilashda bunday huquqbuzarlik uchun javobgarlikning muqarrarligini ta’minlash masalasi qat’iy hisobga olingan. Korrupsiyaga aralashgan, bu jirkanch illatga qo‘l urgan odam uchun ulug‘ narsalar, mo‘tabar tuyg‘ularning qadri yo‘qoladi. Bunday odamlar hayotda hamma narsani sotib olish va sotish mumkin, deb o‘ylaydi. Ular iymon-e’tiqodga ishonmaydi, ayni paytda bunday kimsalarga hayot uchun aziz sanaladigan hyech narsani inonib bo‘lmaydi. Chunki ular ota-onasi, qarindosh-urug‘lari, yor-u birodarlari, mahalla-ko‘yning yuzini yerga qaratishdan, boshini egishdan uyalmaydi. 

Qonunga ko‘ra, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi, bu jarayonda ishtirok etuvchi organlar hamda tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtirish uchun Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi tashkil etildi. Hammamiz yaxshi bilamiz, qonun huquqiy munosabatlarni tartibga soladi. Vakolatlar, huquq va majburiyatlarni, amalga oshiriladigan chora-tadbirlarni belgilab beradi.

Agar qonun hayotda ishlamasa, uning bir necha varaq oddiy qog‘ozdan farqi qolmaydi. Shunday ekan, «korrupsiya haqida qonun qabul qilindi, endi hammasi iziga tushib ketadi», deb o‘ylash, xotirjamlikka berilish katta xato bo‘ladi. Korrupsiya balosidan qutulish, islohotlarni uning changalidan ozod etish haqida hammamiz o‘ylashimiz, buning zaruratini har birimiz yuragimizdan o‘tkazishimiz, unga qarshi qat’iy kurashishimiz kerak. Bu kurash kundalik hayotimizdagi oddiy holatlardan boshlanadi. Shifokordan yaxshiroq maslahat olish, navbatni tezlashtirish, reyting daftarchasiga tuzukroq baho qo‘ydirish va shu kabi vaziyatlarda o‘zimizni munosib tutishimiz lozim bo‘ladi.

To‘g‘ri, hayotda turli holatlar va harakatlarga duch kelamiz. Ba’zida ko‘z o‘ngimizda qonunlar buziladi, inson huquqi, qadr-qimmati poymol etiladi. Bunday vaziyatlarda chorasizlikdan odamning boshi gangib qoladi. Lekin, unutmaylik, xalqimizda “Kasalni davolagandan ko‘ra uning oldini olgan afzaldir” degan naql mavjud. Jamiyatimizdagi har qanday jarayonga loqayd munosabatda bo‘lmaslik barchamizning ustuvor burchimizdir.

Korrupsiyaning har qanday ko‘rinishlariga qarshi kurashishni biz, eng avvalo, o‘zimizdan boshlashimiz darkor. Buning uchun esa shaxsning huquqiy ong va huquqiy madaniyati yetarli darajada shakllangan bo‘lmog‘i maqsadga muvofiqdir.

Alisher MADAMINOV,

“Urganch aeroporti” chegara bojxona posti Bosh inspektori

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.