Yosh oilalar uchun turar joy olishga imtiyozlar

0
8565
marta ko‘rilgan.

Ko‘p qavatli uylardagi kvartiralarni birlamchi bozorda ipoteka krediti orqali sotib olish tartibi to‘g‘risida ma’lumotga ega bo‘lishni istardik.

Erkin Isomiddinov

 

Aholining keng qatlami, shu jumladan, yosh oilalar uchun qurilgan yoki rekonstruksiya qilingan uy-joylarni xarid qilish uchun ipoteka kreditlari berish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 2008 yil 12 iyulda 1835-son bilan ro‘yxatga olingan va Markaziy bank Boshqaruvining 2008 yil 13 iyundagi 14/5-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizomda belgilangan.

Qoraqalpoqiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari qoshida ishchi guruhi tashkil qilingan va ularining tavsiyalariga ega bo‘lgan fuqaro ipoteka kreditini oladi; Ishchi guruhilari tomonidan uy-joyga muhtoj va to‘lovga qobiliyatli yosh oilalarni aniqlash va ularga tavsiyanomalar berish yuqoridagi Nizomda o‘rnatilgan tartibda amalga oshiriladi.

Dastlab ipoteka krediti oluvchi tomonidan bankda ochilgan maqsadli jamg‘arma omonat hisob varag‘iga ko‘p qavatli uydagi kvartira qiymatining 25 foizidan kam bo‘lmagan miqdordagi boshlang‘ich badal to‘lanadi.

Buning uchun yosh oila – doimiy ish joyiga hamda o‘z faoliyati natijasidan olinadigan daromadga yoki boshqa rasmiy daromad manbalariga ega bo‘lgan har ikkalasi birinchi marta rasmiy nikohda bo‘lgan, ipoteka krediti berishni so‘rab ariza bergan sanaga qadar har biri 30 yoshdan oshmagan yoshlar bo‘lishi shart.

Ipotekali kreditlashni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan beriladigan kredit miqdori qonun hujjatlarida belgilangan eng kam oylik ish haqining 2500 baravaridan oshmagan miqdorda belgilanadi.

Tijorat banklarining o‘z mablag‘lari va jalb etilgan mablag‘lari hisobidan beriladigan ipoteka krediti miqdori bankning ichki kredit siyosatidan kelib chiqqan holda bank va qarz oluvchi o‘rtasida tuziladigan kredit shartnomasida belgilanadi.

Yosh oilalarga, ipoteka krediti 15 yildan kam bo‘lmagan muddatga 3 yillik imtiyozli davr bilan bankning o‘z mablag‘lari va Ipoteka krediti berishni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari va boshqa jalb qilingan mablag‘lar hisobidan ajratiladi.

Ipoteka krediti berishni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan beriladigan ipoteka kreditlari bo‘yicha yillik foiz stavkasi – yiliga ko‘pi bilan 5 foiz miqdorida bo‘ladi.

Dastlabki badalning bir qismini yoki barcha summasini yosh oila a’zolari (er yoki xotin)ning ish beruvchisi bo‘lgan yuridik shaxslar tomonidan pul o‘tkazish orqali ipoteka krediti oluvchi yosh oila a’zosi nomiga ochilgan maqsadli jamg‘arma omonat hisob varag‘iga o‘tkazib berilishi mumkin.

Oysha Oxunova, huquqshunos

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.