Prezident restavratsiya maktabini rivojlantirish zarurligini ta’kidladi

0
61
marta ko‘rilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Xiva shahridagi Ichan qal’a majmuasiga tashrif buyurib, Amir To‘ra madrasasida amalga oshirilgan restavratsiya ishlari bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Ichan qal’ada xalqimizning noyob me’morlik an’analari, qadimiy hunarmandchiligi, san’ati va madaniyati namunalari saqlanib qolgan. Bu yerdagi 58 ta tarixiy-madaniy meros ob’ektidan 17 tasida turli muzeylar joylashgan. Qal’a YUNESKOning Jahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan.  

Bu yerdagi tarixiy obidalarni asrab-avaylash maqsadida restavratsiya va konservatsiya ishlari olib borilmoqda. 

Amir To‘ra madrasasi qurilishi 1872 yili boshlangan. Bu yerda 54 ta hujra bo‘lib, ichki sahni koshin bilan qoplangan. Shuningdek, 2 ta gumbazli xona, qishki va yozgi masjidlar, darsxona bo‘lgan. Chor Rossiyasining Xorazmga hujumi tufayli obida peshtoqlarini pardozlash to‘xtab qolgan.   

Madrasa Ichan qal’adagi turistik ob’ektlardan biriga aylandi.  

Davlatimiz rahbari qadimiy obidalarning har bir g‘ishti tarixiy ekanini, har bir naqshida ma’no borligini ta’kidladi. Madaniy merosimizni kelajak avlodlarga yetkazish, buning uchun restavratsiya maktabini rivojlantirish zarurligini qayd etdi.

Shu yerda Xorazm viloyatining ulkan turizm salohiyatidan foydalanish bo‘yicha loyihalar taqdimoti o‘tkazildi. 

2020-2021 yillarda viloyatda turizmni rivojlantirish dasturi ishlab chiqilgan. Masalan, Xiva tumanida “Anor”, “Anjir”, Yangiariq tumanida “Mennonit qishlog‘i” nomli tematik parklar barpo etilishi rejalashtirilgan.

O‘tgan yil dekabrda Xorazm lazgisi YUNESKOning Nomoddiy madaniy meros ro‘yxatiga kiritildi. Xorijiy davlatlar vakillari ushbu milliy raqsni o‘rganishga qiziqish bildirmoqda. Shundan kelib chiqib, viloyatda lazgi akademiyasini tashkil etish mo‘ljallangan. 
 
Bugungi kunda viloyatda 600 dan ortiq fermer xo‘jaligi baliqchilik bilan shug‘ullanadi. Ulardan gastronomik turizm yo‘nalishida foydalanish maqsadida 71 ko‘lda xalqaro standartlar darajasida xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan.

Loyihalarni takomillashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.