Sankt-Peterburgda sharqona tarixiy Jome’ masjidi

0
199
marta ko‘rilgan.

Sankt-Peterburgning Kronverk prospekti Primorskiy metro bekati yaqinidagi tarixiy obida bizning Sharqqa xos imoratlarni yodga soladi.

Uning moviy gumbazi va minoralari Neva daryosi sohilidan ham bemalol ko‘rinib turadi va u Samarqanddagi Amir Temur maqbarasining gumbazi bilan deyarli bir xil bo‘lib, turfa olam go‘zalliklarini o‘zida ifodalaydi. Bu o‘xshashlik ham bejiz emas, deb yozadi Rustam Jabborov «Darakchi» gazetasida e’lon qilingan maqolasida.?

Ma’lumki, XIX asrning oxirlariga kelib, shaharda musulmonlar soni ancha ortgan bo‘lsa-da, u yerda birorta masjid bo‘lmagan. Shu bois Sankt-Peterburg musulmonlari masjid qurish uchun mablag‘ to‘plashga kirishadi. Biroq shahardagi ayrim mahalliy amaldorlar bu ishga jiddiy qarshilik ko‘rsatishadi. Zarur mablag‘ tezlikda yig‘ilavermaydi To‘plangan pul hatto masjid qurilishi uchun yer sotib olishga ham yetmaydi.

Ana shunday paytda, Peterburg bilan yaqin aloqalar o‘rnatishga urinib kelgan Buxoro amiri Sayid Abdulahadxon (1859-1910) bundan xabar topadi va o‘z xazinasidan masjid qurilishi uchun yer sotib olishga katta miqdorda mablag‘ ajratadi. Shu tariqa mazkur masjid qurilishi boshlanadi. 1910 yil 3 fevral kuni shaxsan amir Abdulahadxon ishtirokida masjidning birinchi g‘ishti qo‘yiladi. Ammo masjid ishga tushirilgan kunni ko‘rish amirga nasib etmaydi. U 1910 yilning 26 noyabrida olamdan o‘tadi.

Biroq, masjid qurilishi to‘xtamaydi. 1913 yilning 22 fevralida masjid tantanali ochiladi. Unda otasining o‘rniga taxtga o‘tirgan hukmdor, Buxoroning so‘nggi amiri Said Olimxon bilan birga Xiva xoni Asfandiyorxon ham ishtirok etgan. Qizig‘i shundaki, bugungi mamlakatimiz hududidan joy olgan ikki qo‘shni davlat hukmdorlari faqat ana shu voqyea munosabati bilan aynan Sankt-Peterburgda uchrashishgan ekan.

Masjid o‘zining bir asrdan ko‘proq tarixi davomida ko‘plab noxush voqyealarni boshdan kechirdi. Sovet davrining dahriyona siyosati hukm surgan yillarda shahar ijroiya hokimiyati qarori bilan masjid yopib qo‘yiladi.

Shahar musulmonlarining qayta-qayta murojaatlaridan so‘ng 1974 yilda masjid ularga qaytarib beriladi. Jome’ masjidi o‘tgan davr mobaynida bir necha bor ta’mirlanadi. Bugungi kunda bu inshoot Sankt-Peterburgning noyob tarixiy obidalaridan biri sifatida davlat himoyasiga olingan.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.