AYOLLAR OʻRTASIDA ISHSIZLIK KOʻPLIGIGA SABAB: Ayollarning fertillik xususiyatimi yoki eskicha, anʼanaviy dunyoqarashmi?

0
488
marta koʻrilgan.

Bugun dunyoning koʻpgina mamlakatlarida, jumladan Oʻzbekistonda ham xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, jumladan, mehnat huquqini kafolatlashga doir huquqiy asoslar yaratilgan. Lekin, amalda haligacha baʼzi davlatlarda koʻpgina ayollar mehnat bozorida passiv qolib, asosan haq toʻlanmaydigan bola parvarishi va uy yumushlari bilan mashgʻul. Baʼzi mamlakatlarda hatto er xotinining ishlashiga qonuniy ravishda qarshilik qilish huquqiga ega.

BMTning hisobotiga koʻra, 2017 yilda dunyo boʻyicha ayollarning  ishsizlik darajasi 6.2 foiz boʻlsa, erkaklar oʻrtasida 5.5 foizni tashkil etgan. Bu raqamlar davlatlar misolida alohida olinganda turlicha koʻrsatgichga ega. Masalan, musulmon sharqida, ayniqsa Shimoliy Afrika va Oʻrta Sharqdagi musulmon davlatlarida mehnat munosabatlarida ayollar oʻrtasida ishsizlik darajasi kuchli. Xalqaro Mehnat Tashkilotining 2019 yildagi maʼlumotlariga koʻra, Saudiya Arabistonida mehnatga layoqatli yoshdagi erkaklar oʻrtasidagi ishsizlik darajasi 2.9  foiz boʻlsa, ayollar oʻrtasida 20.9 foizni tashkil  etgan. Misrda esa 7.7 foiz erkaklar va 23.1 ayollar ishsiz. Eronda bu nisbat 10.1(erkaklar) va 20.1 (ayollar) foizni tashkil etadi.

 Markaziy Osiyo davlatlarida mehnat munosabatlarida gender tengizlik juda ham yuqori emas. Masalan, Oʻzbekistonda ishsizlik darajasi erkaklar oʻrtasida 5.3 foizni, ayollar oʻrtasida 5.6 foizni tashkil etadi. Qozogʻistonda esa bu koʻrsatkich 6.2 (erkaklar) va 4.7 foiz (ayollar) nisbatiga ega. 

Yaponiya, AQSH, Xitoy, Rossiya kabi dunyoning yetakchi mamlakatlarida esa aksincha erkaklar oʻrtasida ayollarnikiga nisbatan ishsizlik darajasi bir oz yuqori (0.1-1 foizga). Lekin koʻpgina mutaxassislarning fikricha, ishsizlikning haqiqiy manzarasi ancha yuqori.

Shunisi aniq-ki, koʻpgina mamakatlarda ayollarning fertillik xususiyati va roʻzgʻor tashvishlari ularning mehnat munosabatlariga kirishishiga toʻsiq boʻladi. Yoxud ana shu omillar sababli, toʻliq soatda ishlay olmaydi yoki “uydan turib ishlash” imkonini beruvchi ish topishga majbur boʻladi. Shu bilan birga, baʼzi mamlakatlarda xotin-qizlarga “ayollarga xos” boʻlgan kasblarni tanlashga undash juda kuchli. Bu omillarning barchasi ayollarning mehnat imkoniyatlarini cheklaydi, jamiyatda oʻzi kasbida ishlamay, boshqa sohalarda faoliyat yuritishiga,  salohiyatini yuzaga chiqara olmasligiga, oʻzligini namoyon qila olmasligiga olib keladi.

Toʻgʻri, ayollarning fertillik xususiyati oila, jamiyat, millat, mamlakat taraqqiyoti uchun juda muhim va zarur. Bola tarbiyasida, oila va roʻzgʻor yumushlarida ayollarning oʻrni juda katta. Lekin, koʻpgina jamiyatlardagi oilalarda mehnat kuchlarining teng boʻlinmasligi, boshqacha aytganda, mazkur masʼuliyatni asosan ayollar zimmasiga yuklatilishi, ularning mehnat bozorida ishtirok etishiga, jamiyatda oʻz oʻrnini topishiga toʻsqinlik qiladi. BMT hisobotlarida keltirilishicha, bola parvarishi va uy-roʻzgʻor yumushlariga ayollar erkaklarga nisbatan 2.5 barobar koʻp vaqt sarflar ekan.

BMTning yana boshqa maʼlumotlariga koʻra, bola tarbiyasi va uy yumushlarini pul qiymatiga oʻgirsa, yalpi ichki mahsulotning 10 foizdan 39 foizigacha  boʻlgan miqdorini tashkil etadi. Koʻrinib turibdiki, haq toʻlanmaydigan bu vaziflarni bajarishni oʻz zimmasiga olgan ayollar oilada katta miqdorda pulni iqtisod qilishga yordam beradilar. Bu oila farovonliga, jamiyat taraqqiyotiga, mamlakat iqtisodiyotiga juda katta taʼsir koʻrsatuvchi omillardan biridir.

Lekin, yuqorida aytib oʻtganimizdek, bola tarbiyasi, oila yumushlarida vazifalar teng boʻlinmasligi, bu vazifalarni asosan ayol zimmasiga tushishi masalaning salbiy jihatidir. Bunday holatda ayol real daromad keltiruvchi mehnat bozorida ishtirok eta olmaydi, oilaviy munosabatlarda ham muvozanat buziladi, er-xotin va oilaning boshqa aʼzolari oʻrtasida kelishmovchiliklar kelib chiqadi. Farzandlar ham koʻp hollarda asosan ona bilan boʻlib, bola tarbiyasida otaning ishtiroki kam boʻladi. Vaholanki, bola tarbiyasida otaning oʻrni juda muhim.

Jamiyatda mehnat munosabatlarida ishtirok etmayotgan yoki toʻliq ishtirok eta olmayotgan ayollar oxir-oqibat ijtimoiy himoyadan ham mosuvo boʻladi. Aniqroq aytganda, haq toʻlanadigan va haq toʻlanmaydigan mehnat munosabatlaridagi gender tengsizlik ayollarning onalik taʼtili, bola parvarishi, qarilik nafaqasi kabi turli ijtimoiy himoyalardan foydalana olmasligiga olib keladi. Raqamlarda aytilsa, BMTning maʼlumotlariga koʻra, dunyoda mehnat munosabatlarida ishtirok etayotgan 40 foiz ayol turli sabablarga koʻra ijtimoiy himoyaga ega emas.

Bundan tashqari, jamiyatda oʻz oʻrniga, daromad manbaiga ega boʻlmagan va iqtisodiy jihatdan qaram boʻlgan ayollarning baʼzilari oilada ham huquqlarining kamsitiladi, shaxs sifatida nazar-pisand qilinmaydi, oilaviy zoʻravonliklarga duchor boʻladi.

Xulosa qilib aytganda, ayollar oʻrtasida ishsizlik darajasi koʻpligiga sabablardan biri –  ayol kishining fertillik xususiyati emas, balki koʻpgina jamiyatlarda eskicha anʼanaviy fikrlash tarzi, yaʼni erkak kishi – oila boquvchisi, ayol – uy bekasi sifatidagi dunyoqarashning hali ham hukmronligidadir. Oilada uy-roʻzgʻor yumushlarining oila aʼzolari oʻrtasida birday teng boʻlinmasligidadir. Bu esa ayollarning mehnat bozorida toʻliq ishtirok eta olmasligiga,  jamiyatda oʻz oʻrniga ega boʻla olmasligiga, natijada turli ijtimoiy himoyalardan mosuvo boʻlishi, huquqlarining toptalishiga olib keladi.

Oydin SAʼDULLAYEVA 

Surat  https://feminisminindia.com saytidan olindi. 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.