Oʻzbekiston bayrogʻini sport maydonlarida yuksaltirishni orzu qilgan bolakay

0
328
marta koʻrilgan.

Zafar uyga yoʻl olar ekan,  maktabda koʻrgan hujjatli kino – jahon sport maydonlarida Oʻzbekiston  bayrogʻini hilpiratib, gʻurur bilan gir aylanayotgan bolalar koʻz oldiga keldi. “Qani edi men ham sport maydonlarida javlon ursam, buning uchun nimadan boshlashim kerak ekan-a. Uyga borgach xolamdan soʻrayman”, deya koʻnglidan oʻtkazdi.

Qatʼiy qarorga kelganiga oʻzi ham xursand boʻlib tez-tez yurib ketdi. Uyga kelgach eshikni bir-ikki marta qoqib koʻrdi, qoʻngʻiroqni bosdi. Ammo hech kim ochmadi. Kayfiyati tushib, orzulari ham sarobga aylanib ostonaga oʻtirib oldi. Xolasi bugun ham ishda ushlanib qolgan chogʻi. Aks holda…

Uyning kalitini tashlab ketsa boʻlardi-ku,-koʻnglidan oʻtkazdi u. Papkasini yerga qoʻyib, sovuqqotgan qoʻllarini choʻntagiga tiqdi. Yana orzularga berildi. Yana hujjatli kino xayolidan oʻtdi. Undagi davlat bayrogʻi haqidagi fikrlar xayolida jarangladi.

Mustaqil Oʻzbekiston ahli bugun davlatimiz bayrogʻi qabul qilingan kunni gʻurur va faxr bilan eslamoqda,  nishonlamoqda.

Konstitutsiyamizning 5-moddasida shunday deyiladi: Oʻzbekiston Respublikasi qonuni bilan tasdiqlangan oʻzbek davlat ramzlari-bayrogʻi, gerbi va madhiyasiga ega”. Darhaqiqat, Oʻzbekiston  Bayrogʻi, davlatimiz, millatimiz, xalqimiz va yurtimizning buguni va kelajagining koʻzgusi, timsolidir.

Oʻzbekiston Respublikasining davlat bayrogʻi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashning navbatdan tashqari oʻtkazilgan VIII sessiyasida 1991 yil 18 noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi qonuni bilan tasdiqlangan edi. Mana shunga ham oʻttiz yil toʻldi.

Qonun bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston bayrogʻi nimani anglatadi! Oʻzbekiston Respublikasining davlat bayrogʻi bugungi Oʻzbekiston sarhadini qadimda mavjud boʻlgan davlatlar bilan tarixan bogʻliqligini anglatadi hamda respublikaning milliy-madaniy anʼanalarini oʻzida mujassamlashtiradi.

Bayroqdagi moviy rang tiriklik mazmuni aks etgan mangu osmon va obihayot ramzidir. Bu – yaxshilikni, donishmandlikni, halollikni, shon-shuxrat va sadoqatni bildiradi. Amir Temur davlatining bayrogʻi ham moviy rangda boʻlgan.

Bayroqdagi oq rang muqaddas tinchlikni ifodalaydi, u kun charogʻonligi va koinot yoritqichlari bilan uygʻunlashib ketadi. Oq rang poklik, begʻuborlik, soflikni hamda ichki goʻzallikka intilishni ham oʻzida ifodalaydi.

Yashil rang-tabiatning yangilanishi ramzi. U umid, navqironlik va shodumonlik timsolidir.

Qizil chiziqlar vujudimizda joʻshib oqayotgan hayotiy qudrat irmoqlaridir.

Navqiron yarim oy tasviri biznig tarixiy anʼanalarimiz bilan bogʻliq. Ayni kunda qoʻlga kiritilgan mustaqqilligimiz ramzidir.

Yulduzlar barcha uchun ruhiy quvvat, ilohiy timsol hisoblanadi. Bayrogʻimizdagi 12ta yulduz tasviri ham tarixiy anʼanalarimiz, qadimgi quyosh yilnomamizga bevosita aloqadordir. Bizning 12 yulduzga boʻlgan eʼtiborimiz mamlakatimiz sarhadidagi qadimgi davlatlar ilmiy tafakkurida ”Nujum ilmi” taraqqiy etganligi bilan ham izohlanadi. Shuningdek, u oʻzbek xalqi madaniyati qadimiyligi, uning komillikka, oʻz tuprogʻida saodatga intilishi ramzi sifatida tushinish lozim.

Bayrogʻimiz xalqaro tashkilot BMTi binosida hilpiraganda, rasmiy uchrashuvlarda, sport maydonlarida baland koʻtarilganda qalbimizni faxr tuygʻusi qamrab olishi ana shundandir.

Bolalarimiz jahon sport maydonlarida gʻoliblik nashidasini surganida, bayroqni faxr, gʻurur ila baland koʻtarib aylanganida qalbimiz nurga toʻladi, beixtiyor koʻzlarimizga yosh keladi. Bayrogʻimiz hech ham pastga tushmasin. Doimo ozod va hur Vatandaimizda hilpirab tursin!

 Qalblarimizni toʻlqinlantiradigan, koʻzlarimizni yolqinlatadigan Najmiddin Kubro bobomizning qahramonligini, daʼvatini, vatanparvarligini  eslatadigan bayrogʻimiz har birimiz uchun muqaddas boʻlib yuraversin! Qadimiy bayramimiz navroʻzni, goʻzal anʼanalarimiz, qadriyatlarimizni qaytarib bergan kunlar timsoli, mustaqillik ramzi bayrogʻimiz  jahon uzra hilpirayversin!

Oradan ikki soatcha oʻtdiki, xolasi kelavermadi. Koʻchaning u yogʻidan, bu yogʻiga yurib, kutdi, toqati toq boʻldi. Kutaverib zerikkan va sovuqqotgan bolakay shoh koʻchaning boshida yangi ochilgan «Internet kafe», «Kompyuter oʻyinlari» deb yozilgan  eshik tomon yuzlandi. Bahonada isinib olaman, deya oʻyladi u. Choʻntagida kecha xolasi bergan- Rossiyadan ota-onasi joʻnatgan pullar  bor edi…     

Ha, hamma narsa oddiy eʼtiborsizlikdan boshlanadi. Bir qaraganda, nima qilibdi, bola biroz kutganida xolasi ham yetib kelardi-ku, deyish mumkin. Ammo, ana shu boy berilayotgan «ikki soat» lar davomida uning  ruhiyatida nimalar yuz berishini, hayolidan qanday fikrlar oʻtishini, tengdoshlari issiqqina uylariga kirib, ovqatlanishayotgan paytda eshigi oldida diydirab turgan holatini oʻzingiz tasavvur etib koʻring. Ezgu orzulari-chi? Ular sarobga aylanmasligiga kim kafolat beradi?

Aziz ota-onalar, bugungi jajji bolajonlar  nafaqat oilangizning balki, Vatanimizning ham kelajagidir. Yurt istiqloli ularning qoʻlida ekanligini, kelajakda  Mustaqil Oʻzbekiston bayrogʻini baland koʻtaruvchi bugungi farzandlarimiz ekanligini unitmaylik.

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat Bayrogʻi toʻgʻrisidagi Qonun qabul qilinganligining 30 yilligi barchamizga muborak boʻlsin aziz yurtdoshlar!  Farzandlarimiz durkun,  sogʻlom orzulari moʻl, yurt bayrogʻini jahon arenalarida baland koʻtaradigan farzandlar boʻlib oʻsib ulgʻayaverishsin!… 

Dilbar BEKCHANOVA, jurnalist

 

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.