2022-2026 yillarda respublikaning farmatsevtika tarmogʻini jadal rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

0
150
marta koʻrilgan.
 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Aholini sifatli, samarali va xavfsiz farmatsevtika mahsulotlari bilan taʼminlashni yanada yaxshilash, farmatsevtika tarmogʻiga ilgʻor ilmiy-texnika yutuqlari va innovatsiyalarni joriy etish orqali tarmoqda ishlab chiqarish hajmini 3 barobarga oshirish, ichki bozorni taʼminlash darajasini natural hajmda 80 foizga yetkazish maqsadida:

1. Sogʻliqni saqlash vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi hamda Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi tomonidan ishlab chiqilgan, mahalliy farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarishni jadal rivojlantirishga koʻmaklashishga qaratilgan:

2022-2026 yillarda farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish boʻyicha prognoz parametrlari 1-ilovaga muvofiq;

2022-2024 yillarda farmatsevtika sohasida hududlarda amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarining manzilli dasturi 2-ilovaga muvofiq;

2022-2026 yillarda farmatsevtika sohasida loyihaoldi va loyiha hujjatlarini ishlab chiqish, kelishish va tasdiqlash talab etiladigan investitsiya loyihalarining roʻyxati 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Farmatsevtika sanoatini rivojlantirish boʻyicha komissiya (keyingi oʻrinlarda – Komissiya) 4-ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin.

Komissiya (S.Umurzakov):

2022 yil 31 yanvarga qadar mazkur farmonga 2-ilovada nazarda tutilgan investitsiya loyihalarini amalga oshirish ustidan oylik monitoring oʻrnatish va ularning oʻz vaqtida ishga tushirilishini taʼminlash choralarini belgilasin;

bir oy muddatda mazkur farmonga 3-ilovada nazarda tutilgan istiqbolli loyihalarning loyihaoldi va loyiha hujjatlarini ishlab chiqish, moliyalashtirish manbalarini aniqlash hamda mahalliy va xorijiy investorlarni jalb qilgan holda ularni amalga oshirishni tashkil qilish boʻyicha aniq choralar va masʼullarni belgilasin;

investitsiya loyihalarini amalga oshirishda loyiha tashabbuskorlari, shuningdek, manfaatdor davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari faoliyatini muvofiqlashtirsin;

loyihalarni amalga oshirish holatini muntazam ravishda tahlil qilib, mavjud muammoli masalalarni hal etish choralarini koʻrsin va natijalari yuzasidan har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga loyihalar va hududlar kesimida axborot kiritib borsin.

Komissiyaga jahon bozorining konʼyunkturasi va rivojlanish tendensiyalaridan kelib chiqqan holda, mazkur farmonga 2-3-ilovalarda keltirilgan investitsiya loyihalar roʻyxatini muntazam ravishda yangi loyihalari hisobiga toʻldirib borish, zarur hollarda, ularga oʻzgartirishlar kiritish vakolati berilsin.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari:

farmatsevtika sohasida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarining amalga oshirilishini shaxsan nazoratga olsin;

har oyda loyihalar tashabbuskorlari bilan birgalikda har bir loyiha amalga oshirilishini muhokama qilib, ularni belgilangan muddatda ishga tushirishda amaliy yordam koʻrsatish choralarini koʻrib borsin.

3. 2022 yil 1 apreldan farmatsevtika mahsulotlari xaridlariga ajratilishi rejalashtirilgan Davlat byudjeti mablagʻlari miqdori doirasida mahalliylashtiriladigan farmatsevtika mahsulotlarini uch yil muddatga shartnoma tuzish orqali kafolatli xarid qilish mexanizmi joriy etilsin. Bunda:

kafolatli xarid qilish shartnomalarini tuzish boʻyicha tanlovlar Sogʻliqni saqlash vazirligi, Moliya vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi va Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi tomonidan birgalikda shakllantirilgan avval respublika hududida ishlab chiqarilmagan, istiqbolda mahalliylashtiriladigan substansiyalar, dori vositalarining xalqaro patentlanmagan nomlari (bunday nom boʻlmagan taqdirda, mansub dori vositalari guruh nomlari), tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalar roʻyxati (keyingi oʻrinlarda – farmatsevtika mahsulotlari roʻyxati) doirasida amalga oshiriladi;

farmatsevtika mahsulotlari roʻyxati Davlat xaridlari boʻyicha maxsus axborot portalida, Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligining internet saytlarida joylashtiriladi hamda har yili yangilanib boriladi;

kafolatli xarid qilish shartnomalarini imzolash uchun gʻoliblar ochiq tanlovlar orqali aniqlanadi va Sogʻliqni saqlash vazirligi ushbu tanlovlarda davlat buyurtmachisi va benefitsiar mulkdori hisoblanadi;

Sogʻliqni saqlash vazirligi va uning tizimidagi tashkilotlarga tuzilayotgan kafolatli xarid qilish shartnomalar doirasida oldindan boʻnak toʻlovlarini oʻtkazishga ruxsat beriladi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi (Musayev), Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi (Kariyev) Moliya vazirligi (Raximova), Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (Voitov), Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi (Abdinazarov) bilan birgalikda uch oy muddatda Sogʻliqni saqlash vazirligi buyurtmasiga asosan shaffof tanlov asosida farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻygan mahalliy ishlab chiqaruvchi tashkilotlar bilan uch yil muddatga shartnomalar tuzish orqali mahsulotlarni kafolatli xarid qilish mexanizmi va aniq shartlarini belgilagan holda davlat xaridlari tizimini joriy qilish boʻyicha tegishli qonun loyihasini ishlab chiqib, oʻrnatilgan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

4. Belgilansinki:

a) farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi tashkilotlarni yanada qoʻllab-quvvatlash yoʻnalishida:

2022 yil 1 apreldan mahalliy ishlab chiqaruvchi tashkilotlar tomonidan ishlab chiqariladigan yangi farmatsevtika mahsulotlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish cheklanmagan muddatga amalga oshiriladi, avval berilgan roʻyxatdan oʻtkazilganlik guvohnomalar, ularning amal qilish muddati tugaganidan soʻng qoʻshimcha hujjatlar talab qilinmasdan 15 kun muddatda amal qilishi muddatsiz boʻlgan guvohnomalarga almashtirib beriladi;

2022 yil 1 iyuldan Oʻzbekiston Respublikasi hududida vakolatli tashkilot tomonidan rasmiylashtirilgan “Zarur ishlab chiqarish amaliyoti (GMP)”ga ega mahalliy ishlab chiqaruvchi tashkilotlar tomonidan ishlab chiqarilgan dori vositalarini va “ISO:13485” sertifikatiga ega ishlab chiqaruvchi tashkilotlar tomonidan ishlab chiqarilgan tibbiy buyum va tibbiy texnikani majburiy sertifikatlashtirish tartibi bekor qilinadi. Bunda mahalliy farmatsevtika mahsulotlarining talablarga muvofiqligi postmarketing nazorati va ixtiyoriy sertifikatlashtirish orqali amalga oshiriladi;

“Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUKga Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda ishlab chiqarilgan farmatsevtika mahsulotlarini sertifikatlashtirish uchun qabul qilingan buyurtmalarga koʻra namunalar tanlashni hududlardagi sertifikatlashtirish organlari ekspertlari orqali amalga oshirishga ruxsat beriladi;

b) farmatsevtika sohasidagi cheklovlarni kamaytirish yoʻnalishida:

donor qonini toʻplash va uning asosida farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarishni xususiy tartibda amalga oshirishga taqiq;

dori vositalarining klinik tadqiqotlarini sogʻlom koʻngillilarda oʻtkazishga cheklov;

xalqaro brendlar asosida farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarishni rivojlantirish hamda mavjud quvvatlardan toʻliq foydalanish uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida tarkibi bir xil boʻlgan dori vositalarini bir ishlab chiqaruvchi tomonidan turli savdo nomlari ostida ishlab chiqarishga cheklovlar bekor qilinadi;

v) zarur amaliyotlar (GxP) talablarini tizimli joriy etish yoʻnalishida:

2022 yil 1 apreldan farmatsevtika sohasida yangi ishlab chiqaruvchi korxonalar, ulgurji va chakana savdo tashkilotlari mos ravishda “Zarur ishlab chiqarish amaliyoti (GMP)”, “Zarur distribyutorlik amaliyoti (GDP)” va “Zarur farmatsevtika (dorixona) amaliyoti (GPP)” talablariga muvofiq ravishda tashkil etiladi;

farmatsevtika tarmogʻi va respublika sogʻliqni saqlash tizimidagi tashkilotlarni zarur amaliyotlar (GxP) talablariga muvofiq majburiy sertifikatlash muddatlari 2024 yil 1 yanvargacha uzaytiriladi;

2022 yil 1 fevraldan mahalliy ishlab chiqaruvchi tashkilotlarning farmatsevtika mahsulotlarini xorijiy davlatlarda roʻyxatdan oʻtkazish xarajatlarining 75 foizi ular roʻyxatdan oʻtkazilganligini tasdiqlovchi hujjat taqdim etilgandan soʻng Farmatsevtika tarmogʻini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamgʻarmasidan qoplab beriladi;

2023 yil 1 yanvardan farmatsevtika mahsulotlari boʻyicha davlat xarid tanlovlarida faqatgina “Zarur ishlab chiqarish amaliyoti (GMP)” standartlari asosida dori vositalarini, “ISO:13485” standartlari asosida tibbiy buyumlar va tibbiy texnikani ishlab chiqarishni tashkil etgan tashkilotlar va “Zarur distribyutorlik amaliyoti (GDP)” standartlarini joriy etgan ulgurji savdo tashkilotlari qatnashishiga ruxsat beriladi.

5. Farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari, farmatsevtika mahsulotlarining ulgurji savdosi bilan shugʻullanuvchi korxonalar, ixtisoslashgan ilmiy-tadqiqot institutlari va oliy taʼlim muassasalari tomonidan oʻz ehtiyojlari uchun olib kelinadigan hamda farmatsevtika mahsulotlarining ulgurji va chakana savdosi bilan shugʻullanuvchi korxonalar tomonidan dorixona ichida dori tayyorlash maqsadida olib kiriladigan, Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan texnologik va laboratoriya uskunalari, ularning butlovchi va ehtiyot qismlari, farmatsevtika ishlab chiqarish binolari uchun “toza xonalar”, sendvich-panellar va ventilyasiya tizimlari, shuningdek, laboratoriya hayvonlarini boqish, klinik-oldi tadqiqotlar va dori vositalari ishlab chiqarish (shu jumladan, dorixona ichida tayyorlash) uchun ishlatiladigan xomashyo va materiallar, tibbiyot buyumlari va qadoqlash materiallari Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan roʻyxatlar boʻyicha 2025 yil 1 yanvarga qadar bojxona bojlaridan ozod qilinsin.

6. Toshkent viloyati hokimligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi va Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligining:

Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteriga (keyingi oʻrinlarda – Klaster) tutash hududdan qoʻshimcha 80 gektar yer maydonini ajratish hisobiga Klaster hududini kengaytirish;

Klaster hududini kengaytirish uchun ajratiladigan 80 gektar qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan sugʻoriladigan yer uchastkalarini sanoat maqsadlariga moʻljallangan yerlar toifasiga oʻtkazish;

qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan 80 gektar yer maydonining yer fondi toifasini oʻzgartirishda qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiligi kompensatsiya toʻlovlarini, istisno tariqasida undirmaslik toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.

Toshkent viloyati hokimligi (Mirzayev) ikki oy muddatda:

mazkur bandda koʻrsatilgan yer uchastkalarini konturlarini belgilagan holda amaldagi foydalanuvchilardan davlat va jamoat ehtiyojlari uchun belgilangan tartibda olib qoʻyish va davlat mulki sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazish;

Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi (Kariyev), Kadastr agentligi (Umarov) bilan birgalikda yer uchastkasining “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterini rivojlantirish direksiyasi davlat muassasasiga doimiy foydalanish huquqi bilan ajratish;

Qurilish vazirligi (Zakirov), “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ (Mustafoyev), “Hududgaztaʼminot” AJ (Eshmuratov), “Oʻzsuvtaʼminot” AJ (Saifnazarov) bilan birgalikda yangi ajratiladigan hududlarning batafsil rejalashtirish loyihasini ishlab chiqish hamda transport, ishlab chiqarish va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi bilan taʼminlash choralarini koʻrsin.

7. “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterini rivojlantirish direksiyasi va Klaster uchun qoʻshimcha ajratilgan yer maydonida oʻrnatilgan tartibda tashkil etiladigan ishlab chiqaruvchi tashkilotlarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 28 yanvardagi “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-4574-son qarori 7-bandining “v” kichik bandi va 11-bandi tatbiq etilsin.

8. Bosh vazir oʻrinbosari S.U. Umurzakov, Moliya vazirligi (Ishmetov), Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (Vafayev) va Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi (Norqulov) ikki oy muddatda mahalliy farmatsevtika tashkilotlarining respublika hududida biofarmatsevtika yoʻnalishidagi dori vositalarini toʻliq sikl asosida ishlab chiqarishni tashkil etish, substansiyalar ishlab chiqarilishini mahalliylashtirish va xalqaro standartlar joriy qilinishini jadallashtirish doirasidagi loyihalarini moliyalashtirish maqsadida uzoq muddatli imtiyozli moliyalashtirish manbalarini aniqlashtirish boʻyicha “Yoʻl xarita”sini ishlab chiqib, amalga oshirsin.

9. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (Vafayev) Eksportni ragʻbatlantirish agentligi orqali dori vositalarini “Zarur ishlab chiqarish amaliyoti (GMP)” talablari asosida ishlab chiqaruvchi tashkilotlarni qoʻllab-quvvatlashning quyidagi choralarini joriy etsin:

2025 yil 1 yanvarga qadar farmatsevtika mahsulotlarini barcha mamlakatlarga, shu jumladan, chegaradosh qoʻshni davlatlarga eksport qilishda avtomobil va temir yoʻl transportida tashish xarajatlarining 50 foizigacha, biroq mahsulotlar eksport qiymatining (transport xarajatlarisiz) 5 foizidan (avtomobil transportida tashish holatida) va 7 foizidan (temir yoʻl transportida tashish holatida) koʻp boʻlmagan miqdorda qoplashga subsidiyalar taqdim etish;

eksport qiluvchi farmatsevtika tashkilotlari tomonidan tovarlar ular boʻyicha toʻlovlarni kechiktirib toʻlash sharti bilan eksport qilinganda, ularning aylanma mablagʻlarini toʻldirish uchun revolver kreditlarni moliyalashtirishga tijorat banklariga foizsiz moliyaviy resurslar taqdim etish. Bunda, ushbu resurslar hisobidan kreditlar kechiktirilgan muddatga va eksport qilinayotgan mahsulotlar qiymati miqdorida, biroq 3 million AQSH dollari ekvivalentidan koʻp boʻlmagan miqdorda bir yilgacha muddatda yillik 4 foizli stavka (bank marjasi) bilan ajratiladi.

Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasi (S.Umurzakov) bir oy muddatda ushbu bandda nazarda tutilgan qoʻllab-quvvatlash choralarini amalga oshirish tartibini tasdiqlasin.

10. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (Voitov), Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi (Kariyev) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda har bir investitsiya loyihasini muddatida va sifatli amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritalari” ishlab chiqilishi va amalga oshirilishi choralarini koʻrsin.

11. 2022-2026 yillarda farmatsevtika tarmogʻini yanada rivojlantirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 6-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritilsin.

13. Sogʻliqni saqlash vazirligi (Musayev) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:

retseptsiz farmatsevtika mahsulotlari savdosini erkinlashtirish boʻyicha;

qonunchilik hujjatlariga ushbu farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

14. Mazkur farmon ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosari S.U.Umurzakov va sogʻliqni saqlash vaziri B.A.Musayev belgilansin.

Farmon ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti    Sh.MIRZIYOYEV

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.