Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida energetika va transport infratuzilmasini rivojlantirish, mahallalarni obod qilish va aholi bandligini oshirish masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Unda shahar va tumanlar mutasaddilari, jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Avvalo, energetika masalalariga eʼtibor qaratildi. Bu boradagi qoʻshimcha manbalardan biri qayta tiklanuvchi energiya. Toshkent shahrida kamida 2 ming megavattga yaqin quvvatli quyosh panellarini oʻrnatish mumkinligi qayd etildi.
Xususan, koʻp qavatli uylar, ijtimoiy obyektlar va boshqa binolarning tom qismi, sanoat zonalari, avtoturargoh va yirik suv inshootlari hududini qamrab olish mumkin. Bu choralar koʻrilsa, hisob-kitoblarga koʻra, 2023 yilda kutilayotgan 240 million kilovatt soatlik qoʻshimcha talabni 4 baravar ortigʻi bilan, yaʼni 1 milliard 80 million kilovatt soat hajmda taʼminlash imkoniyati paydo boʻladi.
Prezidentimiz elektr ishlab chiqarishda davlat monopoliyasidan ketib, raqobatli muhit joriy qilish zarurligini taʼkidladi. Jumladan, davlat panel oʻrnatgan tadbirkorlardan elektrni kafolatli sotib oladi. Keyingi yildan esa boshqa isteʼmolchilarga ham sotishi mumkin boʻladi. Aholi oʻz xonadonida panel oʻrnatsa, ehtiyojidan ortiq tarmoqqa sotgan elektr energiyasining har bir kilovatti 1 ming soʻmdan sotib olinadi.
Shu bois, sanoat zonalari va yirik korxonalarda 400 million kilovatt soatlik quyosh panellari oʻrnatish, Yuqorichirchiq tumanida 500 megavattli quyosh elektr stansiyasini qurish choralari belgilandi. Ijtimoiy soha va davlat idoralari binolarida ham quyosh panellari oʻrnatish, sanoat korxonalarida elektr yoʻqotishlarini kamaytirish, magistral issiqlik tarmoqlari va 1 ming 817 ta koʻp qavatli uyning ichki isitish tizimini yangilash boʻyicha topshiriqlar berildi.
Umuman, shaharda qayta tiklanuvchi energiya joriy qilish uchun 1 milliard dollar yoʻnaltiriladi.
Yigʻilishda 2023 yilda poytaxtda aholi bandligini taʼminlash masalalari ham muhokama qilindi.
Yangi ish oʻrinlarini yaratish boʻyicha ulkan marralarga erishishda tadbirkorlarga tayanish, ularni qoʻllab-quvvatlash lozimligi taʼkidlandi.
Jumladan, bu yili Toshkent shahrida xizmatlar sohasini rivojlantirish uchun 20 trillion soʻm kredit yoʻnaltiriladi, oilaviy tadbirkorlik uchun 300 milliard soʻm imtiyozli kreditlar ajratiladi.
Shahar mahallalarida ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini yaxshilash uchun 1,4 trillion soʻm, shuningdek, “Tashabbusli byudjet” doirasida 573 milliard soʻm yoʻnaltirilishi qayd etildi.
Prezident mahallalarni obod qilish, yoʻllar va suv inshootlarini taʼmirlash masalalariga ham toʻxtaldi. Shuning uchun shahardagi 584 ta mahallaning har biriga byudjetdan qoʻshimcha 1 milliard soʻmdan, jami yana 584 milliard soʻm ajratishga qaror qilindi.
Yigʻilishda jamoat transporti sohasiga yana bir bor eʼtibor qaratildi. Yoʻlovchilarga qulayliklarni oshirish maqsadida 1 aprelga qadar qoʻshimcha mingta avtobus olib kelinib, 25 ta koʻchada avtobuslar uchun alohida yoʻlaklar tashkil etilishi, svetoforlarni yoʻlovchi oqimiga qarab boshqarish, avtoturargohlar va parkomatlar tashkil qilinishi aytildi.
Davlatimiz rahbari qurilishga ruxsat berilganda, mavjud infratuzilmaga yuklama boʻyicha aniq hisob-kitob qilinmayotgani, yashil maydonlar tashkil qilish ishlari qurilishlar bilan hamohang olib borilmayotganini tanqid qildi. Shu bois, shaharning bosh rejasi tasdiqlanmaguncha yangi qurilishlarga moratoriy eʼlon qilinadi.
2023 yilda Toshkent shahrining yashillik darajasini 28 foizga yetkazish vazifasi qoʻyildi. Shu maqsadda 100 gektar maydonda bogʻ tashkil qilinib, “Toshkent yashil belbogʻi” loyihasi boshlanishi aytildi.
Poytaxtda chiqindi bilan ishlash ham qoniqarsiz ekani koʻrsatib oʻtildi. “Maxsustrans” faoliyatini isloh qilish, chiqindilarni qayta ishlash darajasini 50 foizga yetkazish vazifasi qoʻyildi.
Yigʻilish yakunida shahar rahbariyati va tumanlar hokimlarining hisoboti tinglandi.
Shu yerda Toshkent shahrida xizmatlarni rivojlantirish va aholi bandligini oshirish rejalari taqdimoti oʻtkazildi.