Prezident Shavkat Mirziyoyev ijtimoiy sohalarga masʼul rahbarlarni qabul qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Davlatimiz rahbarining 2022 yil 21 dekabrdagi “Yangi Oʻzbekiston maʼmuriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq ixcham va samarali boshqaruv tizimiga oʻtilmoqda. Birinchi bosqichda vazirliklar isloh qilinmoqda.
Xususan, bir-biriga yaqin sohalar negizida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Madaniyat va turizm vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi tashkil etildi.
Prezidentimiz Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasida “ijtimoiy davlat” tamoyiliga alohida eʼtibor qaratgan edi. Ijtimoiy davlat bu, eng avvalo, inson salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun teng imkoniyatlar, odamlar munosib hayot kechirishiga zarur sharoitlar yaratish, demakdir. Bu esa taʼlim va tibbiyot sifati, ilm-fan va madaniyat rivoji, yoshlar hayotida aks etadi.
Yigʻilishda ushbu sohalardagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi.
Mamlakatni olgʻa boshlovchi, islohotlarni amalga oshiruvchi asosiy kuch bu – bilimli va sogʻlom avlod. Shu bois taʼlim tizimining barcha bosqichlari isloh qilinib, izchil rivojlantirilmoqda. Soʻnggi yillarda koʻplab bogʻcha va maktablar qurildi. Yangi universitetlar tashkil etildi. Maktablarda oʻquvchi oʻrni, oliy taʼlim qamrovi oshdi. Endi asosiy eʼtibor sifatga qaratilmoqda.
2022 yilda 386 ming nafar maktab bitiruvchilaridan 137 ming nafari oliy taʼlimga, 20 ming nafari kollej va texnikumlarga qamrab olingan. Lekin bitiruvchilarning 50 foizi hech qanday kasb-hunarsiz mehnat bozoriga kirib kelgan.
Jahondagi shiddatli raqobat sharoitida yetuk mutaxassislar tayyorlash, oʻzgaruvchan mehnat bozori talablariga moslashishni bugun hayotning oʻzi taqozo etmoqda. Shuning uchun, 2023 yildan boshlab, oʻquvchilarni ikkita xorijiy til va bitta kasbga oʻrgatish Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining eng ustuvor vazifasi boʻlishi taʼkidlandi.
Bunga hamohang ravishda, oliy taʼlim tizimi ham oʻzgarishi kerak. Shu bois institut va universitetlarning faoliyatini isloh qilib, malakali kadrlar tayyorlash, ilm bilan ishlab chiqarish integratsiyasini kengaytirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Soʻnggi yillarda olimlarning ish haqi 4,5 barobar oshirilgan. Bu yil ilm-fan va innovatsiyalarga 1,8 trillion soʻm ajratilmoqda. Bundan foydalanib, suv va energiyani tejash, tuproq unumdorligi va hosildorlik, geologiya, sanoat, qurilish kabi dolzarb yoʻnalishlarda ilmiy asoslar yaratish zarurligi qayd etildi.
Yosh avlodni yuksak madaniyat ruhida tarbiyalash masalasiga ham toʻxtalib oʻtildi. Teatr, musiqa va kino sohalarini rivojlantirish, maqom va baxshichilikni asrab-avaylash muhimligi taʼkidlandi. Xalqimiz madaniyati va tabiat maskanlarini keng targʻib qilib, turistlarga sharoitlarni yaxshilash boʻyicha vazifalar belgilandi.
Sogʻliqni saqlash sohasida ham dolzarb masalalar koʻp. Bugungi kunda aholining 56 foizida ortiqcha vazn, 30 foizida surunkali kasalliklar bor. Shu bois “Toʻgʻri ovqatlanish va sogʻlom turmush tarzi” umummilliy harakati boshlanishi maʼlum qilindi.
Tibbiyot taʼlimiga ilgʻor xorijiy tajribani joriy qilish, tizimni raqamlashtirish va tibbiy sugʻurtani yoʻlga qoʻyish orqali xizmat sifatini oshirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi. Aholini qiynab kelayotgan onkologik, yurak-qon tomir va endokrin kasalliklar boʻyicha erta oʻlimni keskin kamaytirish muhimligi taʼkidlandi.
Yigʻilishda vazirlar tizim faoliyatini samarali tashkil etish masalalari va ustuvor vazifalar yuzasidan axborot berdi.