Shavkat Mirziyoyev Misr sivilizatsiyasi milliy muzeyi bilan tanishdi

0
154
marta koʻrilgan.

Rasmiy tashrif bilan Qohirada boʻlib turgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Misr sivilizatsiyasi milliy muzeyiga tashrif buyurdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Hozirda Qohiraning tarkibiga kirgan qadimiy Fustat shahrida joylashgan muzey Misrning boy tarixidan hikoya qiluvchi noyob eksponatlar toʻplamiga ega. Bu yerda qadim zamonlardan to hozirgi kungacha boʻlgan davrni oʻz ichiga olgan 50 mingdan ortiq ashyolar, jumladan, firʼavnlar moʻmiyolari, hukmdorlar taxtlari va haykallari, zargarlik buyumlari, shuningdek, uy-roʻzgʻor va hunarmandchilik buyumlari koʻrgazmaga qoʻyilgan.

Davlatimiz rahbari ekspozitsiyaning Qadimgi, Oʻrta va Yangi hukmdorlik, yunon, Oʻrta asr va islom davrlariga oid qator xronologik va tematik boʻlimlari bilan tanishdi.

Prezident Misr zaminida bir-birini almashlab kelgan turli sivilizatsiyalarning yodgorliklarini katta qiziqish bilan koʻzdan kechirar ekan, tarix va madaniyat birdek buyuk merosga ega xalqlarimizni yaqinlashtirishning muhim vositasi ekanini taʼkidladi.

Misr tomoni vakillari, oʻz navbatida, Oʻzbekiston rahbariga muzeyga tashrif uchun minnatdorlik bildirib, xalqlarimizni bogʻlab turuvchi mushtarak jihatlar koʻpligi, bu doʻstlik va oʻzaro anglashuv rishtalarini mustahkamlashga xizmat qilayotganini taʼkidladilar.

Shu maʼnoda, ikki mamlakat muzeylari va tarixchilari oʻrtasidagi hamkorlikni kengaytirish, umumiy merosimizni birgalikda oʻrganish, oʻzaro koʻrgazmalar, madaniyat kunlarini tashkil etish muhimligi taʼkidlandi.

Prezidentimiz muzeyning Faxriy mehmonlar kitobida qayd qoldirdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.