Oʻzbekiston Prezidenti Misr ishbilarmon doiralari vakillari bilan uchrashdi

0
98
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Misr Arab Respublikasiga rasmiy tashrifining birinchi kunini ushbu mamlakat yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuvdan boshladi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Misr tomonidan tadbirda xalqaro hamkorlik boʻyicha vazir Raniya al-Mashat, Savdo palatalari federatsiyasi prezidenti Ibrohim Mahmud al-Arabiy, “Elsewedy Electric”, “El Araby Group”, “Orascom Construction”, “Poliserve Group”, “Al-Rowad”, “Lotus Garments Group” kabi yirik kompaniyalar rahbarlari ishtirok etdi.

Uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlarda ulkan salohiyat borligi, ishbilarmonlik va tadbirkorlik aloqalarini kengaytirish, Oʻzbekiston va Misr oʻrtasidagi oʻzaro investitsiyalarni faollashtirish va savdoni oshirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligi taʼkidlandi.

Mamlakatimiz yetakchisi ikki mamlakat ishbilarmon doiralari birgalikdagi saʼy-harakatlari bilan oʻtmishda gullab-yashnagan Buyuk Ipak yoʻlidek mustahkam hamkorlik koʻpriklarini qayta tiklashda muhim oʻrin tutishini koʻrsatib oʻtdi.

Keyingi yillardagi sheriklik surʼati mamnuniyat bilan qayd etildi. Xususan, tovar ayirboshlash koʻrsatkichlari karrasiga oshdi, qoʻshma loyiha va korxonalar soni 6 barobar koʻpaydi.

Davlatimiz rahbari kuni kecha oʻtgan Oʻzbekiston-Misr biznes forumining samarali natijalarini, uning yakunida umumiy qiymati 1,6 milliard dollarlik 20 dan ziyod bitim va shartnomalarni amalga oshirish yuzasidan aniq kelishuvlarga erishilganini yuksak baholadi.

Energetika, elektrotexnika, kimyo, togʻ-kon, toʻqimachilik, qishloq xoʻjaligi, farmatsevtika, charm-poyabzal tarmoqlarida sanoat kooperatsiyasi uchun keng imkoniyatlar mavjudligi taʼkidlandi.

— Misr kompaniyalariga mamlakatimizda katta investitsiya dasturlarini birgalikda amalga oshirish uchun barcha imkoniyatlar ochiq, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlari va yangi oʻsish nuqtalarini roʻyobga chiqarish yuzasidan fikr almashildi. Qoʻshma loyiha va kelishuvlarni amalga oshirishni tez fursatda boshlash boʻyicha takliflar bildirildi.

Misrning yetakchi kompaniyalari vakillari oʻz chiqishlarida Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarni yuqori baholadilar.

Boʻlayotgan yangilanishlar, iqtisodiyotning liberallashuvi va qulay investitsiya muhiti yaratilgani Misr biznesining Oʻzbekiston bozoridagi faoliyatini kengaytirish uchun katta imkoniyatlar ochayotgani alohida qayd etildi.

Masalan, “Elsewedy Electric” kompaniyasi elektr energiyasi, transformatorlar va kabel mahsulotlarini ishlab chiqarish boʻyicha Misrdagi eng yirik korxona boʻlib, shamol va quyosh elektr stansiyalarini qurish, transformatorlar, kabel-sim mahsulotlari va qoʻshimcha qismlarni ishlab chiqarish boʻyicha qoʻshma loyihalarni ishlab chiqishga tayyor.

“Orascom Construction” Oʻzbekistonda industrial park yaratgan holda uning hududida lok-boʻyoq mahsulotlari va qurilish materiallari uchun kimyoviy moddalar ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish, shuningdek, 100 MVt quvvatli shamol elektr stansiyasini qurishdan manfaatdor ekanini bildirdi.

Ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish borasida fikr-mulohozalari bilan boʻlishib, Misrning yirik sarmoyadorlari mamlakatimizni Markaziy Osiyo bozorlariga chiqish uchun koʻprik sifatida koʻrayotganlarini qayd etdilar.

Prezident Shavkat Mirziyoyev bildirilgan reja va tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlab, Oʻzbekiston tomonining mutasaddilariga taklif etilgan loyihalar ijrosi ustidan qatʼiy nazoratni taʼminlash topshirigʻini berdi.

Uchrashuv yakunida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish va savdo-investitsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish boʻyicha qoʻshma “yoʻl xaritasi” qabul qilinishi belgilab olindi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.