Odamiylik diyorining Navroʻz shodiyonasi

0
127
marta koʻrilgan.

21 mart kuni “Yangi Oʻzbekiston” bogʻida Navroʻz shodiyonasi boʻlib oʻtdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Bogʻ hududi bayram shukuhiga burkangan. Navroʻz bilan bogʻliq anʼanalar namoyishi, milliy madaniy markazlar koʻrgazmalari tashkil etilgan.

Bayram tadbiriga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashrif buyurib, xalqimizni samimiy tabrikladi.

– Bugun bepoyon Vatanimizning voha va vodiylari, shahar va qishloqlari, bogʻ va maydonlarida el-yurtimiz katta shodu xurramlik bilan Navroʻz sayillarini oʻtkazmoqda. Qalblarimiz quvonchga toʻlib turgan ushbu dilbar lahzalarda keksayu yosh jamiki yurtdoshlarimizni chin dildan qutlab, barchangizga oʻzimning yuksak hurmatim va eng ezgu tilaklarimni izhor etaman, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Maʼlumki, Navroʻz – sharqona yangi yil, tabiatning yangilanish pallasi. Bu falsafa va qadriyatlar Yangi Oʻzbekiston gʻoyasi bilan uygʻundek goʻyo. Mamlakatimizda inson qadrini ulugʻlash, har bir fuqaroning haq-huquqlarini amalda taʼminlash, barcha shahar va tumanlar aholisi uchun munosib sharoit yaratish boʻyicha koʻp ishlar qilinmoqda. Iqtisodiyot va ijtimoiy sohalar har tomonlama rivojlantirilmoqda, ilm-fan, taʼlim, sogʻliqni saqlash, madaniyat va sportga katta eʼtibor qaratilmoqda.

– Hayotimizni yanada goʻzal va obod qilishda biz moʻtabar otaxon va onaxonlarimizdan, ularning dono maslahatlari va duoyi fotihalaridan kuch-quvvat olamiz. Milliy taraqqiyotimizni yangi bosqichga koʻtarish yoʻlida mardona mehnat qilayotgan hurmatli aka-ukalarimiz, aziz opa-singillarimizga – butun xalqimizga ishonamiz va tayanamiz, – dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari Vatan ravnaqi yoʻlida munosib xizmat qilayotgan barchaga tashakkur izhor etdi. Kelgusi oyda oʻtadigan muhim siyosiy tadbirda fuqarolar yuksak siyosiy tafakkur va madaniyatini namoyon etishiga ishonch bildirdi.

Dehqon va fermerlar, sportchilar, yoshlarning yutuqlari yodga olindi.

Xalqimizga xos savobli amallarni faqat Navroʻz ayyomida emas, balki har kuni ado etish lozimligi taʼkidlandi.

– Bugun biz barpo etayotgan ijtimoiy va xalqparvar davlatda mehr-shafqat, saxovat va himmat, oʻzaro hurmat va hamjihatlik hayotimiz qoidasiga aylanishi zarur. Toki azaldan “odamiylik diyori” deb shuhrat qozongan Vatanimizda har bir inson xalqimiz va davlatimizning mehri va eʼtiborini toʻla his qilib yashasin, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident yurtimiz musulmonlarini, butun islom ummatini yaqinlashib kelayotgan Ramazon oyi bilan ham muborakbod etdi.

Xorijiy davlatlarning elchilari va xalqaro tashkilotlar vakillari, ularning mamlakatlari va xalqlariga ham ezgu tilaklar yoʻllandi.

Bayram katta konsert dasturi bilan davom etdi. Falklor-etnografik jamoalar va sanʼatkorlarning chiqishlari, milliy oʻyin va askiyalar barchaga zavq-shavq ulashdi.

Tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, parlament va hukumat aʼzolari, turli hududlardan mehmonlar, mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.

Tantanadan soʻng, Prezident Shavkat Mirziyoyev milliy madaniyat markazlari va xalq amaliy sanʼati koʻrgazmalarini kuzatdi. Bayramga kelgan odamlar bilan suhbatlashib, ularni tabrikladi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.