Oʻzbekiston Prezidenti YeTTB bilan strategik hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlarini belgilab berdi

0
63
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev  Samarqand shahriga tashrif doirasida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Bassoni qabul qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Uchrashuv boshida davlatimiz rahbari bank rahbariyati va jamoasini Boshqaruvchilar kengashining yillik yigʻilishi 70 ta mamlakatdan 2,5 ming nafardan ziyod delegat ishtirokida Oʻzbekistonda muvaffaqiyatli oʻtkazilayotgani bilan samimiy tabrikladi.

Ushbu tadbir global iqtisodiyot istiqbollarini keng muhokama va chuqur tahlil qilish, uni barqaror rivojlantirish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish uchun muhim maydon boʻlishiga ishonch bildirildi.

Keyingi yillarda Oʻzbekiston bilan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki oʻrtasidagi samarali hamkorlik yuksak darajaga koʻtarilgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi.

2017 yildan buyon bank mamlakatimizga 3,3 milliard yevro investitsiya kiritdi, loyihalar portfelining 55 foizi xususiy sektorga toʻgʻri kelmoqda. Oʻzbekiston YeTTBning mintaqadagi yetakchi hamkori hisoblanadi va amaliyotlar hajmi boʻyicha birinchi beshlikka kiradi.

Bankning koʻmagi va faol ishtiroki bilan Xorijiy investorlar kengashining birinchi yigʻilishi samarali oʻtkazildi. Investitsiya va bank-moliya sohalarida yirik bitimlar amalga oshirildi. Yetakchi moliyaviy institut ekspertlari “yashil” iqtisodiyot, kommunal soha va transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, ekologiya va boshqa ustuvor yoʻnalishlardagi islohotlarga koʻmaklashmoqda.

Yangi uzoq muddatli Sheriklik strategiyasini tayyorlash va boyitish masalalari diqqat markazida.

Kichik va oʻrta biznesni rivojlantirish, ayollar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash, xususiylashtirish va iqtisodiyotda xususiy sektor ulushini oshirish, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini, “yashil” va innovatsion texnologiyalarni joriy qilish hamda “Yashil shaharlar” dasturidagi ishtirokni kengaytirish borasidagi dastur va loyihalar hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari sifatida belgilab olindi.

Markaziy Osiyoda mintaqaviy integratsiyani mustahkamlash loyihalarini qoʻllab-quvvatlash uchun keng imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi.

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso Samarqand shahrida bank boshqaruvchilarining yillik uchrashuvini tashkil etish va muvaffaqiyatli oʻtkazishda koʻrsatilgan koʻmak uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.

Tomonlar mamlakatimizdagi ortga qaytmas tus olgan islohotlar doirasida Oʻzbekiston va YeTTB strategik hamkorligining yangi kun tartibini birgalikda amalga oshirishga tayyor ekanini taʼkidladilar. 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.