Oʻzbekiston xalq artisti Sherali Joʻrayev vafoti munosabati bilan hamdardlik

0
61
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston madaniyati va sanʼati ogʻir judolikka uchradi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Milliy qoʻshiqchilik sanʼatimizning atoqli namoyandasi, ustoz sanʼatkor, Oʻzbekiston xalq artisti Sherali Joʻrayev shu yil 4 sentyabr kuni 77 yoshida vafot etdi.

Sherali Joʻrayev 1947 yil 12 aprelda Andijon viloyatining Asaka shahrida tugʻildi.1971 yilda Toshkent teatr va rassomchilik sanʼati instituti (hozirgi Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti)ni tamomlab, mehnat faoliyatini “Shodlik” ashula va raqs ansamblining xonandasi sifatida boshladi. Koʻp yillar Andijon viloyati filarmoniyasi, Oʻzbekiston davlat filarmoniyasi, “Oʻzbekkonsert” davlat muassasasi kabi ijodiy tashkilotlarda faoliyat koʻrsatib, xalqimizga sidqidildan xizmat qildi.

Sherali Joʻrayev oʻzining noyob  isteʼdodi, betakror ovozi va yuksak ijro mahorati bilan yuzlab yorqin qoʻshiqlar yaratib, xalqimiz oʻrtasida munosib obroʻ-eʼtibor topdi. Mumtoz va zamonaviy adabiyotimizning koʻplab sheʼriy namunalarini kuyga solib, oʻzbek qoʻshiqchilik sanʼatining “oltin fondi”ni boyitishga beqiyos hissa qoʻshdi.

Sherali Joʻrayev koʻp yillik samarali ijodi bilan zamonaviy milliy sanʼatimiz va madaniyatimizni rivojlantirish, uning shuhratini chet ellarda keng targʻib etish borasida ham fidoyilik koʻrsatdi. U jamoat ishlarida ham faol ishtirok etdi. Ayniqsa, milliy parlamentimiz deputati sifatida mustaqilligimizning maʼnaviy asoslarini mustahkamlash, xalqimiz, avvalo, yosh avlodimizni Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash borasida jonbozlik bilan faoliyat olib bordi.

Keyingi yillarda “Vatandoshlar” jamoat fondining Vasiylik kengashi raisi vazifasida samarali mehnat qilib, xorijiy davlatlarda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz bilan aloqalarni mustahkamlashda munosib xizmat qildi.

Mohir sanʼatkor oʻzbek milliy qoʻshiqchiligida oʻz ijodiy maktabini yaratib, koʻplab yosh isteʼdod egalarini tarbiyaladi.

Sherali Joʻrayevning milliy sanʼatimiz va madaniyatimizni rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist”, “Oʻzbekiston xalq artisti” faxriy unvonlari, Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Respublikasi davlat mukofoti, “Fidokorona xizmatlari uchun” va “El-yurt hurmati” ordenlari bilan mukofotlangan edi.

​Betakror sanʼatkor, samimiy va kamtarin inson, yoshlarning mehribon va talabchan ustozi Sherali Joʻrayevning yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.

​​​Sh.Mirziyoyev, T.Norboyeva, N.Ismoilov,
A.Aripov, X.Sultonov, O.Nazarbekov

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.