Xotira aziz yohud shamoldek oʻtkinchi foniy dunyo allomalar taʼkidlaganidek ikki eshik orasi

0
747
marta koʻrilgan.

Allomalarimiz bu foniy dunyoni ikki eshik orasi deya tariflashadi.  Odamzot bir eshikdan kiradiyu ikkinchi eshikdan chiqib ketadi. Inson bu foniy olamga qachon kelishini-yu qachon ketishini, ikki eshik oʻrtasida qancha umriguzoronlik qilishini yolgʻiz yaratgan egam biladi. Bu Ollohning eng buyuk haqiqati.

Kursdoshlarimizdan oʻn bir kishi boqiy olamga rixlat qilganini eshtganimizda, marhumlarning joyi jannatda boʻlsin, Olloh oʻz rahmatiga olsin deyishdan boshqa nima ham derdik, bizning qoʻlimizdan duo qilib oxiratini soʻrash va yaxshi soʻzlar bilan xotirlashgina keladi. Insonning hayotini, umrini, kelib ketishini ulugʻvor olamning turfa gullariga qiyoslash mumkin. Insonning tugʻilishi va gullar kabi soʻlishi haqiqat. Faqat xotiralarda gullar kabi yashnab turishi goʻzal!

 

Allomalarning foniy olamni bevafo dunyo deb atashi bejiz emas. Xalq matallarida aytilganidek hikmat izlaganga hikmatdir dunyo. Zero, inson bosib oʻtgan izlariga  qayrilib qarab, undan xulosalar chiqarib, hikmatlar izlab yashaydi. Inson maʼlum davonga kelganida oʻtgan yoʻlingga nazar tashlaydi. Kursdoshimiz Xolmurod Allanazarov ana shu dovonda turib, “Kursdoshlar kursdoshlar haqida” degan kitob yaratsak, degan tashabbus bilan keldi. Qaysi kursdoshlar haqida kimlar yozishi mumkinligini kelishib oldik. Biz bilan birga oʻqigan boqiy olamga oʻtgan oʻn bir kishi haqida xotirlab oʻtishni qalbga tugdim. Chunki ularning har biri oʻziga xos va oʻziga mos yoʻlni bosib oʻtdi. Ularning har birini Olloh oʻz marhamatiga olgan boʻlsin.

Bu olamdan oʻtib ketgan kursdoshlardan biri Shahriyor Latipov (joyi jannatdan boʻlsin) ziyoli oilada kamol topgan, choʻlni gullatayotgan, bogʻ-rogʻga aylantirayotgan mashhur sovxoz direktorining oʻgʻli edi. Bir kuni kursimiz yetakchisi Namoz aka Saʼdullayev Raʼno siz ijaraga uy izlayotgan edingiz bir joyni tavsiya qilaman, deb qoldi. U paytda akam oilasi bilan Toshkentga koʻchib kelishgan ilmiy ish qilish niyatida edi. Shahriyor Latipovning ota-onasi Sirdaryoda turishar, universitetning orqasida Professorlar shaharchasida moʻjazgina, serdaraxt  hovlisi bor edi. U yerda Shahriyor ukasi bilan birga yashardi. Shahriyorning onasi bilan uchrashdik. Uning onasi baland boʻyli sharq malikalaridek goʻzal ayol bizni xushkayfiyat bilan kutib oldi. “Oʻgʻlimning oʻqishlariga yordamlashsangiz boʻldi, ijara haqqi ham kerak emas”dedi. Biz akamning oilasi bilan birga u uyga koʻchib oʻtdik. Shartlashganimizdek men Shahriyorga darslarni oʻzlashtirishda yordamlasha boshladim. Shahriyor yosh boladek, qalbi toza, bir gapirib oʻn kuladigan, samimiy yigit edi. Men uni Chingiz Aytmatovning “Oq kema” asaridagi orzulari serob bolakayga va uning bobosi dunyoni oʻzicha samimiy anglaydigan Moʻmin cholga oʻxshatardim. Darhaqiqat, Moʻmin choldek qalbida kiri yoʻq moʻmin-qobil yigit edi. Dars tayyorlashni  yoqtirmasada, qizgʻin suhbatlarni xush koʻrardi. Rus adabiyotidan imtihonga tayyorgarlik koʻrayotgan davrimiz edi. Bir kuni Raʼno shu mavzuni juda yaxshi biladi deb, koʻpgina kursdoshlarni yigʻib kelibdi. Ularning bariga rus adabiyotidan oʻqigan kitoblarimni mazmun- mohiyatini gapirib, qisqa sharhlab berdim. Hammamiz muvafaqiyatli oʻtdik. Kursdoshlar u yerga tez-tez jam boʻlardik, shuningdek bizdan pastki kursda oʻqiydigan oʻshlik Saltanat, keyinchalik  Yorqul kursdoshimizga turmushga chiqqan oʻshlik Raʼno, bizdan bir yil oldin oʻqigan buxorolik Vahobga turmushga chiqqan Muazzam va oʻz kursdosh qizlarimiz tez-tez kelib turishardi. Hovlida goʻzal serdaraxt bogʻcha bor edi. U yerda tushgan Santalat olgan suvratlarni hozir ham tez-tez tomosha qilib turaman. Shahriyorning onasi ham tez-tez kelib turar, uyning oʻzlari turadigan qismida emas, bizning yonimizda orom olardi va biz uzoq suhbatlashib oʻtirardik. Suhbatijon ayol edi. U yerda olti oylarcha turdik. Soʻngra oʻz maskanimizga ega boʻlib chiqib ketdik. Shahriyor mashhur, zarbdor traktorchi qizni yoqtirib tanladi, unga oʻylantirishdi. Farzandli boʻldi. Oʻzidan iz qoldirdi, biroq jurnalistikada ishlamadi. Tumanning maʼrifiy-madaniy ishlariga munosib hissa qoʻshdi.

Aslida jurnalistika fakultetini tugatgan barcha talabalar bu sohada ishlab ketavermaydi. Masalan, Sirdaryolik kursdoshlarimiz Oʻrozov Mirzo, Shoyzoqov Habibullolar ham  bu yoʻnalishda ishlashmadi, biroq oʻzi tugʻilib oʻsgan qishloqda maʼrifiy-madaniy ishlarga bosh-qosh boʻlib yurishganini eshitardik. Barini joyi jannatdan boʻlsin.

Yana bir kursdoshimiz Gʻulom Akramov esa, jurnalistikani tugatib, folklorshunoslik sohasini tanladi. Ilmiy izlanishlar olib bordi. Gazeta-jurnallarda xalq ogʻzaki ijodiga oid koʻplab maqolalar chop etdi. Bir kuni turmush oʻrtogʻim Namoz aka kelib endi bir hafta suyuq ovqat pishirib turing, Gʻulomjon yonimizdagi kasalxonada yotgan ekan. Yoʻqlab boramiz deb qoldi. Oʻshanda anginasini oldirib yotgan Gʻulomjonni koʻrgani borib, yanada yaqindan tanishganmiz. Xalq ogʻzaki ijodini xush  koʻrishini, bu sohaning bilimdoni ekanligini his qilganmiz. Bir paytlar Vazirlar Mahkamasining bogʻi boʻlgan osoyishta bogʻ-rogʻli maskan oʻsha paytda Toshkent shahar 10- kasalxonasi edi. Bugungi kunda u yerga Ichki ishlar vazirligining shifoxonasi joylashgan. Bu yerda qizgʻin suhbatlar kechardi. Ungacha men bu yigitni faqat auditoriyadagina koʻrardim. Tanaffuslarda bir pas muloqot boʻlardi, yana darsga kirib ketardik. Olloh bir sabab qiladiki, inson bir-birini bilib olar ekan. Oʻshanda  uning xalq ogʻzaki ijodining taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshish orzusida ekanligini bildik. U niyatiga yetdi. Filologiya  yoʻnalishda fan nomzodi boʻldi. Koʻplab ilmiy maqolalar yozdi.U qisqa umrida xalq ogʻzaki ijodiga oid oʻz risolalari, kitoblarini chop etishga ulgurdi. Gʻulomjonning ham joyi jannatda   boʻlsin.

Kursdoshimiz andijonlik Ibroxim Sotiboldiyev  turmush oʻrtogʻi bilan Toshkentda tanishdi, U qiz Toshkent farmatsevtika institutida oʻqib yurardi. Ularning toʻylariga men bora olmaganman-u Namoz aka qatnashib kelgan edi. Ibroxim oʻqishni tugatib oʻz yurtiga ishga ketdi. Dastlabki paytlarda oilasi bilan Toshkentga kelganida kelib turishardi. Turmush oʻrtogʻi oʻzlari yashayotgan joyda apteka ochib, tadbirkorlik bilan shugʻullana boshladi. Bu oila sayru-sayohatni xush koʻrardi, gohida Yaltaga, gohida Moskvaga sayohatga borishardi. U paytlarda men yosh bolalarim bilan taʼtilda uyda oʻtirardim. Ularning saʼy-harakatlariga intilishlariga havasim kelardi. Oʻz faoliyatini viloyat gazetasida oddiy muxbirlikdan boshlagan Ibroxim jurnalistika maydoni pillapoyalarini bosqichma bosqich bosib oʻtdi. Keyinchalik boʻlim mudiri, bosh muharrir oʻrinbosari, bosh muharrir, viloyat teleradiokompaniyasining raisi darajasiga yetishdi, Ibroximjonning ham joyi jannatdan boʻlsin.

Oʻrol Oʻtayev bilan Oʻzbekiston televideniyesida bir vaqtda ish boshlaganmiz. U badiiy koʻrsatuvlar tahririyatida ishlardi, Men propaganda tahririyatida faoliyat yuritardim. Ikkinchi jahon urushidagi gʻalabaning oʻttiz yilligiga turkum koʻrsatuvlar tayyorlay boshladim. Oʻrol tayyor koʻrsatuvga bir qahramonni qoʻshishni iltimos qildi. U juda katta koʻrsatuv boʻlib, Alisher Navoiy nomidagi muzeyning zalida olinayotgan edi. “Ssenariy tasdiqlanib boʻlgan qanday qoʻshaman. Buni oʻzingiz mendan ham yaxshi bilasizku, kelgusi songa juda chiroyli qilib yoritib beraman. Oʻzingiz ham qatnashasiz baʼzi narsalarni jurnalistik nuqtai nazardan sharhlaysiz” deya javob qildim. Bir gap aytmasdan arazlab ketib qoldi. Xullas,  kattalarga kirib shu songa ruxsat olib, ssenariyga kiritibdi. Men uni talabaligimizda  Chingizxon avlodimisiz deb hazllashardim. Chunki, u qoʻzlari qisiq, ozgʻingina biroq, baland boʻyli yigit edi. ”Bilib bosqinchi Chingizxon avlodimisiz demagan ekanman, gapingizni oʻtkazishga harakat qilar ekansiz” dedim men ham unga. “Unga vaʼda bergan edim,Raʼnolxon” dedi uzrli ohangda. Oʻrol ana shunday tezkor ishlashni yoqtiradigan, birovga soʻz bergan boʻlsa, ustidan chiqishga intiladigan jurnalist edi. Matyoqub Qoʻshchanov rahbarligida  ilmiy izlanishlar olib borayotgan edi. Gazeta-jurnallarda ilmiy maqolalari ham tez-tez chiqib turardi. Xullas u televideniyeda oddiy muharrirlikdan boshlab, boʻlim mudiri, bosh tahririyat rahbari va televideniyening direktori darajasigacha boʻlgan pogʻonalarni bosib oʻtib, mohir mutaxassis va rahbar boʻlib yetishdi. Jurnalistika taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshdi. Joyi jannatda boʻlsin.

Karim Boʻronov bir umr bir joyda “Oʻzbekiston” nashriyot -matbaa- ijodiy uyida  ishlab, qarilik nafaqasiga  chiqdi. Bir umr bitta vazifada, bitta joyda ishlash ham koʻp narsani belgilaydi. Uning sabr-toqatli ekanligini, kasbiga oʻzga xos mehrini ifodalab turadi. U mamlakatimizning birinchi prezidenti Islom Karimovning chop etilayotgan asarlariga muharrirlik qilardi. Uning ilmi oʻtkirligini, bilimi yuksakligini, ishga masʼuliyati yuqori ekanligini  ana shu misolning oʻzi ham anglatib turadi. Qashqadaryo viloyatidan kelib poytaxt shaharda oʻz oʻrniga ega boʻlish oson ish emas, albatta. Unga ishxonasidan uy berildi, hukumatimizning qator orden-medallariga sazovor boʻldi.

Bir kuni qizimni uyiga borayotsam, uni Sebzorda uchratib qoldim. Nevarasi bilan yurgan ekan. Shu yerda turaman, ishxonamiz menga shu yerdan uy berdi, dedi quvonch bilan. Afsuski, qarilik gashtini sura olmadi, nafaqaga chiqqach tezda olamdan oʻtdi. Joyi jannatda boʻlishini yaratgan egamdan soʻrab qolamiz.

Gʻaybullayeva Sharofat oʻgʻil bola kelbat qiz edi. U bizning kursga ikkinchi oʻquv yilida keldi va tezda el boʻlib ketdi. Sirdaryoga paxta terimiga borganimizda bir-birimizni yanada yaqindan bilib olish imkoniyati topildi. Barakni boshiga koʻtarib gapirar, kulganida 200dan ortiq bola joylashgan barak jarangdor kulgiga toʻlardi. Ovqatlanayotganimizda ham uch kishini oʻrnini olardi, biroq, balerinalarga oʻxshab oʻtira olardi. Biz qizlar uni oʻtirishini mashq qilib ham eplay olmasdik. Haqiqatparvar, shu bilan birga birovning dilini ogʻritmaslikka intilardi. Men ular bilan koʻpam muloqotda boʻlmasamda, hayot yoʻldoshim Namoz aka Saʼdullayev safarlarga tez-tez chiqib turar har biridan habar olib, ularning hayotidagi yangiliklarni aytib turardi. “Buxoro haqiqati” gazetasida muxbir boʻlib ishlayotganini viloyat hayotidan yaxshi-yaxshi maqolalar yozayotganini erimdan eshitardim. Olloh uni oʻz raxmatiga olgan boʻlsin.

Baxtiyor Neʼmatov biz bilan besh yil oʻqidi. U nogironlik aravachasida oʻtirsada, dars qoldirmaslikka, hamma narsaga ulgirishga intilardi. Universitetni bitkazganidan keyin Namangan viloyat gazetasida ishladi. Men u bilan bitkazib ketgandan keyin hech uchrashmaganman. Biroq, jurnalistikada munosib xizmat qilayotganini sohamiz odamlaridan eshitib turardim. Olloh uni ham oʻz marhamatiga olsin.

Shuningdek, biz bilan maʼlum muddat partadosh boʻlgan Quyi Chirchiq tuman gazetasida muharrir boʻlib ishlagan Dilbar Usmonova va Abduvosit Valiyevlardan  ham Olloh oʻz marhamatini darigʻ  tutmasin. Yotgan joylari nurga toʻlsin.

Raʼno Zaripova, Respublikada xizmat koʻrsatgan jurnalist

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.