Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bayonoti

0
52
marta koʻrilgan.

Toshkent shahrida 2018 yil 27 mart kuni boʻlib oʻtgan Afgʻoniston boʻyicha xalqaro konferensiya davomida erishilgan kelishuvlarga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi ushbu mamlakatdagi vaziyatni barqarorlashtirish va uni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga koʻmaklashishga qaratilgan saʼy-harakatlarni davom ettirmoqda. 

Oʻzbekiston oʻtgan davr mobaynida Afgʻoniston hukumati, AQSH, XXR, Rossiya, Xalqaro muloqot guruhiga aʼzo mamlakatlar, Yevroosiyo mintaqasi, Janubiy Osiyo, Oʻrta va Yaqin Sharq davlatlari vakillari bilan bu borada qator maslahatlashuv uchrashuvlari va muzokaralar oʻtkazdi. 
 
Taʼkidlash joizki, Afgʻoniston boʻyicha forum doirasida bir ovozdan qabul qilingan, mintaqaviy va global miqyosda tinchlikka erishish, terrorizmga va narkotik moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish, shuningdek, mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga qaratilgan birgalikdagi saʼy-harakatlarni nazarda tutuvchi Toshkent deklaratsiyasi ushbu yoʻnalishdagi ishlarni amalga oshirish uchun muhim siyosiy asos boʻlib xizmat qilmoqda. 
 
Shu bilan birga, Toshkent konferensiyasi ishtirokchilarining umumiy pozitsiyasini roʻyobga chiqarish maqsadida Oʻzbekiston tegishli aloqalar oʻrnatib, Tolibon harakatining yuqori martabali vakillari bilan amaliy uchrashuvlar oʻtkazdi. Uchrashuvlarda Afgʻonistonda uzoq muddatli tinchlik-barqarorlik oʻrnatish va mamlakatni iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan muloqot va oʻzaro hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. 
 
Shundan kelib chiqib, Oʻzbekiston Afgʻoniston hukumati va Tolibon harakatining Ramazon hayiti nishonlanishi munosabati bilan oʻzaro oʻt ochishni toʻxtatish tartibini joriy etganini olqishlaydi. Oʻzbekiston ushbu yarashuv Afgʻoniston Prezidenti Ashraf Gʻanining oʻt ochishni toʻxtatish tartibini uzaytirish toʻgʻrisidagi qaroriga amal qilgan holda muddatsiz tus olishiga umid qiladi.
 
Qaror topayotgan vaziyatni hisobga olgan holda, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining tashabbusiga asoslanib, Tashqi ishlar vazirligi tinchlik jarayonining barcha bosqichlarida Oʻzbekiston hududida Afgʻoniston hukumati va Tolibon harakati oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar tashkil etish uchun zarur sharoitlar yaratishga har tomonlama tayyor ekanini tasdiqlaydi. 
 
Toshkent shahri, 2018 yil 18 iyun

Manba: OʻzA

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.