Kun boʻyi xizmatchilik deya yugurasiz. Charchaysiz. Goh kasbi koringizdan huzur olasiz, goh esa asablaringiz qaqshaydi. Ish tugagach, qorongʻuda ham qoqilmay yetib kelishingiz mumkin boʻlgan qadrdon maskanga oshiqasiz.
Uyda ham tashvishlar yetarli.“Roʻzgʻor-gʻor”, deysiz tishingizni-tishingizga bosib. “Besh kunlik umrim ishxona va uy orasida qatnab oʻtib ketyapti”, deysiz oʻksinib. Aslida yelkangizdagi shu ogʻir yukning qanchalik buyukligi haqida oʻylab koʻrmaysiz. Ishdan qaytayotganingizda negadir kayfiyatingiz koʻtarildi. Toʻgʻri-da, ishda obroʻsi bor odamning uyida ham oʻrni boʻladi. Qolaversa, keksa ota-onangizga, bir juft qora koʻzga tik qaray olasiz. Darvozani ochayotganingizda koʻzingizda allaqanday osoyishtalik ila magʻrurlik qalqadi. Barcha yugur-yugurlar, charchoqlar, mana shu roʻzgʻorni tebratish uchun ekanligini, bu makonda osudalik hukm surayotganining boisi saharlab chiqib, tun qorongʻusida kelayotganingizni oʻylab, charchoqni biroz unutdingiz.
Hali chiroq oʻchmagan bejirimgina, moʻjaz uyga kelishingizni kutib oʻtirgan ikki nafar insonning hanuz uxlamaganidan achchiqlandingiz. Yaqinroq borib: – Men keldim, – deya tovush berdingiz. Vo ajabo, tish orasidan gaplashib oʻtirgan bu halovatsiz insonlarni birgina “men keldim” degan gap bilan tinchlantira oldingiz-a. Qoyil.
Tayyor turgan “luqmai halol” ni yeyishga ishtahangiz boʻlmaydi. Oʻta charchagansiz. Bu tunni xayollar ichra oʻtkazishingiz aniq. Narigi xonada yengilgina pishillab uxlayotgan bolalaringizning nafasi eshitildi. Ularni sochlarini silab erkalagandek, choyshabini toʻgʻrilagandek boʻldingiz. Oilaning tirgagi ham, suyanchi ham siz. Xudo koʻrsatmasin, siz boʻlmasangiz mana shu farovonlikka, osudalikka putur yetishi, shubhasiz. Uyda hamma narsa bor. Ota-onangiz duoyi joningizni qilib oʻtiribdi. Lekin negadir koʻnglingiz gʻash. Yelkangizdagi “oila” deb atalgan yukning buyukligini anglashingiz uchun, ehtimol, hali ne-ne tunlar qorayib, ne-ne tonglar oqarar.
Tunning birdan-bir fonusi ham bulutlar ortiga chekindi. Osmonning tunda chehrasiga boqib yana gʻashlandingiz. “Baxt nima ekan oʻzi? Nega oʻzimni baxtli sezmayapman? Nima u koʻnglimga mudom gʻashlik solib turgan?” Shu xayollar bilan yana nigohingiz moʻjazgina kulbaga tushadi. Ilkis koʻnglimdagi gʻashlikka ota-onamning qariyotgani sabab emasmikan, degan oʻy keladi. Ularning borgan sari yaxshi yesa-yemasa eti suyagiga yopishib boryapti. Mening ota-onam degan gap ham omonatdek tuyuladi. Nahotki, bir kuni. Shaxnozaning otasi kechasi uxlabdi-yu, ertalab uygʻonmabdi. Borib qarasa…
Oʻzingizga boʻlgan ulkan ishonch toʻsatdan nuray boshlaydi. Oʻzingizni kutilmagan soʻroqlarga tutasiz. “Nega darvozadan kiriboq, ularning hollarini soʻramadim? Bir piyola choyni oʻsha yerda ichmadim, kayfiyatlarini koʻtarmadim. Ishlab kelayotganimni minnat qildimmi? Axir, ular meni yillab boqib, oʻqimishli qilib, bir uy boʻlib oʻtirishimga sharoit yaratib, minnat qilmadilar-ku!
Nega men ularning ertaroq uxlamay, yoʻlimga koʻz tikib oʻtirganlari evaziga achchiqlandim, zarda qildim. Necha yil boʻldi, axir ularga bir Xudoning farzi boʻlgan salomni bermaganimga. “Men keldim”, emish. Birrov eshikni ochib, muomala qilishga, diydorini koʻrishga yaramay qoldingmi? Mabodo, Xudo koʻrsatmasin… Shu tobda borsammikan. Onamning tizzalariga bosh qoʻysam, otamning oyoqlarini uqalasam. Oʻrtalarida boladek yotsam. Ikki bolali ayolga yarashmasov.
Tong otishi bilan kiraman. Tonggacha esa ancha bor. Xayolning vasvasali ipini uzish uchun bir pas choʻzilasiz. Hovliga chiqib miyani biroz dam oldirish uchun oshiqayotganingizda, qizalogʻingizni usti ochilib qolganini koʻrib, bolalarning oldiga keldingiz. “Mana, mening suyanchlarim, umrimning mazmuni, zurriyotlarim. Meniki bular”, degan oʻydan koʻnglingiz koʻtarildi.
Hovliga chiqib oy shuʼlasida yulduzlar sanab, biroz xayol surdim. Xudoning koʻzi oʻng boʻlsin. Oʻgʻlingiz bilan bafurja gaplashmaganingizga ham ancha boʻlibdi. Qaydan bilsin, uning doʻstlari kim? Soʻrab-surishtirish kerak. Tong otgandayoq surishtiraman. Qiz bolaning yoʻrigʻi boshqa. Egasi kelib olib ketadi. Jamalak sochlari yostiq bilan bir boʻlib yotgan qizaloqlaringizni birovdan qizgʻandingiz. Ertami, indin birovning xonadonida mehrga zor boʻladimi? Oʻgʻil-ku, oʻzingizniki. Qiz bola birovning xasmi, deydilar. Mehmon ular. Mehmonning izzatini joyiga qoʻyish kerak. Borgan joyida mehrga zor boʻlmaydimi? Ularga juda yaxshi koʻrishimni aytmaganman biror marta ham. Nega aytmadim-a. Aytsam, osmon uzilib yerga tusharmidi? Bor-yoʻgʻi xursand boʻlishardi. Men ishdan kelganimda hadiksirab, iymanib, biror notoʻgʻri ish qilishdan choʻchib oʻtirishmasdi.
Nega hozir baralla baqirib oila aʼzolaringizning har birini yaxshi koʻrishingizni aytgingiz kelyapti. Bu qaro tun uzra, ularsiz bir lahzangizni tahlil qildingiz. Siz oʻzingizga bino qoʻydingiz. Butun boshli oilaning suyanchigʻiman, dedingiz. Siz ham bugungi kunda qoʻlidan ish kelmaydigan ota-onangizga, norasida goʻdaklaringizga suyanib yashayotganligingizni, aslida ular tom maʼnoda sizniki emas, Yaratganning sizga bergan neʼmatlari ekanligiga imon keltirdingiz. Ulardan ajralib qolish mumkinligi qay darajada sizga yaqin kelgan boʻlsa, ayni daqiqada baxtli ekanligingizni ham angladingiz. Buyuk–baxt, ulugʻ-neʼmat. Nega noshukurlik qildim. Kindik qonim tomgan bu aziz makonda jigargoʻshalarim yonida, duogoʻylarim bilan yonma-yon yashayotganligim baxt-ku!
Koʻnglingiz tubidan sizib chiqqan bu sadoning huzurbaxsh epkini aro yoz oqshomi shabadasidan qonib-qonib sipqordingiz. Tong navosi, nafasi tomirlarimga oqib kirib xatirjamlik bagʻishlagandek boʻldi. Ana, otangiz tahorat olish uchun oftobani olishga bormoqda. Onajoningiz qoʻliga oftoba va sochiqni shitob ila olib otangiz yoniga chopayapdi. Onajonim bajarayotgan vazifani oʻy surmasdan ikkalasi uchun men qilishim kerak edi deya, bir zum oʻylab qoldingiz… «Tur, aziz insonlaringni qoʻlidan ol, savobga qol. Inson ham bogʻchada oʻsayotgan qoqigullar misol. Yerni yorib chiqadi. Quyoshga qarab boʻy choʻzadi. Alloh nuri ila sap-sariq gullaydi. chor-atrofga goʻzallik, insonga huzur bagʻishlaydi. Kuz kelgach, sap-sariq gullari oppoq pufaklarga aylanadi. Puf desangiz uchib ketadi. Inson umri ham ana shunday emasmi?!» dedi koʻngliningiz. Bezovta qalbingiz yana tinchlanmadi, dast oʻrningizdan turdingiz. Ota-ona qoshiga yugirdingiz. Baxt oʻzi nima azizlarim!?
Shaxnoza ERGASHYeVA, Xalq deputatlari Uzun tuman Kengash kotibiyati bosh mutaxassisi