DILBAR BEKCHANOVA: OQIBAT MEHROBI (Qissa) – Urushning olovli yillari (davomi)

0
33
marta koʻrilgan.

1941 yilning iyun oyida, yuqorida hikoya qilinganidek,  Sapaboy ogʻir xastalikdan soʻng olamdan oʻtdi. Qamoqxonadagi azob-uqubatlar, nohaqlik uni qattiq holdan toydirgan edi. Taqdirning yana achchiq qismati ayollar boshiga koʻp mushkulotlarni soldi. 22 iyun kuni boshlangan urush, fashistlarning Rossiya chegaralarini buzib kirishi Markaziy Osiyo  xalqlarining  ham boshiga katta musibat keltirdi. Oʻsha yili Bikajonning toʻngʻich oʻgʻli Zarifboy 19 yoshga,  kenja farzandi 3 yoshga kirgan edi. 

Aka-ukalarni olib ketishgan oʻsha mashʼum kunda ayrim  hujjatlarni yoʻqotib qoʻygan ayollar bolalarining guvohnomalarini qayta tiklashga majbur boʻlishdi. Noming oʻchgur  urush koʻpgina oilalarning yostigʻini quritdi. Zarifboyni ham urushga olib ketish haqida gap chiqish arafasida hujjatlar qayta rasmiylashtirildi va uning tugʻilgan yili kichikroq koʻrsatilgani bois chaqiruv qogʻozi kelmadi. Opa-singillar bu ham Allohning bizga koʻrsatgan inoyati, degan yaxshi niyat bilan qattiq quvonishdi. Negaki,  katta roʻzgʻorni xola va Zarifboy  yurgizib turishgan edi. Agar bu bola ham urushga ketib qolsa, oila nihoyatda tang va nochor holda qolishi tayin.

– Bolaginamni urushga olib ketishsa, nima qilaman, deb har kun qon yutib oʻtirgandim,  Poshshajon, – dedi opasi bir kuni bu xushxabardan quvonib.

– Alloh bizni yorlaqadi. Zarifboyni ham urushga olib ketadigan boʻlishsa, ahvolimiz ne kechardi.

Zarifboy shu tariqa xolasi bilan yeng shimarib, roʻzgʻor tashvishiga shoʻngʻidi. Ukalarini boqish, oʻqitish masʼuliyati yoshgina yigitning zimmasiga tushdi. Etik tikib, kun koʻrayotgan shu damlarda  otasi haqida kimdir soʻrasa ogʻiz ochib biron soʻz aytishga qoʻrqardi. Poshshajon jiyanlariga juda ehtiyot boʻlib, gapirish kerakligini har kun taʼkidlagani-taʼkidlagan edi. Koʻngliga taskin beruvchi insonlar juda kamligidan baʼzan yosh yigitning yuragi siqilardi.

 Urush yillari kasb-korga ega  kishilar juda kam edi. Borlari ham frontga ketishgan. Otasining doʻsti kosib Masharif aka ancha qarib qolgan boʻlsa-da, Zarifboyni yoniga olib, unga kasbining mayda sir-sinoatlarigacha oʻrgatdi. Zarifboy kattalar-u bolalar uchun ham chiroyli poyabzallar tika boshladi. Ustozi undagi zehnni,  abjirlik va harakatni koʻrib quvondi.

Urushning asorati eng chekka-chekka qishloqlargacha yetib borgan edi. Uning ikkinchi yilida ochlik, yupunchilik boshlandi. Bu azob-uqubatlarni, muhtojlikni yana bir bor  Bikajon va Poshshajon bolalari ham  oʻz boshlaridan oʻtkazayotgan edilar.  Qoʻlida biror hunari bor kishi har nechuk kunini koʻrishi mumkin edi-yu, oddiy xalq, ayniqsa bolalar  koʻp aziyat chekishdi. Bu ikki ayolning sabru bardoshi,  aql-zakovatiga tan bermay iloj yoʻq edi. Urush orti mehnat fronti mashaqqatlari oldida hech birining irodasi bukilmadi. Aksincha, tabiatan kurashuvchan, shijoati oʻtkir Poshshajon barcha qiyinchiliklarni yengib, kurashib yashashga oʻrgangan edi. Poshshajon kunduzi tikuv fabrikasida ishlab, kechqurunlari opasi bilan birga uyda tikish qilishardi…

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.