Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida joriy yilda inflyasiya darajasini pasaytirish choralari muhokamasi yuzasidan yigʻilish oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Maʼlumki, inflyasiya faqatgina makroiqtisodiy koʻrsatkich emas, aholi daromadi va turmush tarziga taʼsir qiluvchi omil hisoblanadi. 2022 yil yakuni bilan yurtimizda inflyasiya 12,3 foizni tashkil etgan edi. Barcha iqtisodiy mexanizmlarni qoʻllab, joriy yilda bu koʻrsatkichni 10 foizdan pastga tushirish maqsad qilinmoqda.
Buning uchun isteʼmol tovarlari, shu jumladan, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish, ularni “daladan dasturxongacha” yetkazib berishdagi xarajatlarni qisqartirib, arzon boʻlishini taʼminlash zarurligi taʼkidlandi. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishni koʻpaytirish uchun aholiga ajratilgan jami 200 ming gektar yerdan unumli foydalanish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Ushbu chora-tadbirlarni tizimli tashkil etish uchun hududlar salohiyatidan kelib chiqib, har bir tuman va shahar boʻyicha alohida “yoʻl xaritalari” ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.
Aholi daromadlarini oshirishda ularning boʻsh pul mablagʻlarini moliya bozoriga jalb qilish muhim ahamiyatga ega. Bu borada yaratilayotgan qulayliklar oʻz natijasini bermoqda. Jumladan, oxirgi uch yilda aholining bankdagi omonatlari 2 baravarga oshdi.
Lekin, bu yoʻnalishda hali imkoniyatlar koʻp. Shu bois yigʻilishda aholi uchun jozibador moliyaviy xizmatlar turlarini koʻpaytirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.