Matematik lingvistika nima? Yohud matnlarning son tahlili xususida 1-maqola

0
843
marta ko‘rilgan.

Bugun ko‘pgina tilshunos olimlarimiz o‘rtasida lingvistika bu biror gepotezani faqat so‘z va jumlalar bilangina isbotlash yoki nazariyani takomillashtirish, degan dunyoqarash mavjud. Aksariyat filologiya sohasidagi dissertatsiyalarimizda ham  tadqiqot asosan sharhlash, dalil keltirish va tahlil etish asosida olib borilib, biror bir fikr, g‘oya, nazariyaga misollar orqali ishontiriladi. Lekin jahon lingvistika ilm-fanida esa ma’lum bir gepotezani aniq eksperimental tahlil va amaliy empirik tadqiqot asosida “isbotlash” (ishontirish emas!) yoki nazariyani ishlab chiqish allaqachon amalayotga kirgan. Lingvistika sohasida bunday metod matnlarning  matematik tahlili, statistik tahlili, kvantativ tahlili (“kvant” inglizchadan tarjimada “son”, “miqdor” degan ma’noni bildiradi), matematik lingvistika, statistik lingvistika, kvantativ lingvistika kabi nomlar bilan ataladi.

Oksford on-layn lug‘atida matematik lingvistikaga shunday ta’rif beriladi: “Lingvistikaning  matematik modellashtirish metodi orqali amalga oshiriladigan ilmiy tahlil yo‘nalishi matematik lingvistika deb ataladi”.  

Jahonda filologiyasi tadqiqoti tarixida  mazkur metod  XIX asrning oxirlaridan  boshlab qo‘llana boshlangan. L.A.Sherman ingliz nasriy asarlarida  jumlalarning uzunligi haqida 1888 yilda ilmiy ish e’lon qiladi. XIX asr oxiri XX asr boshlarida yashab, ijod qilgan  V.A.Bogoroditskiy, A.M.Peshkovskiy, M.N.Peterson kabi  filologlar rus tilidagi qaysi harflar va tovushlarning nutqda tez-tez qo‘llanishiga doir tadqiqotlar olib borganlar. Mazkur yo‘nalish XX asrning boshlarida shvetsariyalik tilshunos olim Ferdinand de Sossyur va kelib chiqishi polyak-rus tilshunos olim Ivan Aleksaandrovich Boduen de Kurtenelar ilk bor tilga olganlar. Keyinchalik XX asrning 50-yillariga kelib xorij tilshunosligida mazkur yo‘nalish amaliyotga keng kirib keldi.

Bugun Moskvada Kvantitiv lingvistika bo‘yicha Xalqaro Assotsiatsiya ham mavjudki (1994 yilda nemis olimlari G.Altman va R.Keler tashabbusi bilan tashkil etilgan), bu esa jahon lingvistika ilm-faniga mazkur yo‘nalishning keng kirib kelayotganiga ishoradir.  Germaniyada “Kvantitiv lingvistika” jurnali  1994 yildan beri chop etilib turibdi. Bugun dunyoning ko‘pgina oliy o‘quv yurtlarida mazkur yo‘nalish bo‘yicha kurslar o‘qitiladi. Sankt-Peterburg Davlat Universitetining Filologiya fakultetida esa “Matematik lingvistika” kafedrasi ham faoliyat olib boradi.

AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya kabi rivojlangan davlatlarda himoya qilingan dissertatsiyalarda mana shu yo‘nalishi yetakchilik qiladi, gepotezalar aniq raqamlarda, aniq eksperimental tahlil va aniq empirik tadqiqot orqali isbotlanadi.  Zero, empirik tadqiqot natijasida ishlab chiqilgan nazariya yoki isbotlangan gepotezaning xonada ish stoli ustida o‘ylab chiqilgan nazariya yoki isbotlangan gepotezadan farqi ancha salmoqlidir. Matematik yoki statistik lingvistika kompyuter eksperimentiga asoslangan yo‘nalish bo‘lib,  natijasi katta amaliy ahamiyatga ega ekanligi bilan ajralib turadi.

Mazkur metodning afzalliklari:

Tadqiqot ob’ektiv xarakterga egaligi hamda tadqiqot natijalarini tekshirib ko‘rish imkoniyati mavjudligi;
Katta hajmdagi ob’ektni o‘rganish va tadqiqot natijalarini xolis mezonlar asosida xulosalash imkoniyati mavjudligi;
Individual tadqiqot natijalarini boshqa tadqiqotlar natijalari bilan aniq mezonlar, aniq raqamlar va aniq metodlar asosida qiyoslash mumkinligi.
Rus olimi B.N.Golovinning fikricha, filologiya sohasidagi tadqiqotlar muvaffaqiyatli amalga oshirilishi uchun son va sifat tahlili birgalikda olib borilishi kerak. Tilshunoslikda kvantativ tahlilni ko‘pincha matnlarning uslubi, janrlari, mualliflarini klassifikatsiyalashda, shuningdek, so‘z va jumlalar strukturlarini (misol uchun so‘z va jumlalar uzunligi, ma’lum bir so‘z va grammmatik birliklarni  matnda tez-tez qo‘llanish darajasi) tahlil qilishda qo‘llaniladi.

Mamlakatimiz tilshunos olimlari o‘rtasida tilshunoslik ilmiy ishlarida statistik tahlil olib borilganda  filologik tadqiqot emas, balki sotsiologik tadqiqot, degan qarashlar mavjud. Lekin, til bilan bog‘liq muammolarni filologiya sohasi o‘rganmasa qaysi soha o‘rganadi?!

Matematik modellashtirish asosida amalga oshiriladigan tahlil natijalari, u xoh iqtisodiyot, xoh sotsiologiya, xoh filologiya sohasida bo‘lsin, katta amaliy ahamiyatiga egaligi bilan ajralib turadi. Bizda ham ilmiy tadqiqotlarni jahonda tan olingan “toshi og‘ir”  metodlar orqali amalga oshirish vaqti kelmadimikan?!

 

OYDIN SA’DULLAYEVA,

O‘ZDJTU TADQIQOTChISI

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.