Senatning birinchi majlisi boʻlib oʻtdi

0
136
marta koʻrilgan.

Toshkent shahrida  20 yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining birinchi majlisi boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.

Saylov kodeksiga muvofiq tadbirni Markaziy saylov komissiyasi raisi Mirzo-Ulugʻbek Abdusalomov ochgach,  Oʻzbekiston Respublikasining davlat madhiyasi yangradi.

Majlisda Oliy Majlis Senatini shakllantirish ochiqlik va transparentlik kabi demokratik tamoyillar asosida milliy saylov qonunchiligi talablariga asosan amalga oshirilgani taʼkidlandi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, viloyatlar, Toshkent shahar, shuningdek, tumanlar va shaharlar mahalliy Kengashlarining Senat aʼzolari saylovi boʻyicha qoʻshma majlislarida 84 nafar senator saylandi. Yuqori palataning boshqa 13 nafar aʼzosi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlandi.

Senatning yangi tarkibi iqtisodiyot, huquq, fan, tibbiyot, madaniyat, ishlab chiqarish sohalari hamda davlat va jamiyat faoliyatining boshqa tarmoqlarida katta amaliy tajribaga ega boʻlgan hamda alohida xizmat koʻrsatgan eng obroʻli fuqarolardan shakllantirilganligi qayd etildi.

Majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq soʻzladi.

Davlatimiz rahbari yangi tarkibdagi Senat aʼzolarini yuksak nomga sazovor boʻlganlari bilan samimiy tabrikladi.

– Oliy vakillik organi aʼzosi boʻlish har bir senator uchun nafaqat katta sharaf, balki ulkan masʼuliyat ham ekanini barchangiz yaxshi tushunasiz. Senator – bu avvalo xalq va davlat ishonchini qozongan inson, – dedi Prezident. 

Oʻzbekiston oʻz taraqqiyotining yangi bosqichiga qadam qoʻygan keyingi uch yil Senat uchun ham oʻziga xos tub yangilanish va oʻzgarishlar davri boʻlgani taʼkidlandi. Mazkur organ tomonidan koʻrib chiqilgan qonunlar soni qariyb 230 taga yetgani va shundan 190 tasi soʻnggi uch yilda maʼqullangani ushbu yoʻnalishda katta ish qilinganini koʻrsatadi.

Bundan tashqari, Senatda ichki ishlar va tashqi ishlar vazirlarining axborotlarini, viloyat hokimlarining hisobotlarini eshitish yoʻlga qoʻyilgani ijobiy baholandi. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev  parlament yuqori palatasi ishining samaradorligini oshirishga qaratilgan muhim vazifalarga toʻxtalib oʻtdi.

Ijtimoiy masalalarni hal etish maqsadida muhim dasturlar qabul qilinib, shu asosda katta ishlar amalga oshirilayotgani, parlamentning yuqori palatasi aʼzolari ham bu borada tashabbus va aniq takliflar kiritishi zarurligi taʼkidlandi. 

– Senatning har bir qoʻmitasi oʻz faoliyat rejasini hududiy muammolardan kelib chiqib shakllantirishi lozim. Oʻrganilgan masalalar boʻyicha bevosita joylarga borib, vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirokida Senat kengashi va qoʻmitalarining sayyor majlislarini oʻtkazish zarur. Bu amaliyot aholini tashvishga solayotgan muammolarni tezkorlik bilan hal qilish imkonini beradi, – dedi Prezident. 

Davlat byudjeti loyihasini koʻrib chiqish va uning ijrosi ustidan parlament nazoratini oʻrnatish, vazirlik va idoralar rahbarlari hamda hokimlarning yurtimizdagi keng koʻlamli islohotlarni amalga oshirish boʻyicha hisobotlarini muntazam muhokama qilib borish, yoshlar va taʼlim masalalari senatorlarning doimiy eʼtiborida boʻlishi maqsadga muvofiqligi qayd etildi. 

Shuningdek, Oliy Majlisning yuqori palatasi mamlakatimizda korrupsiyaga va jinoyatchilikka qarshi keskin kurashish muhitini yaratish hamda huquqbuzarlikning barvaqt oldini olishda, davlat idoralarining jamiyatda xotin-qizlar rolini oshirish borasidagi ishlari ustidan nazoratni kuchaytirishda faol boʻlishi kerakligi aytib oʻtildi.

Oʻzbekistonning obroʻ-eʼtiborini yuksaltirish, xalqaro aloqalarini rivojlantirish va xorijiy investitsiyalarni jalb etish uchun zamin yaratish ham muhimligi taʼkidlandi.

Majlis ishtirokchilari Oliy Majlis yuqori palatasi faoliyatini tashkil etish bilan bogʻliq masalalarni koʻrib chiqdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakat Konstitutsiyasining 93-moddasiga muvofiq Oliy Majlis Senati Raisi va uning oʻrinbosarlari lavozimlariga nomzodlarni taqdim qildi.

Palata aʼzolari yashirin ovoz berish yoʻli bilan Oliy Majlis Senati Raisi lavozimiga Tanzila Narbayevani sayladi.

Senat Raisining birinchi oʻrinbosari lavozimiga yashirin ovoz berish yoʻli bilan Sodiq Safoyev saylandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 86-moddasiga muvofiq Senat Raisining oʻrinbosarlaridan biri Qoraqalpogʻiston Respublikasining vakili boʻladi. Ushbu normaga asosan Senat Raisining oʻrinbosari lavozimiga  yashirin ovoz berish yoʻli bilan Musa Yerniyazov saylandi.

Senat Raisining oʻrinbosari lavozimiga yashirin ovoz berish yoʻli bilan Zayniddin Nizamxodjayev ham saylandi.

Majlisda senatorlar tomonidan xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari, byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari, sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish, mudofaa va xavfsizlik masalalari, fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari, xotin-qizlar va gender tenglik masalalari, yoshlar, madaniyat va sport masalalari, agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitalari, shuningdek Reglament va odob komissiyasi tashkil etildi. 

Har bir qoʻmita va komissiyaning raisi, rais oʻrinbosari va aʼzolari saylandi. 

Muhokama etilgan barcha masalalar yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarorlari qabul qilindi. 

Bundan tashqari, Bosh vazirning Vazirlar Mahkamasi yangi saylangan Oliy Majlis oldida oʻz vakolatlarini zimmasidan soqit qilish toʻgʻrisidagi arizasi oʻqib eshittirildi va tegishli qaror qabul qilindi.

Shu bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining birinchi majlisi nihoyasiga yetdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.