Zulfiya: Har uygʻongan kurtak, hayot bergan kabi, Koʻzlaringga surtib oʻparding uni…

0
269
marta koʻrilgan.

Bugun bahorning birinchi kuni. Toshkent shahrining Boʻrijar anhori boʻylarida yetti tup bodom qiygʻos gulladi. Bahor nafasi ufurib turgan anhor boʻyini kezar ekanman,  gullarga qarab beixtiyor oʻzbek xalqining sevimli shoirasi Zulfiyaning sheʼrlarini esladim: Baxor keldi seni soʻroqlab.

Salqin saharlarda, bodom gulida,
Binafsha labida, yerlarda bahor.
Qushlarning parvozi, yellarning nozi,
Baxmal vodiylarda, qirlarda bahor.

Qancha sevar eding, bagʻrim, bahorni,
Oʻrik gullarining eding maftuni.
Har uygʻongan kurtak, hayot bergan kabi
Koʻzlaringga surtib oʻparding uni.

Mana qimmatligim, yana bahor kelib,
Seni izlab yurdi, kezdi sarsari.
Qishning yoqasidan tutib soʻradi seni,
Ul ham yosh toʻkdi-yu, chekildi nari.

Diyorni, yorni ardoqlagan,  bahorning ilk kunida tugʻilgan shoira Zulfiya hamda Hamid Olimjonning qoʻshiqdek sheʼrlari oʻquvchilik yillarimizdayoq yod boʻlib ketgan. Hamid Olimjonning  Oʻzbekiston haqidagi sheʼri shu darajada goʻzal va betakrorki:

               Ikki daryo yuvar kokilin

               Qorli togʻlar turar boshida

              Gul vodiylar yashnar qoshida

Oʻzbekistonning bunday goʻzal qiyoslari qaydi bor?! Darhaqiqat ikkita ulkan Amudaryo va Sirdaryo oqib oʻtadi va mamlakat iqtisodiyotiga munosib hissa qoʻshadi… Yurtimizda toʻrt fasl toʻrt hil tovlanib koʻzni quvontiradi. Viqorli togʻlarda oppoq qorlar koʻzni qamashtirganida  adirlarda turfa gullar  dillarni yayratadi.

Ulugʻvor olam oldida hech narsa abadiy emas. Ikki ijodkorning abadiyligi oʻlmas sheʼrlarida.  Oʻzbek shoiri Hamid Olimjon va shoira Zulfiyaning oxirati obod boʻlib, yotgan joylari nurga toʻlsin!

Xayollarimni boʻlib, 1-sinfda oʻqiydigan nevaram maktabdan qaytdi. «Buvijon bugun ikkita besh oldim. Tasviriy sanʼatdan besh olgandim. Oʻqituvchim kundalikingni olib kel dedi. Kundaligimning muqovasidagi suratni koʻrsatib, «bu kim» deb  soʻradi.  Men «Shoira Zulfiya. Bugun tugʻilgan kuni, dedim. Shu bilan kundaligimga  yana bir besh qoʻydi. Sen buni qaydan bilasan? deya  soʻradi yana oʻqituvchim. Kundalik sovgʻa qilayotganida buvijonim aytganlar, u kishi yana buvijonimning ustozi, deya javob berdim. Toʻgʻri aytibmanmi?»  Toʻgʻri. Zulfiya opa nafaqat meni butun ijodkorlarning ustozi, deb tasdiqladim. Nevaramning soʻzlaridan xuddi oʻzim besh olgandek quvonib ketdim. Har bir bergan sovgʻangiz mantiqli, mazmun-mohiyatli  boʻlsa yaxshida…

Raʼno ZARIPOVA, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.