Tuproqdan moʻjiza yaratgan ayol

0
70
marta koʻrilgan.

Yaqinda Fargʻona viloyatining Rishton tumanida boʻlib oʻtgan 70 dan ortiq davlatlar ishtirok etgan «RISHTAN 2023 INTERNATIONAL POTTERY FORUM» xalqaro kulolchilik forumida xivalik kulol hunarmand Dilnoza Otajonova «Eng mohir ayol kulol» nominatsiyasi bilan faxrli birinchi oʻrinni egalladi.

Dilnozaning bolalik xotiralari qadim Xorazmning Xiva tumaniga qarashli al Xorazmiy qishlogʻi bilan bogʻliq ekan. Qishloq xalq tilida oʻn ikki narvon deb ham yuritilarkan. U 1986 yilda ushbu soʻlim goʻshada tavallud topadi.  Uning ota-onasi mehnatkash, samimiy insonlar boʻlib, qizaloq ular ogʻushida bagʻriga shamol tegmay voyaga yetadi.  Maktabda faqat aʼloga oʻqidi, fanlardan, ayniqsa, ximiya-biologiyaga mehr qoʻydi. Doʻxtir boʻlishni orzuladi. Ammo, hayot boshqa, xayol boshqa…

Maktabni tugatgach, Dilnoza “Kalta minor” mahallasiga hunarmandlar oilasiga.kelin boʻlib tushadi. Kelinlikning ilk kunlaridayoq uning qalbida kulollikka qiziqish uygʻondi. Uch kunlik kelin qayinonasining qoʻlidan bodyoni oldi, ularga naqsh qoʻya boshladi. Qoʻllari kelishib, binoyiday epladi. Kattalarning oʻsha kungi quvonchini aytmaysizmi, uyda goʻyo bayram, barcha Dilnozaning roʻzgʻorbop kelin chiqqanidan xursand edi.

 Loyga boʻlgan ishtiyoq, tuproqning xush ifori uning butkul oromini oʻgʻirlagandi. U yangi-yangi shakllarni, ranglarni hosil qilishni oʻylay boshladi. U  toʻngʻich farzandiga homiladorligiga ham qaramay qayinonasi Munavvar ayadan izn olib turmush oʻrtogʻi Dilshod bilan Fargʻonaga yoʻl oldi. Maqsad, Rishtonga borib, dongʻi ketgan ustalar gurungini olish, ular yasagan buyumlarni koʻrib, tajriba almashib qaytish edi. Bu yerda uni hamma narsa oʻziga tortar, u zavqlanib tomosha qilar, yurib-koʻrib charchamas, kunni kulollik sexlarida oʻtkazar, har bir narsaga diqqat-eʼtiborini qaratar, kech tushgachgina yoshlar mehmonxonaga qaytishardi. Shu tariqa Dilnoza Xorazmga yangi gʻoyalar, yangi reja va xush kayfiyat ila qaytdi.

U toʻgʻri yoʻlni tanlagan, oqilona qarorga kelgandi. Bilʼaks oʻzgarish boʻlmas ekan, oʻsish, rivojlanish boʻlmaydi. Birdan hamma narsa oʻzgardi. Hayoti, kasbi-kori…  Olovrang bodyolar rang-baranglik kasb etib, turli xil tusli va har xil oʻlchamli bodyolar yasala boshlandi. 2016 yilga borib kichkinagina sex kengayib, shu asno “Xiva Dilnoza Kulol” oilaviy korxonaga asos solindi. Endilikda qizil bodyodan tashqari lagan, kosa-choynak, piyola, koʻza, xumlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi, qoʻshimcha ishchi kuchi yaratildi. Harakatlar, izlanishlar besamar ketmadi. Ishlar yurishgandan-yurishar, “yaratiq” lar tobora xaridorgir tovarga aylanardi. Avvaliga Xiva, Xorazm, keyinchalik Toshkent bozorlarini egallagan Dilnozaning “loy idish” lari endilikda qoʻshni davlatlar-Turkmaniston, Qozogʻiston, Rossiyaliklarning sevimli sanʼat idishlariga aylandi. Asosiysi eksport yoʻlga qoʻyildi.   Bunga osonlikcha erishgani yoʻq.  Sahar turib ishlarni,chamalaydi, qiladigan ishlarini xomchoʻtini olib, keyin ish boshlaydi. Bir yoqda buyurtmalar, bir yoqda hali adogʻiga yetmagan yangi sex qurilishi, bir yoqda kelinlikni uddasidan chiqish yani oiladagilar koʻnglini olishni ham unutmaslik, roʻzgʻor tashvishlari, farzand tarbiyasi, dam u yoqqa — dam bu yoqqa chopish…

Tinimsiz mehnat, izlanish, intilish, harakatlari sharofatidan elda aziz, yurtda mashhur boʻldi. Dilnoza shu kungacha koʻpgina koʻrik-tanlovlarda qatnashib, faxrli oʻrinlarga sazovor boʻladi. 2022 yilda Turkiyaning hamkorlik va taraqqiyot agentligi (TIKA) ning 10 000 dollarlik grantini qoʻlga kiritadi. Yana oʻsha yili “Ibratli oila” koʻrik-tanlovining viloyat bosqichida 2-oʻrin, “Ishbilarmon ayol” koʻrik-tanlovining respublika bosqichida esa 3 oʻringa sazovor boʻldi.  Shuningdek, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan tashkil etilgan  “Eng namunali ish beruvchi” koʻrik-tanlovida gʻoliblikni qoʻlga kiritib, 30 mln. pul mukofotini ham qoʻlga kiritadi.  Oʻzbek va Turkman xalqlari doʻstligi festivalida ishtirok etgan Dilnoza u yerdan yanada ruhlanib qaytadi. Oradan sal vaqt oʻtib esa yosh usta Oʻzbekiston Respublikasi xalq amaliy sanati ustalarining milliy katalogiga kiritiladi. Eʼtirof, xurmat-ehtirom uni yanada gʻayratlantirdi. “Xiva Dilnoza kulol” oilaviy korxonasi rahbari Dilnoza Otajonova “Yil ayoli” milliy koʻrik-tanlovining respublika bosqichida ishtirok etib,  “Yilning eng yaxshi ijodkor ayoli” nominatsiyasi boʻyicha gʻoliblikni qoʻlga kiritib, maxsus diplom, qimmatbaho sovgʻa bilan taqdirlanadi.

 Yodimda, bir zamonlar ota-bobolarimiz foydalanib kelgan sopol idish-tovoqlarni urfdan qoldi deya chetga surgan, ular oʻrnini xorijning qimmatbaho idishlari – “Madonna” kabi servizlar egallagan edi. Vaqtning oʻzi hamma narsani hal qildi. Biz xatoimizni angladik va ajdodlarimizdan meros, ahamiyatlisi inson organizmi uchun foydali boʻlgan sopol idishlarimizga  qaytdik.     Quvonarlisi, bugun ular Dilnozaga oʻxshagan kulollar qoʻlida yanada koʻrkamlashib, yanada zamonaviylashib, nafaqat bizni, hatto xorijlik sayyohlarni ham maftun etmoqda.

Mavlono Rumiyda shunday ibora bor: “Inson hamisha oʻzi koʻrmagan, eshitmagan va oʻylamagan bir narsaga oshiqdir”.  Dilnoza Otajonova hazrat Rumiy taʼbiricha oʻsha bir narsa-yangilikka oshiq boʻldi.  Oshiqlik kuchiga-kuch, gʻayratiga-gʻayrat qoʻshdi. Oʻqidi, uqidi. Mehnatlari orqasidan elda obroʻ topdi. Ota-onasiga rahmat, oilasiga fayzu-barokat olib keldi.  Hayot davom etar ekan, uning mehnatga, yangilik yaratishga oshiqligi ham davom etadi.                                                       

  Sayyora Solayeva, Xorazm 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.