13 fevral – Jahon radio kuni. Oʻzbekistonda nechta radiokanal faoliyat koʻrsatmoqda?

0
544
marta koʻrilgan.

YUNYeSKO Bosh Konferensiyasi 2011 yil noyabr oyida har yili 13 fevralni Jahon radio kuni sifatida nishonlash toʻgʻrisida qaror qabul qildi. Ushbu sananing belgilanishi bejiz emas. 1946 yil 13 fevral kuni “BMT radiosi” ilk bor havo toʻlqinlariga uzatilgan edi. 

Tashkil etilganiga 60 yildan oshgan YUNYeSKO shu davr mobaynida radioaloqani, ayniqsa, mahalliy radioeshittirishlarni rivojlantirishga katta eʼtibor berib keladi. YUNYeSKO Jahon radio kunini taʼsis qilar ekan, radiojurnalistlarning xalqaro hamkorligi zarur ekaniga, axborot tarqatishning mazkur vositasi orqali erkin axborot olish imkoniyatlariga alohida ahamiyat qaratmoqda. “Jahon radio kuni – radioning alohida roliga urgʻu berish, zamonaviy fan va texnika yutuqlaridan foydalangan holda radiotinglovchilar auditoriyasini kengaytirishdan iboratdir”, deyiladi YUNYeSKO tarqatgan bayonotda. BMTning mazkur nufuzli tashkiloti taʼlim sohasida ham radioning oʻrni beqiyos ekanini taʼkidlaydi. 

Bugungi kunda sayyoramizda radio kirib bormagan xonadonning oʻzi yoʻq. Keng qamrovli ommaviy axborot vositasi boʻlmish radio Yer shari aholisining 95 foizini qamrab olish imkoniyatlariga ega. Xalqaro elektraloqasi uyushmasi maʼlumotlariga koʻra, ayni damda jahon mamlakatlaridagi oilalarning 75 foizida kamida bitta radio bor. Internet tarmogʻi va mobil qurilmalar kundan-kun zamonaviylashib borayotgani tufayli ham radioning qamrovi kengaymoqda, undan yanada samaraliroq foydalanish imkoniyatlari ortmoqda. 

Bundan 100 yil avval amerikalik shoira Jozefina Preston Pibodi radioning imkoniyatlari xaqida yozar ekan, uni moʻjiza deb atagan va “fikrlarning havo boʻshligʻi orqali tarqalishi” deb taʼriflagan edi. Oradan shuncha vaqt oʻtgandan soʻng, XXI asrda yangidan-yangi texnologiyalar hayotimizga kirib kelayotgan boʻlishiga qaramay, radio hamon oʻz ahamiyatini yoʻqotmadi. Chunki radio eshitish uchun internetdan foydalanish kabi bilimning keragi yoʻq. Radioni yoshu qari, olimu oddiy odam – hamma birdek tinglashi mumkin. 

Radioning jihozini istalgan joyda – uzoq togʻli mintaqalardan tortib, elektr yetib bormagan hududlarda ham ishlatish mumkin. Bunday imkoniyat hozircha boshqa elektron jihozlarda yoʻq. Axborot va musiqa borasida radio – haydovchilarning birdan-bir ermagi. Masofa bilmaydigan va qogʻozsiz gazeta boʻlmish radioning roli favqulodda vaziyat va tabiiy ofatlar yetkazgan talafotlarni bartaraf etishda ham beqiyos. 

Muhim elektron aloqa vositasi boʻlmish radio bugungi kunda nafaqat axborot tarqatish, balki maʼnaviy-maʼrifiy, koʻngil ochish, omma fikrini shakllantirish kabi vazifalarni bajarib kelmoqda. 

Oʻzbekistonda ilk bor radionuqtalarini oʻrnatish va eshittirishlar tayyorlash 1927 yildan boshlangan. Ayni damda Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tizimida toʻrtta, Qoraqalpogʻiston va barcha viloyatlarda radiokanallar faoliyat yuritmoqda. Xususiy radiokanallarni qoʻshib hisoblaganda mamlakatimizda 40 dan ortiq radiokanal tinglovchilarga xizmat koʻrsatmoqda. 
 

Sharofiddin Toʻlaganov

Manba: OʻzA

 
Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.