Minskdagi Doʻstlik uyida mashhur olim va davlat arbobi Mirzo Ulugʻbek tavalludining 630 yilligiga bagʻishlangan tantanali marosim boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Belarusdagi rasmiy organlar, akkreditatsiyadan oʻtgan diplomatik korpus vakillari, Belarus Milliy Fanlar akademiyasi xodimlari, akademiklar, professorlar, talabalar va jurnalistlar qatnashdi.
Unda Belarus Milliy Fanlar akademiyasi akademigi Pyotr Vityaz Mirzo Ulugʻbekning ilmiy-maʼrifiy merosi haqidagi maʼruza bilan soʻzga chiqib, olimning buyuk tadqiqotchi va hukmdor boʻlganini taʼkidladi. Belarus Milliy Fanlar akademiyasining muxbir-aʼzosi, professor Sergey Rahmonov Mirzo Ulugʻbekning Ikkinchi Sharq uygʻonish davri rivojida oʻrni muhimligini qayd etdi.
Belarus milliy texnika universitetining arxitektura fakulteti dekani Armen Sardarov Mirzo Ulugʻbek tashabbusi bilan madrasa va maktablar, kutubxona va masjidlar barpo etilgani, bu Osiyoning ilm-fan va madaniyat markaziga aylanishiga sezilarli hissa qoʻshganini qoʻshimcha qildi.
Tadbir yakunida oʻzbek milliy kuy-qoʻshiqlari ijro etildi. Bu yigʻilganlarga sharqona ijod muhitidan bahramand boʻlish imkonini berdi.
Aziza Alimova tayyorladi, OʻzA.