Afrikalik ziyoli inson  Umar oʻgʻli  Saidning hayotidan bitik 

0
230
marta koʻrilgan.

Umar oʻgʻli  Said qora tanli boʻlib, hozirgi Senegal davlatida 1770 yilda tugʻilgan. Shu vaqtlarda uning ota yurti Futa-Toro deb nomlangan.

 Otasi badavlat inson boʻlgani uchun Said bolaligidan islom ilmini oʻrgandi va  arab imlosi bilan bir qatorda dunyoviy fanlarni va diniy taʼlimotni chuqur oʻrganib oldi. Maʼlumotlarga koʻra Said 1790 va 1805 yillarda Makkaga safar qilib haj amallarini bajargan. Said savdo-sotiq ishlari bilan bir qatorda maktab tashkil etib, bolalarga taʼlim ham  bergan.

 Saidning qandaydir  ishini notoʻgʻri talqin qilishib,  qabiladoshlari uni amerikalik quldorlarga sotib yuborishadi va  avval Charlstonga keyinroq, Janubiy Karolina shtatiga kelib qoladi. Bu yerda uni Jonson ismli qahri qattiq quldor sotib oladi, juda qiynab ishlatadi. Qiynoqlarga va tahqirlarga chidayolmagan Said Shimoliy Karolinadagi  Feyetvilla nomli joyga qochib keladi. Ammo uni tutib olishadi va qamoqqa tashlashadi.

Saidning ilmli, savodli qul ekanligidan xabar topgan Jeyms Ouen sotib oladi va unga yaxshi muomalada boʻladi. Savodli qul shu davrda Qurʼoni Karim suralarni qaytadan koʻchiradi.  Oʻzining tili va ilmini saqlab qoladi. Yashash uchun kurashlar natijasida Said 1820 yilda xristian dinini qabul qiladi va ingliz tilida darslar bera boshlaydi. Ammo,  u oʻz dinidan, eʼtiqodidan mutloq voz kechib ketmaydi va  ikki dinni birgalikda teng koʻradi va amallarini bajaradi. U oʻzi qayta koʻchirgan Bibliyada Qurʼoni Karimdan koʻchirilgan “An Nasr” surasini topish mumkin.

 Umar oʻgʻli Said haqiqiy olim boʻlib qul sifatida yashasa-da, undan bir qator kitoblar qolgan, masalan, vafotidan soʻng arab tilidagi 14 ta qoʻlyozmasini topishadi. 1831 yilda Said Umar oʻgʻli oʻzining hayoti aks ettirilgan avtobiografik kitobni ham  yozadi. Ushbu kitobda  umrining oxirigacha  islom diniga sodiq qolganligini yozadi. 1863 yil  93 yoshida foniy  dunyoni qul sifatida tark etadi. Qaysi bir kolonizatorlar unga ozodlik berib, Afrikaga borib xristian dinini targʻib qiluvchi missionerlikni taklif qilishadi. Ammo, u taklifni rad etadi va qul sifatida Shimoliy Karolinada qolishni afzal koʻradi.

 Umar oʻgʻli Saidning yozgan kitoblari Shimoliy Karolinadagi  Uilsona universiteti kutubxonasida, Devidson-kollejida,  Shimoliy Karolinadagi va  Andover teologiya seminariyasi kutubxonalarida  saqlanmoqda. Shimoliy Karolinadagi Feyetvillada  uzoq vaqt yashagani va faoliyat koʻrsatgani uchun uning nomiga quyilgan masjid bugungi kunda ham faoliyat koʻrsatmoqda.

 Men Janubiy Karolinadagi muzeyda boʻlib, bu buyuk inson haqida oʻqib maʼlumot oldim.  Ilmli inson garchand,  qul boʻlsa ham jamiyatda oʻz oʻrnini topa olishini his qildim. Ilm oʻrganish kishining nafaqat koʻzini, balki taqdir yoʻllarini ham ochib, ezgu tomonlarga yoʻllaydi, degan xulosaga keldim. Umar oʻgʻli Saidning nomi eʼzozlanib, asarlari  asrlar osha izzat va ikromga sazovor boʻlib kelayotganligi buning dalilidir.

Manba: nationalmbc.org. Shimoliy Karolinada   Umar oʻgʻli Said nomiga quyilgan xotira lahvasi 

  Dilorom YORMATOVA, professor 

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.