Alohida strategik sheriklik munosabatlarini yanada yuqori darajaga olib chiqish uchun mustahkam poydevor yaratildi

0
65
marta koʻrilgan.

17 dekabr kuni Koreya Respublikasi Prezidentining Seul shahridagi “Chong Va De” qarorgohida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentini rasmiy kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Oliy martabali mehmon va uning rafiqasi sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. Ikki mamlakat davlat madhiyalari yangradi. Tantanali marosimda Tonggi soflik mamlakatining qadimiy tarixi va yorqin zamonaviyligi oʻz aksini topdi.

Soʻng davlat rahbarlari ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida muzokara oʻtkazdilar.

Koreya Respublikasi Prezidenti oliy martabali mehmonni qutlar ekan, Seul Toshkent bilan hamkorlikni barcha yoʻnalishlarda yanada rivojlantirishga katta ahamiyat qaratayotganini taʼkidladi.

— Hurmatli Shavkat Mirziyoyev janoblarini, mening qadrli birodarimni qutlayman. Seulga xush kelibsiz. Shu yil yanvar oyidagi uchrashuvimizni yaxshi eslayman. Oʻsha muloqotimiz joriy yilning birinchi oliy darajadagi uchrashuvim boʻldi. Bugun esa Siz bilan yil yakunida yuzma-yuz koʻrishib turibmiz. Mening diplomatik tadbirlarim aynan Siz bilan boshlanib, yakuniga yetayotganidan ayniqsa mamnunman. Koreya va Oʻzbekiston alohida strategik sheriklik munosabatlari bilan bogʻlangan hamkorlardir. Birgalikdagi saʼy-harakatlar bilan qishloq xoʻjaligi uskunalari va elektr texnikasi ishlab chiqarish, energotexnika tarmogʻi va energetika, sanoat korxonalarini barpo etish kabi sohalarda turli loyihalar amalga oshirilmoqda. Sizning tashrifingiz doirasida qator muhim hujjatlarga imzo chekiladi. Biz Oʻzbekiston bilan yelkama-yelka turib, global iqlim oʻzgarishlariga qarshi turishga, “aqlli” shaharlar, smart-fermalar, AKT va elektrik avtomobillar ishlab chiqarish kabi istiqbolli yoʻnalishlarda hamkorlikni rivojlantirishga tayyormiz. Kelayotgan yilda biz diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligini nishonlaymiz. Umid qilamanki, yangi yilda biz birgalikda farovonlikning yangi sahifasini ochamiz.

Prezident Shavkat Mirziyoyev taklif uchun minnatdorlik bildirib, ochiqlik va oʻzaro ishonch ikki mamlakat oʻrtasidagi munosabatlar rivoji uchun mustahkam poydevor boʻlib kelayotganini taʼkidladi.

— Uchrashib turganimizdan juda mamnunman. Davlat tashrifi bilan goʻzal Koreyaga kelishga taklif qilganingiz va har doimgidek iliq mehmondoʻstlik uchun minnatdorman. Hozir ob-havo sovuq, lekin koreyalik birodarlarimizning qalbi qaynoq.  Biz mamlakatingiz va koreys xalqiga alohida bir samimiyat bilan qaraymiz. Mentalitetimiz, anʼana va maʼanaviy qadriyatlarimiz oʻxshash. Sizning “Yangi siyosat”ingiz yuqori texnologiyalar, raqamlashtirish, innovatsion va “yashil” taraqqiyot sohalarida yurtingiz yetakchiligini mustahkamlash, isteʼdodli koreys xalqining ulkan intellektual salohiyatini roʻyobga chiqarishga xizmat qildi, — dedi Oʻzbekiston Prezidenti.  

Mana 15 yildirki, mamlakatlarimiz strategik sherikdir. Shavkat Mirziyoyev va Mun Chje Inning doʻstligi va siyosiy irodasi esa Oʻzbekiston-Koreya hamkorligiga yangi surʼat bagʻishlashga kuchli ragʻbat boʻldi.

Davlat rahbarlari toʻrtinchi bor uchrashmoqda. 2017 yil noyabr oyida Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasida davlat tashrifi bilan boʻldi. 2019 yil aprel oyida Prezident Mun Chje Inning Oʻzbekistonga javob tashrifi boʻlib oʻtdi, uning doirasida Alohida strategik sheriklik toʻgʻrisida qoʻshma deklaratsiya qabul qilindi. 2021 yil yanvar oyidagi onlayn sammitda esa yetakchilar oʻzaro aloqalarni yanada faollashtirish boʻyicha qator yangi va dolzarb tashabbuslarni ilgari surdilar.

Koreyaga bu galgi tashrif faol muloqotning mantiqiy davomi boʻldi.

Oʻzbekiston yetakchisi uzoq muddatli istiqbolga moʻljallangan amaliy sheriklikning ustuvor yoʻnalishlarini qayta koʻrib chiqishni davrni oʻzi taqozo qilayotganini alohida taʼkidladi. Ikki mamlakat hamkorligi global iqtisodiyotning bugungi tahdidlariga toʻliq javob berishi kerak.

Koreya Respublikasi Oʻzbekistonning asosiy savdo-iqtisodiy hamkorlaridan. Keyingi yillarda tovar ayirboshlash va qoʻshma korxonalar soni qariyb ikki barobar ortdi. Pandemiya oqibatlariga qaramay, koʻp qirrali munosabatlar izchil rivojlanib bormoqda.

Oʻzbekiston va Koreya Erkin savdo toʻgʻrisidagi bitimni tuzish masalasida ancha ilgariladi. Uchrashuvda ushbu hujjatning kelgusi yilda imzolanishi tufayli tovar ayirboshlash koʻrsatkichlarini oshirish va muvozanatga keltirish imkoniyati paydo boʻlishiga ishonch bildirildi.

Koreyaning Oʻzbekistonga investitsiyalari hajmi 7 milliard dollardan oshgan. Joriy yilda 320 million dollar, yaʼni 2020 yilga nisbatan 20 foiz koʻp oʻzlashtirildi. Bu mablagʻlar hisobiga kimyo, neft-kimyo, toʻqimachilik, qurilish, qishloq xoʻjaligida qoʻshma loyihalar amalga oshirilmoqda.

Koreya Eksimbanki hamda Iqtisodiy taraqqiyot va hamkorlik fondi (EDCF) bilan koʻp yillik samarali hamkorlik alohida diqqatga sazovor. Masalan, ushbu jamgʻarma doirasidagi moliyalashtirish hajmi 1 milliard dollarga yetkazildi. 2023 yilga qadar Oʻzbekistonda yangi loyihalarni amalga oshirishga salmoqli mablagʻ yoʻnaltirilmoqda.

Koreyaning xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) bilan sermahsul sheriklik ham kengaymoqda.

Oʻzbekiston Prezidenti yaqin davrga moʻljallangan hamkorlikda uchta asosiy yoʻnalish: “yashil” taraqqiyot, raqamlashtirish va ijtimoiy himoya tizimini mustahkamlash masalalari kun tartibida turganini taʼkidladi. Istiqboldagi barcha qoʻshma loyihalar, dastur va harakatlar rejalarini shu asosiy ustuvorliklardan kelib chiqqan holda ishlab chiqish taklif etildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekistonning inson kapitali va tabiiy resurslari Koreya Respublikasining istiqbolli texnologiyalari va bilimlari bilan birlashsa, jahon bozorida talab yuqori boʻlgan mahsulot ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun yaxshi zamin yaratish mumkinligini alohida taʼkidladi. Shu munosabat bilan davlatimiz rahbari  Iqtisodiy taraqqiyotga koʻmaklashish fondini (EDPF) jalb qilgan holda Toshkent viloyatida yarimoʻtkazgich va elektronika ishlab chiqarish boʻyicha Oʻzbekiston-Koreya klasterini tashkil etish taklifini bildirdi. Uning hududida fan-taʼlim muassasalari, ilgʻor texnologiyalar sohasidagi tadqiqot va ishlanmalar markazlarini joylashtirish mumkin boʻladi.

Tomonlar qayd etganidek, mamlakatimizda birgalikda tashkil etilgan Toʻqimachilik texnoparki va Qishloq xoʻjaligi mashinasozligi markazi faoliyatini har tomonlama ragʻbatlantirish va rivojlantirish davom ettiriladi.

Oʻzbekiston Koreyaning raqamli iqtisodiyot, sunʼiy intellekt, “aqlli shaharlar”, autsorsing, aloqaning yangi avlodi va internet-texnologiyalar borasidagi yutuqlaridan oʻz amaliyotida foydalanishdan manfaatdor.

Mamlakatlarimiz sogʻliqni saqlash, maktabgacha va oliy taʼlim sohalarida jiddiy hamkorlik qilmoqda. Tibbiyotda amalga oshirilgan ilk yirik qoʻshma loyiha natijasida oʻtgan yildan buyon Toshkent shahrida Bolalar koʻp tarmoqli klinikasi faoliyat yuritmoqda.

Koreya taʼlim modeli dunyodagi eng namunali tajribalardan biridir. Aynan shu bois yurtimiz maktabgacha taʼlim tizimi Koreyadagi hamkorlarning ilgʻor tajribasi va bilimlari asosida toʻliq isloh qilindi.

Oʻzbekiston Prezidenti universitetlar oʻrtasidagi innovatsion hamkorlikni rivojlantirish muhim ekanini taʼkidlab, ularning muntazam muloqoti uchun doimiy maydon yaratish, kelgusi yilda ikki mamlakat oliy taʼlim muassasalari rektorlari forumini oʻtkazishni taklif qildi.

Muzokaralar chogʻida pandemiyadan keyingi davrda turizm sohasi iqtisodiy oʻsish lokomotivlaridan boʻlishi mumkinligi taʼkidlandi. Oʻzbekiston Koreya kompaniyalarining mehmonxonalar va infratuzilma obyektlari qurilishi bilan bogʻliq loyihalardagi ishtirokini qoʻllab-quvvatlashga tayyor.

Kelgusi yilda mamlakatlarimiz diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligi va koreys diasporasi Oʻzbekistonda istiqomat qilishining 85 yilligini nishonlaydilar.

Davlatimiz rahbari 2022 yilni “Oʻzbekiston va Koreya Respublikasi oʻrtasidagi oʻzaro almashinuvlar yili” deb eʼlon qilishni, Toshkentda Koreyslar tarixi muzeyi hamda Koreys madaniyat va sanʼat uyi qoshida kutubxona tashkil etishni taklif etdi.

Shuningdek, global va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Oʻzbekiston va Koreyaning koʻplab masalalar yuzasidan qarashlari oʻxshashdir. Mamlakatlarimiz xalqaro maydonda bir-biriga koʻmaklashmoqda. Koreya Respublikasi Oʻzbekistonning BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashiga saylanishini, shuningdek, 2023 yilda Jahon turizm tashkiloti Bosh assambleyasi 25-sessiyasini oʻtkazish joyi sifatida Samarqand nomzodini qoʻllab-quvvatladi. Oʻzbekiston, oʻz navbatida, Koreyaning 2024-2025 yillarda BMT Xavfsizlik kengashi muvaqqat aʼzosi boʻlish niyatini qoʻllab-quvvatlaydi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev “Koreya Respublikasi – Markaziy Osiyo” forumining mintaqamiz barqaror taraqqiyotiga koʻmaklashishdagi oʻrni kuchayib borayotganini yuqori baholadi.

Oʻzbekiston yetakchisi oʻzaro manfaatli hamkorlikning istiqbolli loyiha va dasturlarini ilgari surish maqsadida parlamentlar va hukumatlar darajasidagi muloqotning yangi samarali mexanizmlarini joriy qilishni taklif etdi. 

Oʻzbekiston Prezidentining davlat tashrifi, uning doirasida qabul qilingan qarorlar va erishilgan kelishuvlarning ahamiyatiga koʻra, alohida strategik sheriklik munosabatlarini yanada yuqori darajaga olib chiqish uchun mustahkam poydevor yaratuvchi tarixiy voqea boʻldi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.