Qoʻshrobotda ziyoli oilasida tugʻilgan Gulnoza Ziyodullayeva AQSHdagi eng yirik auditorlik tashkiloti boʻlgan RWC kompaniyasida auditor boʻlib ishlaydi.
Ushbu tashkilot dunyodagi eng yirik toʻrtta kompaniyaning biri boʻlib, oʻzbek qizining ana shunday tashkilotda ishlashi faxr, albatta.
Gulnoza qisqa davr ichida katta yutuqlarni qoʻlga kiritdi. Mustaqillik sharofati bilan poytaxtimizda tashkil etilgan ingliz tilini chuqur oʻrgatishga yoʻnaltirilgan “Inter Hauze”litseyini 2002 yil tugatib, Toshkent Davlat iqtisodiyot universitetining turizm fakultetida oʻqishni davom qildirdi. Bakalavrlik diplomi sohibi boʻlgach, 2006 yildan “CEVINCH BIZNES” karxonasida direktor lavozimida ishladi. Oila qurdi. Qizi Sevinch Anvarova Mirzo Ulugʻbek tumanidagi moliyaga va ingliz tiliga ixtisoslashgan maktabning 9 sinfida taʼlim olayotgandi. Ayni kunda AQSHda onasining yonida onlayn taʼlimini davom qildirmoqda. Maqsadi xorijiy tillarni yanada chuqurroq va izchil oʻrganishdir.
Gulnoza qizini eliga, yurtiga munosib xizmat qiladigan yetuk mutaxassis boʻlishini istaydi. Uning shiori ”harakatda barakat” yaʼni oʻqish, izlanish, el-yurtga zarur mutaxassis boʻlishdir. Qizi Sevinchga ham ana shu ruhiyatni singdirmoqda.
2011 yil Toshkent shahridagi Singapur universitetining magistraturasini, 2013 yil Londondagi universitet magistaturasini tugatgach, AQSHning Texas shtatidagi Xyuston” Chamaso universitetini tugatib, ishga kirdi. U oʻzining tinimsiz harakatlari, chuqur bilimi tufayli oʻzga yurtlarda yutuqlarga erishib kelmoqda. Oʻzga yurtlarda oʻz oʻrnini topish osonmi? Bunga albatta, katta salohiyat kerak boʻladi!
Uchta magistrlik diplomi sohibi Gulnoza ayni kunda xalqaro auditorlik masalalari boʻyicha yetuk mutaxassis boʻlib faoliyat olib bormoqda. U rus, ingliz tillarini oʻzining ona tilisidek mukammal biladi.
Oʻtgan yili ishxonasi uni shartnoma asosida Filippinga joʻnatdi. U yerda mahalliy aholi mutaxassislariga auditorlik sir-sinoatlaridan uch oy taʼlim berib, malakalarini oshirishga koʻmaklashdi. Oʻzbek qizi oʻzga yurtlarda bilim olib, ishlab ustoz maqomiga erishdi.
Biroq, uning yodi – xayoli yurtida, internetni ochib mamlakatimizdagi boʻlayotgan oʻzgarishlar bilan muntazam tanishib boradi. Oʻzbekiston bilan nafas olmagan kunini tun hisoblaydi.
– Mamlakatimizdagi ulugʻvor bunyodkorliklar va islohotlarni chiroy ochayotgan bahorga qiyoslasang arziydi. Bahor goʻzalligidan koʻngillar yashnaydi. Dillar tozaradi. Bugungi kunda oʻzbek diyori buyuk sahnaga aylanib ketdi. Bitta misol qisqa davr ichida choʻlda Qandim zavodi qad rostladi. U bilan birga butun bir shahar vujudga keldi. Qaraqalpoqistonning Orol boʻyidagi tuman — Moʻynoqni olaylik. Choʻlda ulugʻvor karxonalar ila goʻzal shahar bunyod boʻldi. Ushbu yangi qurilgan zavod-u karxonalar minglab kishilarni ish bilan taʼminlamoqda. Mamlakatimizdagi ulugʻvor islohotlarni, bunyodkorlikni yuksak togʻlarga, purviqor va koʻm-koʻk samoga, atrofga orombaxshlik bagʻishlab oqayotgan azim daryolarga qiyos etgulik. Chunki, xalqimizning tarixi ulugʻvor, allomalari buyuk, kelajagi porloq. Ana shunday goʻzalliklarni, obodlikni, bilimdon va zaxmatkash insonlar yaratmoqda. Men ham “Yangi Oʻzbekiston– yangi islohotlar” shiori bilan ishlayotgan elimiz odamlari qatorida salohiyatli yurtimizga munosib kadr boʻlishni orzu qilaman. Biroq, hozircha qizimning yonida boʻlishim va yetakchi mamlakatlar ilmiy salohiyatini, tajribasini kizim bilan birgalashib egallashimiz kerak.– deydi Gulnoza.
Gulnozaning onasi va otasi tadbirkor kishilar. Onasi Husniya Sindarova ana shu buyuk islohotlarni kuzatib, oʻshanday paytlarda qizi yonida emasligidan afsuslanib ketadi. Ona shunday deydi:
– Qizim hozir AQSHda oʻz ishxonasida obroʻ-eʼtiborga ega. Buning uchun qizimga va ishxonasiga rahmat! Lekin, men yolgʻiz qizim Vataniga qaytib kelishini istayman. Bir necha marta iltimos qildim. «Yana biroz ishlab tajriba orttirib olaylik keyin Sevinch bilan birga qaytamiz» deydi u. Oʻzga yurtlarga oʻrgansa qaytmasligidan qoʻrqaman. Ana shunday istaklarda yurgan bir paytimda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2017 yil sentyabrda Amerikada ishlayotgan bir guruh oʻzbek yoshlari bilan uchrashdi. Ularning zamonaviy bilim va tajribalarini mamlakatimizni rivojlantirishga, Harakatlar strategiyasi asosda amalga oshirilayotgan ulugʻvor ishlarga munosib hissa qoʻshishga daʼvat qildi. Oʻz vatani taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshish istagidagi barcha yoshlarni Oʻzbekistonga taklif etdi. Bu soʻzlarni eshitganimda bir ona sifatida juda xursand boʻldim. Bu soʻzlar menga qanot berdi. Chunki, bolalarim el-yurtga xizmat qilib obroʻ- eʼtibor topishini hamisha orzu qilganman, umidim amalga oshsa men dunyodagi eng baxtli ona boʻlaman.
Darhaqiqat, tarixga eʼtibor bersak, azal-azaldan oʻzbek xalqi ilm istab jahon kezgan. Dunyoviy ilmu urfonga munosib hissa qoʻshishgan. Ismi sharifiga yurtini bildirib turadigan taxalluslarni qoʻshishgan. Al-Xorazmiy, al- Fargʻoniy, az- Zamaxshariy, al-Buxoriy kabi. Bular Vatan tuygʻusini oʻzida ifodalaydi. Ha, hikmat izlaganga hikmatdir dunyo, deydi xalqimiz. Husniyaxon va Gulnozaning orzulariga tilakdoshmiz.
Raʼno ZARIPOVA, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist