AQSH va Xitoy savdo urushi: bojlar miqdori 100 milliard dollarga chiqishi mumkin

0
117
marta koʻrilgan.

 Xitoy Xalq Respublikasi Savdo vazirligi yangi bayonot bilan chiqdi. 

“Xitoy AQSH bilan savdo-sotiq qarama-qarshiligida oʻz manfaatlarini himoya qilishga tayyor. Qoʻshma shtatlar dunyo hamjamiyati va XXRning noroziligini hisobga olmay, savdo sohasida proteksionistik yoʻlda ketishda davom etsa, Pekin hal qiluvchi chorani qoʻllaydi”, deyilgan bayonotda. 

Vazirlikning bunday bayonot bilan chiqishiga kuni kecha AQSH Prezidenti Donald Trampning Xitoydan import qilinadigan tovarlarga qoʻshimcha bojlar kiritish boʻyicha bergan farmoyishi sabab boʻldi. Mazkur farmoyishda Xitoy mahsulotlariga qoʻyiladigan bojlar umumiy miqdorini 100 milliard dollargacha yetkazish imkoniyatlarini aniqlash vazifasi qoʻyilgan. 

Eslatib oʻtamiz, hafta boshida AQSH Xitoyning 1,3 ming turdagi mahsulotiga import boji qoʻyilishini maʼlum qilgan edi. Bu bilan cheklanmagan Vashington oʻz mahsulotlariga tegishli intelektual huquqlar buzilayotganini roʻkach qilgan holda Xitoyning keng turdagi mahsulotlarga yangi bojlar qoʻyish borasida taklifini ham berdi. Shu asnoda AQSH Xitoyni import bojlari evaziga yiliga 50 milliard dollardan toʻlashga majbur qilmoqchi. Unga javob chorasi sifatida Xitoy Davlat kengashi AQSHning 106 turdagi mahsulotiga 25 foizlik boj qoʻyish haqidagi qarorni qabul qildi. 

AQSH Prezidenti Donald Tramp joriy yilning 23 martida “Xitoy savdo tahdidlariga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi memorandumni imzolagan. Mazkur hujjat Xitoy mahsulotlariga cheklovlarni joriy etishga ruxsat beradi. 

Malohat Husanova, OʻzA
Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.