Toshkent Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqoti doirasida tashkil etilgan «Markaziy Osiyo va Afgʻonistonda barqaror rivojlanish sari xotin-qizlarning iqtisodiy huquq va imkoniyatlarini kengaytirish» mavzuidagi yirik xalqaro forumga mezbonlik qildi.
Forum Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi (BMTTD) tomonidan Jahon banki va Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki koʻmagida tashkil etildi.
Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yil 22 fevralda BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashining 46-sessiyasida Oʻzbekistonda Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollarining muloqoti va xotin-qizlarning mintaqaviy biznes-forumini oʻtkazish tashabbusini ilgari surgan edi.
Buning amaliy ifodasi sifatida oʻtkazilgan forumda ayollar tadbirkorligini rivojlantirish boʻyicha fikr va ilgʻor tajriba almashildi. Toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni oʻrnatish, oʻzaro hamkorlikning eng istiqbolli yoʻnalishlarini aniqlash hamda Afgʻoniston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekiston ayollari oʻrtasida hamkorlik va ishbilarmonlik sherikligini oʻrnatish boʻyicha amaliy muloqotlar oʻtkazildi.
Forum ishini boshqargan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva ilgari surilgan gʻoyalar, amalga oshirilayotgan samarali loyihalar boʻyicha huquqiy asoslar yaratish boʻyicha bildirgan taklifi ishtirokchilar tomonidan qoʻllab-quvvatlandi.
Bu amalga oshsa, gʻoyalarni amalga oshirish mexnizmlari ham yaratiladi. Samarali loyihalar toʻxtab qolishining oldi olinadi.
Forumda ishtirok etgan BMT Bosh kotibi yordamchisi, BMTTD maʼmuriy yordamchisi va BMTTDning Yevropa va Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi boʻyicha Mintaqaviy byurosi direktori Miryana Spolyarich Egger xonim forum iqtisodiy masalalarga qaratilgani bilan muhim ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi. Ayollar tadbirkorligi boʻyicha anʼanaviy yoʻnalishlar emas, balki zamonaviy, yuqori texnologik sohalarga ham eʼtibor qaratilayotgani diqqatga sazovor. 2030 yilgacha Oʻzbekiston gender tenglikka erishishni maqsad qilayotganini esa olqishlaymiz. Bu tashabbusni qoʻllab-quvvatlaymiz.
Aytib oʻtish kerakki, Egger xonim Oʻzbekistonga tashrifi doirasida BMTTD va Hukumat oʻrtasidagi hamkorlikning yangi yoʻnalishlarini muhokama qilish hamda BMTTD Oʻzbekistonning ijtimoiy yoʻnaltirilgan, yashil va barqaror rivojlanishni, ayniqsa, «COVID-19» pandemiyasi sharoitida, qoʻllab-quvvatlashga sodiqligini tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Hukumatining yuqori lavozimdagi rahbarlari va hamkorlar bilan uchrashuvlar oʻtkazadi. «Ishga marhamat» monomarkaziga uskunalarni topshirish marosimida qatnashadi.