BMT shafeligida Orolboʻyi aholisiga koʻmaklashuvchi fond taqdimoti

0
534
marta koʻrilgan.

 2018 yilning 27 noyabr kuni Nyu-York shahridagi BMT qarorgohida BMTning Orolboʻyi mintaqasi uchun inson          xavfsizligi boʻyicha koʻpsheriklik trast fondi faoliyat yurita boshlaganiga bagʻishlangan taqdimot boʻlib oʻtdi, deya xabar beradi AQSHdagi Oʻzbekiston Elchixonasining uzbekistan.org saytida.

Orol dengizining suvi qurib borayotgani bugungi davrning  ekologik fojeasi boʻlib, Orolboʻyi mintaqasi aholisining hayotiga, turmush tarziga salbiy taʼsir etmoqda. BMT shafeligida  tashkil etilgan fond mahalliy aholining koʻpgina qiyinchiliklarini yengillashtirishga koʻmaklashish maqsadlarini koʻzlaydi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh kotibi Antoniu Guterrish taqdimotda Orol inqirozi natijasida aziyat chekkan aholining talab va ehtiyojlarini taʼminlashga asoslangan fond faoliyati hamkorlik asosida mintaqa taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshishini taʼkidladi. Shuningdek trast fond  Orolboʻyi mintaqasi aholisi uchun allaqachon yangi ish oʻrinlari yaratganini, ushbu ish oʻrinlariga qabul qilinganlarning qirq besh foyizi ayollar ekanligini gapirib oʻtdi.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish 2017 yil iyun oyida Orolboʻyi mintaqasida fojea asoratlarini oʻz koʻzi bilan koʻrganligini gapirdi. Qachonlardir jahondagi eng katta koʻllarning toʻrtinchisi boʻlgan Orol dengizining qurishi dunyodagi eng yirik ekologik fojialardan biri boʻlib, mintaqadagi hukumatlar, hamjamiyatlar uchun qator ekologik, ijtimoiy-iqtisodiy, tibbiy va gumanitar muammolarni keltirib chiqarayotganini taʼkidladi.

Orolboʻyi mintaqasi uchun inson xavfsizligi boʻyicha koʻpsheriklik trast fondi faoliyatini, saʼy-harakatlarini moddiy qoʻllab-quvvatlashga daʼvat qildi. Bu fond faoliyati dunyoning boshqa mintaqalaridagi ana shunday ekologik muammolarni hal etishda tajriba boʻlishini taʼkidladi.

Fond taqdimotida soʻzga chiqqan, mamlakatimizdan borgan guruh rahbari, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari Suxrob Xolmurodov shunday dedi: “Orol avvalgi holiga qaytishi qiyin,  biroq ekologik fojea tufayli aholini qiynayotgan muammolarni yechishga, tabiatini,  flora va faunasini asrab qolishga intilayapmiz. Shuningdek, u bu hududda baliqning bebaho turlari, oqqush, oq burgut, tovus kabi kamyob jonivorlar yoʻqolib ketayapti. Qachonlardir ovchilik taraqqiy etgan suv boʻyidagi toʻqaylar oʻrnida bugun maydoni 5,5 million gektarga teng boʻlgan qum-tuz choʻli yuzaga keldi, bu yerda qum va tuz boʻronlari avj olmoqda va ular har yili bir necha ming kilometr masofagacha tonnalab qum va zaharli tuzlarni atmosferaga tarqatmoqda. Ekologik fojea insonlarning hayotiga tahdid solayapti, vrachlarning taʼkidlashishicha, rak kasalligining baʼzi turlari va koʻz kasalliklari ortib borayapti.

 Orol fojeasining tahdidli taʼsiri butun dunyoda kuzatilmoqda. Xalqaro ekspertlarni taʼkidlashicha, Orol mintaqasining zaharli tuzlari Antarktida sohillarida, Grenlandiya muzliklarida, Norvegiya oʻrmonlarida va Yer kurrasining koʻplab boshqa joylarida topilgan ”.  

Shuningdek, Suxrob Xolmurodov Oʻzbekiston hukumati tomonidan atrof muhitni asrashga  oid 30 ta qonun, 150 ta meyoriy- huquqiy hujjat qabul qilingani, 2017-2021 yillarga Harakat strategiyasi doirasida Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish boʻyicha ham qator dasturlar amalga oshirilayotganligini,  aholining salomatligini asrash, ularning mehnat bilan bandligini taʼminlash maqsadida ish oʻrinlari,  sogʻlom turmush tarziga mos shart-sharoitlar yaratilayotganini gapirdi.

 Darhaqiqat, oxirgi 50 yil mobaynida Amudaryo va Sirdaryoning Orol dengiziga quyiladigan suv miqdori besh karra qisqardi, dengiz hajmi esa 14 marotabaga kichraydi. Dengizdagi suvning shoʻrlanish darajasi 25 marotabaga oshdi va jahon okeanlarining minerallashuv darajasidan anchagina oshib ketdi.

Shuningdek, bosh vazir oʻrinbosari bu muammo xalqaro miqyosga ega boʻlib borayotganligini taʼkidlab, Markaziy Osiy mamlakatlari – Qozoqiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston, Oʻzbekistondan iborat “Orolni qutqarish” xalqaro fondi 1993 yildan buyon  faoliyat olib borayotganini gapirdi. Shuningdek, 2015 sentyabrdagi BMT Sammitida BMT shafeligida  Orol dengizi va Orol boʻyi mintaqalari muammolarini hal qilishga koʻmaklashguvchi Trast fondining tashkil etish lozimligi haqidagi Oʻzbekiston tashabbusni qoʻllab quvvatlagani uchun Antoniu Guterrishga minnatdorlik bildirdi.  

Oʻzbekiston hukumati BMTning Orolboʻyi mintaqasi uchun inson xavfsizligi boʻyicha koʻpsheriklik trast fondiga yiliga 2 million dollar ajratishini bildirdi.

Oydin SAʼDULLAYEVA tayyorladi

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.