London shahrida amaliy tashrif bilan mehmon boʻlib turgan Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Oʻzbekistonga oid xorijdagi madaniy merosni tadqiq etish markazi va Toshkent islom universitetining Islomshunoslik ilmiy-tadqiqot markazi vakillaridan iborat delegatsiya Buyuk Britaniya kutubxonasi maʼmuriyati bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Kutubxona vakillari Kristian Jensen, Kolin Beker, Luiza Mengoni, Janet Zmrojek bilan suhbatda Buyuk Britaniya kutubxonasi dunyodagi qoʻlyozma, kitob, xarita, jurnal va boshqa manbalarning eng boy fondiga ega kutubxona hisoblanishi, unda 150 milliondan ziyod manba saqlanishi taʼkidlandi. Kutubxonaga har yili 3 million yangi adabiyot qoʻshiladi, kuniga oʻrtacha 16 000 kitobxon tashrif buyuradi. Agar kuniga Buyuk Britaniya kutubxonasida saqlanayotgan 5 ta kitob oʻqilsa, jami manbalarni oʻqib tugatish uchun 18 000 yil kerak boʻladi.
Uchrashuvda oʻzaro hamkorlik istiqbollari muhokama etildi.
Manba: OʻzA