Diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlar dunyoning yetakchi ekspertlari nigohida

0
175
marta koʻrilgan.
Yaqinda AQSHning J.Xopkins universiteti huzuridagi Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti prezidenti Frederik Starr hamda Institut direktori Svante Kornell tomonidan «Oʻzbekiston: musulmon dunyosidagi islohotlar uchun yangi model» nomli maqola eʼlon qilindi.
 
Maqolada Oʻzbekistonda davlat va jamiyat hayotining turli jabhalarida olib borilayotgan islohotlar, amalga oshirilayotgan tub oʻzgarishlarga ijobiy baho berilgan. Mualliflar Oʻzbekistondagi bu yangilanishlar mamlakat Prezidentining shaxsiy tashabbusi asosida amalga oshirilayotganini alohida qayd etganlar.
 
Tadqiqotchilar Oʻzbekiston Rahbariyatining diniy sohadagi siyosatiga yuqori baho beradilar. Jumladan, maqolada jinoiy faoliyati uchun javobgarlikka tortilgan, qilgan ishidan pushaymon boʻlib, tuzalish yoʻlini tanlagan 16 mingdan ortiq fuqarolarning «maxsus hisob»dan chiqarilishi, xorijda yurgan shu toifadagi shaxslarni mamlakatga qaytarish boʻyicha olib borilayotgan ishlar alohida qayd etilgan.
 
Ekspertlarning taʼkidlashicha, Oʻzbekiston Prezidenti Sh.Mirziyoyev davrida Oʻzbekistonning boy diniy-maʼnaviy tarixga daʼvogarligi amaliy harakatlarda namoyon boʻlmoqda. Uning davrida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tashkil etildi.
 
«Oʻzining boy oʻtmishga ega ekanini eʼtirof etish bilan bir qatorda, Oʻzbekiston ana shu tarixni ilmiy asosda oʻrganish va hayotga tadbiq qilishga harakat qilayotgani butun musulmon dunyosi uchun avvallari uchramagan, yangi yoʻnalishni taqdim etmoqda», — deyiladi maqolada.
 
Mualliflarning taʼkidlashicha: «Mintaqa, islomning eʼtiqodiy markazi sifatida qaraladigan Yaqin Sharqdan qolishmagan holda, tarixiy, diniy va intellektual asoslariga koʻra, musulmon dunyosining markazi boʻlishga haqli».
 
Oʻzbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari musulmon dunyosining eng ilgʻor ilmiy kashfiyotlari, bebaho diniy manbalari arablar tomonidan emas, balki aynan markaziy osiyoliklar tomonidan amalga oshirilgan, degan fikrni ilgari suradilar.
 
Jahonning yetakchi ekspertlari va ilmiy doiralari tomonidan Oʻzbekistondagi diniy-maʼrifiy islohotlarga bildirilayotgan munosabat, hech shubhasiz, mamlakatimizda ushbu sohada amalga oshirilayotgan islohotlar xalqaro maydonda eʼtirof etilayotganining amaliy ifodasidir.
 
Manba: OʻzA
Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.