Dominikan Respublikasida 23 fevral oʻzbek kurashi milliy kuni deb eʼlon qilindi

0
348
marta koʻrilgan.

Dominikan Respublikasi kurash federatsiyasi Janubiy Amerikada eng yetakchi milliy federatsiyadir. Federatsiya rahbarlarining saʼy-harakatlari bilan har yili muntazam tarzda mamlakat chempionatlari, qitʼa birinchiliklari yuqori darajada oʻtkazib kelinmoqda.

Xususan, 2005 yil yoshlar oʻrtasida V jahon chempionatiga Dominikan Respublikasi mezbonlik qilgani kurash muxlislari yodida. Ushbu mamlakat 2015 yil Panamerika Kurash konfederatsiyasiga aʼzo federatsiyalar ishtirokida Kurash oyligi oʻtkazilishining tashabbuskori boʻlgan. 

2018 yildan boshlab 23 fevral Dominikan Respublikasida Kurash milliy kuni sifatida nishonlanadigan boʻldi.

Dominikan hukumati qoʻllab–quvvatlashi va mamlakat Kurash federatsiyasi ijroiya qoʻmitasi qarori bilan 23 fevral kuni kurash boʻyicha koʻrgazmali chiqishlar, hakamlik seminarlari, oʻquv mashgʻulotlari, turli tanlovlar va kurash sporti targʻibotiga bagʻishlangan boshqa koʻplab tadbirlar oʻtkazilishi belgilandi. 

— Kurash milliy kuni sportchilarimiz, murabbiylarimiz, hakamlarimiz va boshqa mutaxassislar tomonidan betakror kayfiyat va muhitda nishonlanadi, – deydi Dominikan kurash federatsiyasi prezidenti Israil Karabalo. – Bu tadbirga mamlakatimiz poytaxti Santo-Domingo shahri, shuningdek, Azua, Peraviya, San-Kristobal, San-Pedro-de-Makoris, Monte-Plata, La-Vega, San-Xuan, Duarte, Sanches-Ramires va boshqa provinsiyalarda katta tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Ishonamizki, Kurash milliy kuni Dominikan Respublikasida kurash ommaviyligini yanada oshirishga xizmat qiladi. 

Kurash sporti oʻz jozibasiyu insonparvarligi bois ona sayyoramiz xalqlari koʻnglidan munosib oʻrin egallamoqda. Har yili kurash xalqaro oilasiga aʼzo boʻlayotgan davlatlar soni muntazam oshib bormoqda.

Bugungi kunda “kurash”, “halol”, “toʻxta”, “taʼzim”, “yonbosh”, “chala” kabi oʻzbek soʻzlari jahonning 130 dan ortiq mamlakatida jaranglamoqda.
Xalqimizning faxri boʻlgan kurash qisqa vaqt ichida rivoj topib, Osiyo oʻyinlari tarkibidan rasman oʻrin oldi. Shu yil kuzda Indoneziyada qitʼamiz polvonlari Osiyo oʻyinlari gʻolibligi uchun gilamga chiqadi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 2 oktyabrdagi “Kurash milliy sport turini yanada rivojlantirish chora–tadbirlari toʻgʻrisidagi” qarori milliy boʻlgan kurash rivojini yangi bosqichga olib chiqmoqda. 

Material Xalqaro kurash assotsiatsiyasi matbuot xizmati bilan hamkorlikda tayyorlandi.
 

Manba: OʻzA

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.