Sogʻliqni saqlash butunjahon tashkiloti bugungi kunda dunyo ahlining sogʻligiga keskin salbiy taʼsir koʻrsatayotgan 10 sababni eʼlon qilib, butun jahon hamjamiyatini ana shu muammolarga qarshi kurashishga chaqirdi.
Sogʻliqni saqlash butunjahon tashkilotining saytida koʻrsatilishicha, bu jiddiy muammolar quyidagilardan iborat:
- Havoning haddan ziyod ifloslanishi. Dunyoda oʻntadan toʻqqiz kishi ifloslangan havodan nafas olyapti. Yer yuzining 91 foiz aholisi havosi ifloslangan hududlarda yashaydi. Osiyo va Afrika qitʼasida yiliga 7 million kishi havoning haddan tashqari ifloslanishi natijasida vafot etmoqda. Dunyoda yiligi 4,2 million kishi muntazam ravishda ochiq havodagi ifloslanish, 3,8 millioni esa bino ichida maishiy chiqindilar natijasida toʻplanuvchi zararli havoni yutishi oqibatida vafot etmoqda.
- Qandli diabet, saraton, yurak xuruji kabi yuqumli boʻlmagan kasalliklar. Bugun dunyoda vafot etayotganlarning 70 foizi ana shu kasalliklar tufayli olamdan oʻtyapti.
- Gripp va ORVI. Bugun Sogʻliqni saqlash butunjahon tashkiloti gripp va ORVIga qarshi kurashish uchun mavsumiy emlanishni tavsiya etadi.
- Yomon turmush sharoiti. Dunyo ahlining 22 foizi inqirozli turmush sharoiti (ocharchilik, qurgʻoqchilik, urush va hakozo) yoki sogʻliqni saqlash xizmati talabga javob bermaydigan sharoitda yashaydi.
- Antimikroblarga qarshilik holati. Antibiotik vositalarning kashf etilishi kishilik jamiyatining katta yutuqlaridan biri. Lekin kishilarning haddan tashqari mazkur vositalarni koʻp qabul qilishi organizmdagi turli mikrob va bakteriyalarni ana shu antibiotik dorilarga chidamli qilib qoʻyadi. Buning natijasida esa dori organizmga taʼsir etmay, oʻlim darajasigacha yetib kelishi mumkin. Masalan, bugungi kunda dunyoda 10 million odam sil kasalligiga uchrasa, uning 1,6 millioni shifo topmay vafot etmoqda.
- Ebola va boshqa yuqori xavfli patogenlar. Ebola va boshqa yuqori xavfli yuqumli kasalliklar epidemiyasi natijasida bugungi kunda yiliga millionlab kishilar vafot etmoqda.
- Tibbiy xizmatning yaxshi emasligi. Ayniqsa, rivojlanayotgan davlatlarda tibbiy xizmatning yaxshi emasligi, kasalliklarning vaqtida oldi olinmasligi yoki toʻgʻri davolanmasligi dunyo ahlining sogʻligiga katta xavf solmoqda.
- Vaqtida yoki umuman vaksinatsiya qilinmasligi. Baʼzi kasalliklarga qarshi vaksinatsiya oʻz vaqtida olinsa, yiliga 2-3 million oʻlimning oldi olingan va yana 1.5 million kishi maʼlum bir kasalliklarga umuman uchramagan boʻlar edi, deb yoziladi Sogʻliqni saqlash butunjahon tashkilotining saytida.
- Dengey kasalligi. Bangladesh, Hindiston, Nepal kabi tropik mamlakatlarda mavjud boʻlgan dengey chivini koʻplab kishilarni yostigʻini quritadi. Koʻrinishidan gripp va ORVIga oʻxshab kechuvchi bu kasallik natijasida yiliga 390 million kishi kasallanadi.
- OITS. Bugungi kunda dunyoda yiliga oʻrtacha 1 million kishi OITSdan vafot etmoqda. Dunyoda hozir 37 million odam ushbu kasallikka chalingan.
Surat Sogʻliqni saqlash butunjahon tashkiloti saytididan olindi.
Oydin SAʼDULLAYEVA tayyorladi.