“El-yurt umidi” jamgʻarmasining 730 nafar stipendiati xorijiy nufuzli universitetlarda taʼlim olmoqda

0
105
marta koʻrilgan.

“El-yurt umidi” jamgʻarmasi orqali erkin va ijodiy fikrlaydigan yoshlarni nufuzli xorijiy oliygohlarga oʻqishga yuborish koʻlamini 2 baravarga oshirish vazifasi belgilangan. Xoʻsh, Jamgʻarmaning oʻtgan 2024 yildagi faoliyati qanday kechdi?

2024 yilda “El-yurt umidi” jamgʻarmasining 500 oʻringa (100 oʻrin bakalavriat, 250 oʻrin magistratura va 150 oʻrin doktoranturaga) moʻljallangan ochiq stipendiya tanlovi tashkil etilgan. Mazkur tanlov doirasida kvotaning 65 foizi fan va texnologiyalar, matematika, muhandislik, arxitektura, sogʻliqni saqlash, dizayn, sanʼat va madaniyat, turizm sohalariga yoʻnaltirilgan. Tanlovda jami 4 ming 17 nafar nomzod ishtirok etgan hamda yakuniy natijalarga koʻra jami 411 nafar (bakalavriatga 146 nafar, magistraturaga 232 nafar va doktoranturaga 33 nafar) nomzod Jamgʻarma stipendiyasi gʻolibi deb topilgan. 

“El-yurt umidi” jamgʻarmasi matbuot xizmati maʼlumotlariga koʻra, 2024 yilda Jamgʻarma stipendiati deb eʼtirof etilganlarning 263 nafari erkak va 148 nafari ayollardan iborat. Ularning 174 nafari Buyuk Britaniyada, 147 nafari AQSHda, 22 nafari Italiyada, 18 nafari Avstraliyada, 12 nafari Germaniyada, 10 nafari Malayziyada va 28 nafari boshqa turli mamlakat universitetlarida tahsil oladi. 180 nafar stipendiat xalqaro reytinglardagi TOP-100 talik, 231 nafari esa TOP-300 talik universitetda taʼlim oladi. 

Shu bilan birga, nomzodlarning hududlar kesimidagi tahliliga koʻra, 78 nafar Toshkent shahri, 43 nafar Samarqand viloyati, 33 nafar Fargʻona viloyati, 32 nafar Buxoro viloyati, 31 nafar Jizzax viloyati, 29 nafar Qashqadaryo viloyati, 28 nafar Namangan viloyati, 25 nafar Surxondaryo viloyati, 24 nafar Qoraqalpogʻiston Respublikasi, 22 nafar Navoiy viloyati, 22 nafar Toshkent viloyati, 21 nafar Andijon viloyati, 16 nafar Xorazm viloyati va 7 nafar Sirdaryo viloyati kabi hududlar ulushiga toʻgʻri kelmoqda. 

Jamgʻarmaning 2024 yilda gʻolib boʻlgan stipendiatlari rivojlangan 10 ortiq davlatning 105 ga yaqin universitetida taʼlim oladi. Ularning bugungi kun holatiga 285 nafari xorijga taʼlim olish uchun yuborildi. Mazkur stipendiatlarning 95 foizi G7 mamlakatlaridagi nufuzli universitetlarda taʼlim olishi rejalashtirilgan. 

Ayni vaqtda Jamgʻarmaning 730 nafar stipendiati xorijiy nufuzli universitetlarda taʼlim olmoqda. Bundan tashqari 1 ming 340 nafar stipendiat Oʻzbekistonga qaytib, xorijda toʻplagan ilgʻor bilim va koʻnikmalarini iqtisodiyotning turli tarmoqlarida, taʼlim, fan, tibbiyot hamda davlat boshqaruvi yoʻnalishlarida mehnat faoliyatida qoʻllab kelmoqda. Jamgʻarma tomonidan 2024 yilda xorijiy davlatlarning nufuzli universitetlari va xalqaro taʼlim tashkilotlari bilan 150 dan ortiq uchrashuv va vebinarlar oʻtkazildi, 10 dan ortiq ikki tomonlama hamkorlik memorandumi imzolandi hamda buning natijasida stipendiatlarning oʻqish xarajatlaridan 20 foizdan 55 foizga qadar chegirmalar olishga erishildi. 

2025 yilda “El-yurt umidi” jamgʻarmasi ochiq stipendiya tanlovlarida iqtisodiyotning drayver sohalariga (energetika, transport, arxitektura va qurilish, qishloq xoʻjaligi, suv xoʻjaligi, sogʻliqni saqlash, sanʼat va madaniyat, turizm hamda STEM) kvotalar ajratishga ustuvorlik beriladi hamda mazkur sohalar uchun umumiy kvotalarning 65-70 foizi ajratiladi. 

“El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiya tanlovlari borasida qator yangiliklar kutilmoqda. Xususan, vazirlik, idora va tashkilotlar xodimlarining kasbiy bilim, malakalarini oshirish maqsadida rivojlangan mamlakatlardagi yetakchi xorijiy universitetlar, ilmiy markazlar, turli kompaniya va tashkilotlarda stajirovka oʻtash imkoniyatlari yaratilishi kutilmoqda. 

Jamgʻarmaning xorijda taʼlim olayotgan va bitirgan stipendiatlar bilan doimiy muloqot maydonini yaratish maqsadida “El-yurt umidi” platformasi yaratiladi. Shu bilan birga, taʼlim dasturlarini tamomlagan stipendiatlarning Oʻzbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi uchun ustuvor hisoblangan sohalar boʻyicha yetakchi xalqaro tashkilotlarda, xorijiy davlatlar idora va tashkilotlarida hamda yirik kompaniyalarda stajirovka oʻtashi uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratish ustida ishlanmoqda. 

Muhayyo Toshqorayeva, OʻzA

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.