Yer qaʼriga yoʻl Boysundami?

0
461
marta koʻrilgan.

«Agar Boysundagi Boybuloq va Vishnevskiy gʻorlarining ulangan joyi topilsa, bu dunyodagi eng chuqur gʻorlardan biri boʻladi», deyishmoqda jahon togʻshunoslari.

Bu yil Rossiya, Shveysariya va fransiyalik gʻorshunoslardan tarkib topgan xalqaro ekspeditsiya Choʻlbayir togʻ tizmasidagi Boybuloq va Vishnevskiy gʻorlarini tadqiq etdilar, deya xabar beradi BBC UZBEK.

Chuqurligi 1415 metrni tashkil etadigan Boybuloq Osiyoning eng chuqur gʻori hisoblanadi va butun dunyo gʻorshunoslarining eʼtiborini oʻziga jalb qilgan

Nufuzli «National Geographic» jurnalining mart oyi sonida chop qilinishi kutilayotgan maqolada aytilishicha, Oʻzbekistonning Boysun shahri yaqinidagi gʻor yer yuzidagi eng chuqur gʻor boʻlishi mumkin.

Asosan rossiyalik 31 kishilik ekspeditsiyaga qoʻshilgan britaniyalik tadqiqotchi Mark Sinnotning maqolasida yozilishicha, «Qorongʻi yulduz» deya nom olgan mazkur gʻor tobora koʻp alpinistlarni oʻziga jalb etyapti.

«Biz bilamizki, Everest choʻqqisi yer yuzidagi eng baland choʻqqi, lekin yangi va bahaybat yerosti boʻshliqlarini topish yoʻlidagi salohiyatning chegarasi yoʻq. Olimlar yer ostida nima yashiringanidan koʻra Mars sayyorasi haqida koʻproq bilimga egalar», — deb yozadi u.

Gruziyadagi Krubera gʻori shu kungacha aniqlangan eng chuqur gʻordir. Uning chuqurligi 2196 metr. Ammo, Boysundagi gʻor undan ancha chuqurroq boʻlishi mumkin, degan gipotezalar aytilmoqda.

«Qorongʻi yulduz» ogʻzini rossiyalik alpinistlar 1984 yilda topishgan, ammo ilk marta uning ichidagi tizimni britaniyaliklar 1990 yilda kashf qilishgan va bugungi nomini berishgan.

U yer ostida qoʻshni «Festivalnaya» gʻori tizimlari bilan qoʻshilishi mumkin degan qarashlar tufayli jahonning eng ashaddiy gʻorchilari Boysunga qiziqib qolganlar.

Oydin SAʼDULLAYEVA tayyorladi

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.