Erondagi samolyot halokati boʻyicha nimalar maʼlum?

0
153
marta koʻrilgan.

 Imom Humayniy nomidagi Tehron xalqaro aeroportida Ukraina yoʻlovchi samolyoti halokatga uchragani haqidagi mudhish  xabar tarqaldi. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi jahonning turli OAVlari maʼlumotlarini kuzatib, unga kengroq sharx beradi.

Eron aviatsiya vazirligi vakili Jafar Zodaning maʼlum qilishicha, Kiyevga parvoz qilayotgan havo kemasida ekipaj aʼzolaridan tashqari 167 yoʻlovchi boʻlgan.

Eron favqulodda vaziyatlar boʻyicha boshqarma direktorining RIA Novosti axborot agentligiga maʼlum qilishicha, halokat tufayli barcha yoʻlovchilar halok boʻlgan.

Avvalroq, Eronning Tasnim agentligi Ukrainaning bortida 180 yoʻlovchi boʻlgan samolyoti «texnik muammolar» sababli halokatga uchraganini maʼlum qilgan edi. Xabarda aytilishicha, samolyot havoga koʻtarilgandan keyin oradan ikki daqiqa oʻtar-oʻtmas qulab tushgan.

PS752 reysi Tehrondan ertalab mahalliy vaqt bilan soat 5:42 da havoga koʻtarilgan va ikki daqiqa oʻtgandan keyin, yaʼni 5:44 da samolyot bilan aloqa uzilgan. Bundan kelib chiqadiki, Ukrainaning «Boeing 737-800» havo layneri havoga koʻtarilgandan soʻng halokatga uchragan.

Samolyot halokatga uchragan joyda ikkita qora qutining biri topilgan. Uni Eron qutqaruvchilari aniqlagan. Bundan oldinroq, Tehron aeroporti vakili halokatga samolyot dvigatelida oʻt chiqqani sabab boʻlganini aytgan edi.

Shu kecha tunda Eron harbiylari AQSHning Iroqdagi bir nechta obyektlariga raketa zarbalari bergan edi. Ayrim kuzatuvchilar samolyot halokatini ushbu voqealarga bogʻlashga ham harakat qilmoqda. Yaʼni samolyot tasodifan raketalarning biri bilan urib tushirilgan boʻlishi ham mumkin. Ammo Eronning raketa zarbalarini berish vaqti bilan samolyotning parvozi boshlangan vaqt bir-biriga toʻgʻri kelmaydi.

«Ukraina xalqaro avialiniya» aviakompaniyasi bayonotiga koʻra, halokatga uchragan yoʻlovchi samolyoti soʻnggi texnik koʻrikdan atigi ikki kun avval oʻtgan. Qolaversa, samolyot 2016 yilda ishlab chiqaruvchidan sotib olingan, yaʼni qariyb yangi boʻlgan, shuningdek, uchuvchilar ham bunday samolyotlarni boshqarishda katta tajribaga ega boʻlishgan, shu bois halokat uchuvchilarning xatosi sababli yuz bergan deyishga asos yoʻq, deyilmoqda.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy halokat sababli mamlakatdagi barcha fuqaro samolyotlarning uchish imkoniyatlarini qayta tekshiruvdan oʻtkazishga koʻrsatma berdi.
Kecha kunning ikkinchi yarmiga kelib halok boʻlganlarning aniq soni maʼlum qilindi. Unga koʻra, «Ukraina xalqaro avialiniya»siga qarashli «Boeing 737-800» samolyoti bortida 179 kishi boʻlgan. Ularning 147 nafari eronlik, 32 nafari xorijlik boʻlgan. 11 nafar yoʻlovchi Ukraina fuqarosi boʻlib, koʻpchiligi aviakompaniya xodimlari edi, deyiladi  Ukraina milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi xabarida. Aniqrogʻi, 11 kishining ikki nafari yoʻlovchi, qolgan 9 nafari ekipaj aʼzosi edi.
Bundan oldinroq «Ukraina 24/7» telegram kanali oʻz manbalariga tayangan holda Tehrondan Kiyevga uchgan reysda Ukraina fuqarolaridan tashqari, 71 nafar eronlik, 73 kanadalik, sakkiz nafar shvetsiyalik, 6 nafar afgʻonistonlik, toʻrt nafar germaniyalik va uch nafar britaniyalik yoʻlovchi boʻlganini maʼlum qilgan edi.
 
Saidmurod Rahimov, OʻzA
Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.