“Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” mintaqalararo uchrashuvida ishtirok etgan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Bishkek shahrida Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati boʻyicha Oliy vakili, Yevrokomissiya vitse-prezidenti Federika Mogerini bilan uchrashdi. Bu haqda Jahon Axborot Agentligi xabar beradi.
“Oʻzbekiston – Yevroittifoq” shaklidagi aloqalarning hozirgi holati va yanada rivojlanish istiqbollari muhokama qilindi.
Yevropa kengashi Prezidenti Donald Tuskning Oʻzbekistonga tashrifi va uning 2019-yil 31-may kuni Toshkent shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan oʻtkazgan muzokaralari yakunlari yuqori baholandi.
Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston – Yevropa munosabatlarining sifat jihatdan yangi darajaga koʻtarilganligi va hamkorlikning barcha jabhalari muayyan amaliy mazmun bilan boyigani taʼkidlandi. Shu nuqtayi nazardan ikki tomon ham Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim loyihasi ustida muzokaralar mexanizmining yoʻlga qoʻyilganligini maʼqulladi. Mazkur hujjatning imzolanishi ikki tomonlama munosabatlarda yangi pogʻona boʻlishi kutilmoqda.
Suhbar chogʻida qayd etilganidek, joriy yilda Oʻzbekiston tomonidan YIning barcha davlatlari fuqarolari uchun vizasiz tartibning joriy qilinishi “xalq diplomatiyasi”ni ragʻbatlantiradi, jumladan savdo-iqtisodiy, investitsiya, madaniy-gumanitar va boshqa tarmoqlardagi aloqalarning faollashtiradi.
Uchrashuvda Afgʻoniston yoʻnalishidagi hamkorlik masalalari hamda xalqaro va mintaqaviy siyosatning alohida mavzulari ham koʻrib chiqildi.