2018 yil 15 mart kuni Vena shahrida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Doimiy kengashi aʼzolari 26-27 mart kunlari Toshkent shahrida boʻlib oʻtadigan Afgʻoniston boʻyicha «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik» mavzusidagi yuqori darajali xalqaro konferensiyaning asosiy mazmuni bilan tanishdilar.
Oʻzbekistonning YeXHT va Vena shahridagi boshqa xalqaro tashkilotlardagi Doimiy vakolatxonasi rahbari Sherzod Asadovning maʼruzasida taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Toshkent shahrida boʻlib oʻtadigan xalqaro konferensiya Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatish, uning barqaror rivojlanishi uchun sharoit yaratish, afgʻon xalqining farovonligini oshirish va uning mintaqa va butun dunyodagi ijobiy jarayonlarga jalb qilinishini taʼminlashda muhim qadam boʻlishi kerak.
Afgʻoniston, Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Tojikiston va Rossiyaning diplomatik vakolatxona rahbarlari oʻz nutqlarida Afgʻoniston boʻyicha xalqaro konferensiya oʻtkazilishini qoʻllab-quvvatladilar. Xorijiy hamkorlar Oʻzbekiston tomoniga yuqori darajadagi Toshkent forumini tashkillashtirish tashabbusi uchun minnatdorchilik izhor qilib, uning muvaffaqiyatli oʻtkazilishiga ishonch bildirdilar.
YeXHTga raislik qiluvchi mamlakat boʻlgan Italiya vakili Afgʻoniston boʻyicha xalqaro konferensiya natijalari yuzasidan tashkilot doirasida alohida tadbir oʻtkazishni taklif qildi.
YeXHTning Doimiy kengashi yigʻilishida tashkilot rahbariyati, 60 ga yaqin elchilar, ishtirokchi va hamkor mamlakatlarning diplomatik vakolatxonalari rahbarlari qatnashdilar.
Yigʻilish yakuniga koʻra Oʻzbekiston tomonining maʼruzasi YeXHT Doimiy kengashining rasmiy hujjati sifatida tarqatildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati