Shu yilning 15 oktyabr kuni Germaniya Federativ Respublikasining Frankfurt shahrida anʼanaviy «Frankfurt Buchmesse» xalqaro kitob koʻrgazmasi ochildi.
Besh yuz yillik tarixga ega dunyodagi eng nufuzli mazkur xalqaro kitob koʻrgazmasida Oʻzbekistondan ham vakillar ishtirok etyapti. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tizimidagi Oʻzbekiston, Gʻafur Gʻulom va “Oʻqituvchi” nashriyotlari hamda Yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikda faoliyat koʻrsatayotgan “Mashhur Press” nashriyoti oʻzbek noshirlari mahsulotini koʻrgazmada namoyish etadi.
Xalqaro kitob koʻrgazmasining tantanali ochilish marosimida GFR tashqi ishlar vaziri Xayko Maas, Kitoblar koʻrgazmasi direktori Yurgen Boss hamda diplomatik korpus vakillari, elchilar, shuningdek, koʻplab xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan noshir va matbaachilar ishtirok etdi.
Maʼlumot oʻrnida aytish mumkinki, Frankfurt kitob koʻrgazmasi asoschisi sifatida Frankfurt yonidagi Maynsda yashab oʻtgan birinchi kitob noshiri Iogann Guttenberg eʼtirof etiladi.
Xalqaro kitob koʻrgazmasi Oʻzbekiston matbaachilik sanoati taraqqiyotining istiqbollarini targʻib etish, oʻzaro manfaatli aloqalarni oʻrnatish va turfa madaniyatlar bilan yaqinroq tanishish imkonini beradi.
«Frankfurt Buchmesse» xalqaro kitob koʻrgazmasi 20 oktyabrga qadar davom etadi.
Manbaa: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi sayti