Ozarbayjonda boʻlib oʻtayotgan III Turk dunyosi adabiyot va kitob festivali doirasida 25 may kuni Oʻzbekiston kuni boʻldi.
Ertalab 9.00 dan kechgacha Ozarbayjon fanlar akademiyasi bogʻidagi katta monitorda Oʻzbekiston bayrogʻi hilpirab turdi. Tadbirlar soat 11.00 da Oʻzbekiston madhiyasi bilan boshlandi. Rejaga koʻra kun davomida turli tadbirlar, musiqiy lahzalar, Ozarbayjon etnografik ansambllari chiqishlari, mushoiralar boʻldi.
Asosiy tadbirlar Oʻzbekiston xalq shoiri, Oʻzbekiston qahramoni Erkin Vohidovning «Soʻz latofati» kitobining taqdimoti, Oʻzbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf xotirasi va Shoira Shamsning «Koʻzlaringdagi bahor» kitobi taqdimotlari boʻldi. Shoira Shams oʻz gʻazallaridan oʻqib, barchaning olqishiga sazovor boʻldi. Kitobsevar kishilar «Koʻzlaringdagi bahor» kitobini shoira dastxati bilan oldilar.
Kun davomida hammamizga mashhur «Oʻzbek kelayotir tarix qaʼridan» sheʼrining muallifi Akif Bagʻir chiqishlari ham hammani hayajonga soldi. Hozir esa Akif Bagʻirning «Oʻzbek kelayotir tarix qaʼridan» sheʼrini eʼtiboringizga havola etamiz.
Shoira Shamsning Ozarbayjondan Yozuvchilar uyushmasi Xorazm viloyat boʻlimiga yoʻllagan tafsilotlaridan.
Akif Bagʻir: Oʻzbek kelayotir tarix qaʼridan
Oʻzbek kelayotir tarix qaʼridan…
Yana xayol uzra tashbehlar xil-xil,
Bir paygʻom vasliga talpinar dadil.
Ilhom parisining xushxabaridan
Sarxush sanduvochday yayramoqda dil –
Oʻzbek kelayotir tarix qaʼridan!
Asrab naʼrasini, yangroq sasini –
Qadim Xorazmning xazinasini,
Ikki yarim, uch ming yillar naridan
Opichlab Avesto dafinasini,
Oʻzbek kelayotir tarix qaʼridan!
Bir qanot – Alpomish, bir qanot – Shiroq,
Bir yon – Alp Er Tunga, yengilmas tuproq.
Oʻt olib mangulik samandaridan,
Toʻmarislar qalbin yoritgan chiroq –
Oʻzbek kelayotir tarix qaʼridan!
Dahosining sonsiz mevasi bilan,
Samarqand, Buxoro, Xivasi bilan,
Qancha tosh bitikning oʻyiq bagʻridan,
Shoshga tengdosh boʻlgan shevasi bilan,
Oʻzbek kelayotir tarix qaʼridan!
Azaldan zakovat nuriga yolchib,
Zulmatlarga irfon yogʻdusin sochib,
Turib, tunu kunning tutash yeridan,
Ne-ne sayyoralar, qitʼalar ochib,
Oʻzbek kelayotir tarix qaʼridan!
Chiqarib nurafshon yoʻlga karvonin,
Boshiga koʻtarib tengsiz sarbonin,
Kuch olib istiqlol zafarlaridan,
Yana yulduzlarga taqab narvonin,
Oʻzbek kelayotir tarix qaʼridan!
Yoʻl boʻshat, dillarda muzlagan armon!
Yoʻl boʻshat, mensimay xor qilgan nodon!
Yana ming yillikning tongotaridan,
Yoʻl boʻshat, zamona! Yoʻl boʻshat, jahon! –
Oʻzbek kelayotir tarix qaʼridan!