Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon Oʻzbekiston bilan doʻstlik aloqalarini mustahkamlash maqsadida Shahriston tumani aholisi bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda «Xovar» axborot agentligi.
Muloqot chogʻida Tojikiston rahbari Oʻzbekiston bilan chegaradosh tuman aholisini oʻzbeklar bilan doʻstona munosabatlarni mustahkamlash va tadbirkorlik faoliyatini kengaytirishga chaqirgan.
– Shahriston tumani qoʻshni va doʻst mamlakat – Oʻzbekiston Respublikasi bilan chegaradosh. Bu aholiga katta imkoniyatlar yaratadi. Mazkur sharoitdan oqilona foydalanish orqali siz oʻzbekistonlik hamkorlarimiz bilan savdo-iqtisodiy va, eng muhimi, oʻzaro ishonchga asoslangan doʻstligimizni yangi bosqichga koʻtara olasiz, – degan Imomali Rahmon chegaradosh hudud aholisi bilan suhbatda.
Shu bilan birga, Tojikiston Prezidenti oʻzbek va tojik xalqlari Shahristonda oʻzaro hamjihatlikda totuv hayot kechirayotganini qayd etgan.
Manba: OʻzA