Inson ilmiy salohiyati va hayotiy tajribalari bilan yuksalib boraveradi. Uni baholab borishning ham ilmiy asoslari mavjud. Xalqaro IQ reestri dunyoning turli mamlakatlaridagi oʻrtacha IQ (Intelligence quotient – intellekt koeffitsiyenti, inson aql darajasining miqdoriy bahosi) maʼlumotlarini eʼlon qildi.
Shu oʻrinda aytish mumkinki, dunyo boʻyicha oʻrtacha IQ 100 ballni tashkil qiladi.
Reyting mualliflari taʼkidlashicha, tadqiqot 2024 yilda saytda bir xil testdan oʻtgan dunyo boʻylab 1,4 mln. kishi maʼlumotlariga asoslangan. Baʼzi mamlakatlar maʼlumotlari yoʻqligi sababli kiritilmagan. Reyting har yili 1 yanvarda yangilanadi.
Soʻnggi natijalarga koʻra birinchi oʻrin 107,43 ball bilan Xitoyga nasib etgan boʻlsa, Oʻzbekiston 96,98 ball bilan roʻyxatdagi 127 davlat ichida 69-oʻrinni egallagan.
Darhaqiqat, taʼkidlash joizki, mamlakatlar boʻyicha oʻrtacha IQ Sharqiy Osiyoda yuqoriroq. Oʻrtachaga yaqini — Yevropa, Gʻarbiy Osiyo, Okeaniya, Shimoliy Amerika va Shimoliy Afrikada, Markaziy va Janubiy Afrika hamda Lotin Amerikasida oʻrtachadan past, boʻlgan.
Qayd etilishicha, test sinovida Oʻzbekistondan 8986 kishi ishtirok etgan. Oʻtgan yili bu koʻrsatkich 94,81 ballga teng edi, bu yil 2,17 ga oshgan.
Kuchli uchlikka Xitoy (107,43), Eron (106,63) va Janubiy Koreya (106,57) kirdi. Gabon 85,56 ball bilan soʻnggi oʻrinni egalladi.
Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida Qozogʻiston 66-oʻrinda (97,27), Qirgʻiziston 84-oʻrinda (95,0), Tojikiston 96-oʻrinda (93,75), Turkmaniston haqida esa maʼlumot yoʻq.
Shu oʻrinda savol tugʻiladi: qanday sabablar aholi IQ darajasi yuqori boʻlishiga olib keladi?
Tadqiqotchilar taʼkidlashicha, mamlakatdagi oʻrtacha IQ miqdoriga quyidagilar taʼsir qiladi: yuqumli kasalliklar – 2010 yilgi tadqiqot shuni koʻrsatdiki, yuqumli kasalliklar darajasi yuqori boʻlgan mamlakatlarda odatda IQ miqdori past boʻlgan aholi yashaydi. Ushbu kasalliklar kognitiv rivojlanishga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin. Afrika yuqumli kasalliklardan eng koʻp zarar koʻrgan qitʼadir.
Ovqatlanish odatlari: 2025 yilgi tadqiqot shuni koʻrsatdiki, yaxshi ovqatlanish odatiga ega boʻlgan bolalar boshqa bolalarga qaraganda yuqori IQ miqdoriga ega.
Intellektual faoliyat: 2022 yilgi tadqiqot shuni koʻrsatdiki, muntazam ravishda shaxmat oʻynash bolalarning IQ darajasini oshirishi mumkin. 1962 yildagi yana bir tadqiqot shuni koʻrsatdiki, ikki tilda soʻzlashadigan bolalar faqat bir tilda gapiradigan bolalarga qaraganda IQ testida yuqori ball olgan.
Genetika: 2013 yilda mingdan ortiq egizaklar ishtirokida oʻtkazilgan tadqiqot shuni koʻrsatdiki, IQ 50-80 foiz genetika bilan belgilanadi.
Xulosa qilinishicha, sogʻlom ovqatlanish odatlarini targʻib qiluvchi va oʻz fuqarolarini intellektual ragʻbatlantiruvchi faoliyat bilan shugʻullanishga undaydigan, sogʻliqni saqlash tizimi yaxshi rivojlangan mamlakatlarda oʻrtacha IQ darajasi yuqori boʻlgan aholi yashaydi.
A.RUSTAMOV, OʻzA